Tahlilchilar: Putin prezidentligining olti oyi olti yillik siyosatdan nishona

  • Amerika Ovozi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin

2012-yil Rossiya uchun voqealarga boy davr bo’ldi. Vladimir Putin mart oyida uchinchi bor prezidentlikka saylandi, sobiq prezident Dmitriy Medvedev bosh vazirlikka qaytdi, ko’chalarda hukumatga qarshi namoyishlar kuzatildi. Ayrim tahlilchilar nazarida Putin prezidentligining ilk olti oyiga qarab, olti yilligi qanday bo’lishini bashorat qilish mumkin.

Vladimir Putinning bu galgi g’alabasi ayrim fuqarolar tomonidan norozilik va namoyishlar bilan kutib olindi.

May oyida o’tgan inauguratsiya kuni Putinning korteji poytaxt Moskvaning politsiya tomonidan bo’shatilgan ko’chalaridan o’tdi.

Namoyish tashkilotchilaridan biri Vladimir Rijkovning aytishicha, Putin avtoritar rahbar bo’lib, uning siyosatiga borgan-sari kam odam qo’shilmoqda.

"Putin prezidentligining dastlabki olti oyiga nazar tashlasangiz, Kremlga qaytganidan beri qarashlari ancha konservativlashdi, G’arbga qarshi kayfiyati kuchaydi va, aksincha, Pravoslav cherkov tarafdoriga aylandi", - deydi Rijkov.

Putinning avtoritar boshqaruviga misol tariqasida ayrimlar “Pussy Riot” ansambli vakillarining cherkovda prezidentga qarshi qo’shiq aytgani uchun jazolanganini keltiradi.

Qo’shiqchi qizlar ikki yilga qamalib, Pravoslav cherkovining davlat rahbari bilan ittifoqi yanada kuchaydi.

Millatchi guruhlar Kreml AQSh programmalarini kesganini hamda Moskva shaharlarida kazaklar patruli paydo bo’lganini olqishladi.

Dumadagi hukmron partiya xorijiy tashkilotlar va davlatlarni Rossiya ichki ishlariga aralashayotganlikda gumon qilib, namoyishlar va internetga kirishni cheklovchi qonunlar qabul qildi. Siyosiy faollar “chet el agentlari”ga, o’tgan yili qonuniy hisoblangan siyosiy aksiyalarni esa xiyonatga tenglashtiruvchi yangi qonunlar paydo bo’ldi.

150 yil avval rus podsholari mamlakatni boshqarishda "Pravoslavlik, avtokratiya va millatchilik” shioridan foydalangan. 2013-yilda bu shior ish beradimi?

Prezident Putinning aytishicha, rossiyaliklar avvalambor qonun va tartib bo’lishini istaydi.

"1990-yillar anarxiyasi bozor iqtisodiyoti va demokratiyaga ishonchni yemirdi. Xalq bu narsalardan hayiqa boshladi. Nazarimda, tartib, intizom, qonunga bo’ysunish – bularning hech biri demokratiyaga xilof tushunchalar emas", - deydi Putin.

Muxolifat yetakchisi Rijkov o’zgacha fikrda.

"Rossiya jamiyatining katta qismi hali ham chala-Sovet, chala-chor tizimi tarafdorlari. Qattiqqo’llik, kuchli hokimiyat, dushmanlar bilan o’ralgan davlat bu juda ham eski usul va tushunchalar", - deydi u.

Prezident Putin xorijdan turib, tuzumga qarshi harakatlar bo’layotganini bot-bot ta’kidlaydi.

"Xoh bevosita bo’lsin, xoh bilvosita, ichki siyosatga chetdan aralashuvga yo’l qo’ymaymiz. Siyosiy faoliyati uchun xorijdan pul olayotgan va bu bilan xorijiy manfaatlarni himoya qilayotgan arboblar Rossiya Federatsiyasida siyosat bilan shug’ullanmasligi kerak", - deydi Putin.

Davlat rahbari rossiyaliklarga inqilob emas, islohotlarni va’da qildi.

"Siyosiy tizimni isloh qilish, zamonaviylashtirish tabiiy va zarur jarayon. Biroq o’zgarishlarni deb davlatni yemirish to’g’ri emas", - deydi u.

Putin korrupsiyaga qarshi kurashishga, namoyishlarga ehtiyoj qoldirmaslikka va’da berdi. Ammo amerikalik tadbirkor Bernard Susher bu va’dalarga ishonmaydi.

"Nari borsa yuqorida rasmiylar bir lavozimdan boshqasiga o’tkaziladi. Ammo bu korrupsiya alomatlari bilan ham sistematik ravishda kurashish uchun yetarli emas", - deydi tadbirkor.

Putin raqiblari va tarafdorlarining bir masala bo’yicha fikri bir: prezidentlikning dastlabki olti oyi olti yillik muddatning yo’nalishini ko’rsatib beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG