Rossiyada man qilingan diniy guruh vakillari ushlangan

  • Amerika Ovozi

Rossiya xavfsizlik xizmati radikal islomiy guruhga a'zolik gumoni bilan 15 odamni ushlagan. Ularning yonidan qurol-aslaha topilgan, deya xabar beradi ITAR-TASS.

Rasmiylar so'zlariga ko'ra, taqiqlangan Takfir val-Hijra guruhi vakillari bugun Moskvadagi xonadonni tintuv qilish paytida hibsga olingan. Kvartiradan portlovchi moslama, granata, qurol va boshqa o'q-aslaha topilgan.

Ular poytaxtda xurujlar rejalagan, deydi tergovchilar. Rossiya matbuotining yoritishicha, ushlanganlar orasida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O'zbekiston fuqarolari bor.

Televideniyeda hibsga olish jarayoni, musodara qilingan mol namoyish qilindi. Xonadonda ekstremist ruhdagi diniy adabiyot ham bo'lgan, deydi rasmiylar.

Sochida fevralda Olimpiya o'yinlari o'tishi oldidan hukumat xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Takfir val-Hijra 1970-yillarda Misrda paydo bo'lgan va avval boshdan o'sha yerdayoq man qilingan. Xususan, guruh Misr rasmiysi, diniy ishlar bo'yicha mas'ul shayx Husayn az-Zaxabiynining o'g'irlanishi va o'limiga aloqador topilib, noqonuniy deya e'lon qilingan.

Tuzilma al-Qoida bilan aloqadorlikda gumon qilinadi. Vatanida yo'q qilinganidan beri boshqa davlatlarda faollashgan.

Guruh zamonaviy musulmon jamiyatini nopok hisoblaydi. Uning a'zolari o'z hukumatlari, yaqinlari va oilalari bilan aloqa qilmaydi; zamonaviy texnologiyadan foydalanish man qilingan.

Rossiya guruhni 2010-yilda ekstremist tashkilotlar ro'yxatiga kiritgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG