Rossiya muxolifati xavfsizlik kuchlarini internet resurslarini cheklayotganlikda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya presidenti Dmitriy Medvedevning LiveJournal dagi blogi

Rossiya presidenti Dmitriy Medvedevning LiveJournal dagi blogi

Nazoratsiz kiber bo'shliqning kengayayotganidan xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi idoralar xavotirda.

Rossiyada o'rtacha 40 million odam internetdan foydalanadi. Global tarmoq rivojlangan sari unga xurujlar ham ko'paygan. Masalan, yaqinda Rossiyada ommabop "Novaya Gazeta" muxolif nashrining internetdagi sahifasi xakerlar xurujiga uchradi. Bundan oldin esa bloggerlarning eng sevimli sahifasi - LiveJournal (Jonli jurnal) uch kun ishlamadi. Xavfsizlikka mas'ul ayrim rasmiylar Skype, Hotmail va Gmail kabi resurslarni Rossiya uchun tahdid deb, yopishni taklif qilmoqda. Ularning taklifi jiddiy qabul qilinadimi, yo'qmi, hozircha noma'lum.

Rossiyada internet tez sur'atlarda rivojlanar ekan, kuniga 10 ming odam foydalanuvchilar safiga qo'shilmoqda. Nazoratsiz kiber bo'shliqning kengayayotganidan esa avvalambor xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi idoralar xavotirda.

Arab dunyosidagi g'alayonlardan so'ng Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati yangi taklif bilan chiqdi. Unga ko'ra, Facebook va shunga o'xshash ijtimoiy sahifalardan foydalanishdan oldin har bir rossiyalik shartnoma imzolab, unga passport ma'lumoti va uy manzili kiritilishi lozim.

Xavfsizlik xizmati ishi haqida kitob yozgan Andrey Soldatovning aytishicha, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, xususan Tunis va Misrdagi voqealar bunga bevosita aloqador. Tahlilchi va siyosatchilar nazarida ijtimoiy sahifalar g'alayonlarda katta rol o'ynagan.

Rossiya saylovlar davriga qadam qo'ymoqda. Parlament saylovlari shu yil dekabriga, prezident poygasi esa kelasi yil martiga belgilangan. O'tgan oy hokimiyatdagi "Birlashgan Rossiya" partiyasi mahalliy saylovlarda g'alaba qildi. Oldingi saylovlarga qaraganda kamroq ovoz to'plagan bo'lsa-da.

Soldatov nazarida so'nggi kunlarda ro'y bergan xakerlik xurujlari xavfsizlik xizmati ishidir. Ular saylovlardan oldin mashq qilmoqda, deydi u.

"Resursni yopishga qaratilgan yangi texnologiya sinovdan o'tkazilayotgandek", - deydi u.

Saylovlarda ovozlar deyarli teng bo'lib, jamiyatda kuchli munozara boshlangudek bo'lsa, bu resurslar katta rol o'ynashi mumkin.

LiveJournal sahifasi bloggerlar faoliyati uchun o'zidan joy beradi. Undagi rossiyalik bloggerlarning soni besh million atrofida. Oyiga 13 million odam bloglarni o'qish uchun LiveJournal dagi turli sahifalarga kiradi.

Parlament sobiq spikeri Vladimir Rijkov faol bloggerlardan biri. Uning aytishicha, nazoratdan xoli kibermuhitda bloggerlarning bu qadar ko'pligi Kremlni bezovta qilmoqda. LiveJournal Rossiyada yettinchi ommabop sayt hisoblanadi.

Kelasi hafta Rijkov Moskva markazida korrupsiyaga qarshi namoyish uyushtirmoqchi. O'tgan oydan beri muxolifat LiveJournal dagi bloglar orqali "Putin va korrupsiya bir" ma'nosida axborot tarqatmoqda.

Shundan so'ng avval bloglarga, so'ng sahifaning o'ziga xakerlar hujum qildi. Rijkov nazarida bu FSBning ishi.

"Xavfsizlik xizmatida yuqori malakali 300 mutaxassisdan iborat maxfiy guruh bo'lib, ular internetni kuzatadi va nazorat qiladi."

Kreml siyosatini targ'ib qiluvchi tahlilchilardan biri Gleb Pavlovskiyning aytishicha, muxolifat asabiylashmoqda.

Uning aytishicha, internetdan asosan siyosatga qiziqmaydigan, saylovlarda ovoz bermaydigan yoshlar o'tiradi degan tushuncha noto'g'ri.

"Jonli jurnal" xakerlar hujumiga uchraganida prezident Dmitriy Medvedevga ham og'ir bo'ldi. Davlat rahbari internetdan ko'p foydalanadi, LiveJournal da o'z blogi bor. Suratlarning birida qo'lida iPad bilan tushgan.

Sayt o'z holiga qaytishi bilan Medvedev o'z blogida shunday deb yozdi: "Jonli jurnalning faol bloggeri sifatida xakerlar ishini qoralayman va qonunga xilof deb hisoblayman. Buni zudlik bilan tergov qilish zarur".

Biroq Vladimir Rijkov davlat rahbarining gapiga unchalik ishonmaydi.

"Prezident Medvedev so'z erkinligi, internet haqida ko'p gapiradiyu, xavfsizlik xizmatini nazorat eta olmaydi. Bu kuchlar Rijkov nazarida sobiq KGB polkovnigi Vladimir Putin qo'lida".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG