Vladimir Putin buyuk Rossiyani tiklashga bel bog'lagan

  • Amerika Ovozi

Rossiya iqtisodiyoti og’ir ahvolda bo’lsa-da, Prezident Vladimir Putinning xalq orasidagi reytingi rekord darajada baland. G’arb joriy etgan sanksiyalar Moskvani Ukraina ishlariga aralashishdan to’xtata olgani yo’q.

Ekspertlar deydiki, prezidentlikda o’tirgan sobiq razvedkachi Rossiya salobatini tiklash qarorida qat’iy.

Prezident Vladimir Putin 23-fevral kuni Moskvada Vatan himoyachilari kuniga bag’ishlangan tantanali marosimda qatnashdi, urush faxriylari ishtirokida Noma’lum askar yodgorli poyiga gulchambar qo’ydi.

Ammo Putinning fikr-qarashlarini belgilaydigan voqea bu - 1991-yilda Sovet Ittifoqining qulashidir, deydi Edvard Lukas, “Yangi sovuq urush” nomli kitob muallifi.

"Putin nazarida, 1990-yillarda Rossiyaning yuzini yerga qaratishdi, G’arb Sovet Ittifoqini dunyoga sharmanda qildi. Bugun qo’ldan boy berilgan narsalarni qaytarish vaqti yetgan. Ham obro’-e’tibor, ham hudud jihatdan”.

G’arb yetakchilari ta’biricha Ukrainadagi voqealar ana shunday dunyoqarash mahsuli, ular Putinni qo’shni davlatga askarlarini yuborganlikda ayblaydi.

Rossiya prezidentiga yaqin qator rasmiylar va tadbirkorlarga qarshi sanksiyalar joriy etilgan. Lekin bu choralar samarasi ko’rinmayapti, deydi Putin haqida kitob yozgan Ben Juda.

“Bugun Rossiyada mustaqil oligarx degan tushuncha qolmadi. Putin shunday diktatura o’rnatganki, atrofidagi odamlar boyligini saqlab qolmoqchi bo’lsa, siyosat bilan shug’ullanmoqchi bo’lsa, butunlayin unga tayanadi”, - deydi suhbatdosh.

Vladimir Putin rus millatini buyuklikka yetaklay oladigan faqat o’zimman deb ishonadi, deydi Ben Juda.

"Buning uchun urushga borish zarur bo’lsa, urushga boradi. Iqtisodiy o’sish orqali erishaman desa, shunga ko’rsatma beradi. Agar millatchilik va G’arb bilan adovat Rossiya nufuzini oshiradigan bo’lsa, shu yo’ldan boradi”.

Sovet davrida KGBda xizmat qilgan Vladimir Putin leytenant-polkovnik darajasigacha ko’tarilgan.

“Qahri qattiq, beshafqat, o’ziga yarasha paranoidlarga xos dunyoqarashi bor. Katta siyosatga kirgach, e’tibor markazida bo’lishga o’rganib qoldi. Soyada yurgan odam xalqaro miqyosdagi siyosatchiga aylandi”, - deydi Edvard Lukas.

Shunga qaramasdan, o’tgan yili bergan intervyusida Putin "do’stlarim ko’p emas" deya tan olgan.

“Bu g’alati eshitilishi mumkin, lekin o’zimni yakka his etmayman. O’zimga do’st deb bilgan odamlar bilan ham uncha aloqam yo’q”, - deydi Putin.

Rossiya rahbaridan o’zi haqida bunday samimiy so’zlarni kam eshitganmiz. Putin xalqqa o’zini haqiqiy erkak, har ishda ustasi farang qilib ko’rsatishga harakat qiladi. Uni sportsmen, chavandoz, ovchi, g’avvoz va uchuvchi qiyofalarida ko’rganmiz.

Yozuvchi Ben Juda nazarida, bu qiyofa ortidagi asl Putin juda yakka, baxtsiz, yoshi oshgan sari jismonan zaiflashishdan qo’rqadigan, o’ziga achinadigan bir shaxs.

Ekspertlarga ko’ra, Kremlning bugungi qarorlarini tushunish uchun avvalo u yerda o’tirgan ko’p qirrali va shaxsiyati murakkab bu insonni, buyuk Rossiyani tiklashga bel bog’lagan Putinni tushunish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG