Tojikiston Rossiyaning harbiy yordamiga muhtojmi?


Rossiya zobitlarni bu chegarani 2005 yilda tark etgan edi

Rossiya zobitlarni bu chegarani 2005 yilda tark etgan edi

Yo’qsil Tojikistonda chegaralar ham bo’sh ekani bois Rossiya askar jo’natadi degan xabarlar bor. Jangarilar va qoradori savdosiga qarshi zarur chora bu, deydi ayrimlar.

Boshqa fikrga ko’ra, Kreml regionda nufuzi, ta’sirini oshirmoqchi. Hozirning o’zida Tojikistonda rus harbiy bazasi bor va taxminan 6 ming zobit xizmat qiladi.

Rossiya Tojikistonda yangi ta’mirdan chiqqan “Ayniy” aerodromidan umidvor. Bu majmua Sovetlar davridan qolib, ancha eskirib, xarobaga aylanib qolgan edi.

Harbiy bazani Hindiston 2004-2010 yillar orasida remont qilib topshirdi. Avvaliga inshootni hindlar yoki amerikaliklar egallaydi deya taxmin qilingan edi, lekin ayni damda undan hech kim foydalanmaydi.

Boshqalar ta'biricha, aerodrom Rossiyaga nasib qilishi aniq, sanani belgilash qolgan xolos. Baza Dushanbe yaqinida, sharqiy chegaradan uncha uzoq emas. Afg’onistonda jangarilarni nishonga olish uchun qulay.

Kreml xavotiri shuki, Qo’shma Shtatlar askarlari 2014 yilda Afg’onistondan butunlay ketgach, hudud qarovsiz qoladi va hozirdan ehtiyot chora ko’rib qo’yish kerak.

Tojikiston qo’shni afg’onlar bilan salkam 1400 kilometrlik umumiy chegaraga ega. Mamlakat qurolli kuchlari zaif va rasmiy Dushanbe yordamga muhtoj ekanini ochiq aytgan. NATO siquvi ostida Tolibon hozirda Afg’onistondan Tojikiston va O’zbekistonga qochayotgani aytiladi.

Afyun savdosi gullab-yashnamoqda. Markaziy Osiyodan chiqqan qoradori Rossiyaga yetib, hozir u yerda 2 million guyohvand bor.

Shunday ekan, Rossiya bir necha minglik chegarachilarini hududga safarbar etsa, ajabmas.

Ba’zi tahlilchilar esa ruslar shundog’am bitta bazaga ega, yetadi shu, deydi.

Sobiq deputat, taniqli yozuvchi Bobojon Ikromov:

“Ba’zilar bu baza qaltis vaziyatga sabab bo’lishi mumkin deydi. Bunda o’ziga yarasha asos bordir, balki. Boshqalar esa buni inkor qiladi. Har lahza Tolibon chegaradan o’tib qolish xavfi saqlanib qolar, chegarada terrorchi, ekstremistik kuchlar bor, narkotik moddalarni tashish yildan-yilga ko’payib borar ekan, rus harbiy bazasining Tojikistonda turgani maqul deyishadi”.

1990-yillarda ikki davlat harbiy hamkorlik haqida bitimlar imzolagan va biriga ko'ra, Rossiya Tojikistonda bepul baza ochish huquqini qo'lga kiritgan

1990-yillarda ikki davlat harbiy hamkorlik haqida bitimlar imzolagan va biriga ko'ra, Rossiya Tojikistonda bepul baza ochish huquqini qo'lga kiritgan

Xalq orasida ham shu gap. Tojikistonlik mehnat muhojirlari bilan mehmonga kelgan rus yigiti “Bizning hukumat o’zi sizlarni bo’ysindirib olishni istaydi, buni binoyiday tushinar ekansiz”, - deydi.

Uzoq yillar mahalliy tipografiyaga rahbarlik qilgan Nurillo Nishonov rus harbiy bazasining bo’lishini ijobiy baholaydi.

“Respublika uchun foydasi borki, ziyoni yo’q”, - deydi u.

Yana bir mahalliy ziyoliy fikricha:

“Hukumatimizda Rossiyaga qaramlarning borligi, jamiyat Rossiyaga bog’lanib qolgani uchun shunday bo’lyapti. Rossiya butun tarixi davomida o’zga yerlarni bo’ysundirib, kuch bilan egallab kelgan”.

Yozuvchi Ikromov MDHning janubiy tashqi chegarasi hisoblangani uchun ham Tojikistonda rus bazasini bo’lgani ma’qul deb hisoblaydi.

Rossiya Tojikistonda harbiy bazadan tashqari “OKNO” kosmik nazorat stansiyasiga, yirik Sangto’da-1 GESiga egalik qiladi. Kosmik stansiya Rossiyaga Hind okeanigacha bo’lgan havo hududini har daqiqa kuzatib turish imkonini beradi.

Rossiya hozirgi baza ijarasi uchun Tojikistonda pul to’lamaydi. Kreml Tojikistonga shundog’am mo’maygina harbiy yordam berganini, “Ayniy” aerodromiga haqli ekanini aytadi.

1990-yillardan beri Rossiya bu davlatning radar va mudofaa tizimini ta’mirdan chiqargan, tekinga harbiy texnika berib, kattagina qarzidan voz kechgan.

Biroq rasmiy Dushanbe Rossiya uzatgan vositalar eski ekanini aytib, endilikda ijara uchun pul talab qilmoqda. Tojikiston tahlilchilar nazarida bu to’g’ri siyosat.

XS
SM
MD
LG