Solih ketib, davlat tinchishi gumon

  • Amerika Ovozi

Sano

Sano

Yamanda qayta avj olgan qonli namoyishlar kamida besh odamni hayotdan olib ketgan. Isyon boshida turgan faollar prezident Ali Abdulla Solih iste’fosi haqidagi bitimdan norozi.

Muxolifat va Solih kecha imzolagan hujjatga ko’ra, prezident davlat tepasidan ketib, evaziga har qanday tergovdan ozod qilinadi.


Boshqaruv vitse-prezident Obid Rabbo Mansur Hadiga o’tmoqda. Bitim talablari – zo’ravonlik tugatilib, prezident saylovlari imkon qadar tez tashkil etilishi lozim.

Uni ishlab chiqqan Fors ko’rfazi kengashi a’zolari, xususan, Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla uchun ham bu yirik g’alaba.

Lekin uzoq kutilgan kelishuvdan qoniqmagan fuqarolar poytaxt Sanoda isyon ko’tarar ekan, guvohlarning aytishicha, armiya o’t ochgan.

Hujjatni imzolash marosimiga mezbonlik qilgan Saudiya Arabistoni Solihning qarorini olqishlab, mamlakat tarixida muhim qadam deya ta’riflamoqda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha ham bu Yaman xalqi uchun muhim o’zgarish. Diplomat tomonlarni zo’ravonlikdan tiyilishga, kelasi uch oyda xolis prezident poygalari o’tkazishga undadi.

33 yillik prezident Solih lavozimdan ketaman deb uch bor va’da bergan, biroq har safar fikridan qaytib kelayotgan edi. Yangi rahbar saylangunicha u ramziy ma’noda prezident bo’lib qolaveradi.

Solih 10 oy davom etgan qonli olishuvlar va talofatlardan afsusda. Uning aytishicha, g’alayon arab dunyosi uzra nazorat o’rnatmoqchi bo’lgan tashqi kuchlarning fitnasi.

Kechagi ko’tarinki kayfiyatga qaramasdan, Prinston Universiteti olimi Gregori Jonsen nazarida yangi bitim qonli olishuvlarga yakun yasashi gumon.

“Menimcha, Solih ilojsiz qolganidan hujjatni imzolashga majbur bo’ldi. Lekin bu Yamandagi voqealarning yechimi emas. Prezidentning katta o’g’li Ahmad Ali, uning jiyanlari askarlari bilan Sanoda yuribdi. Armiya tarqoq. Muxolifat olg’a surgan kelishuvni Yamanda hamma ham qo’llab-quvvatlayotgani yo’q”, - deydi olim.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun so’zlariga ko’ra, prezident Solih yaqinda Nyu-Yorkka borib, davolanishni rejalamoqda. U shu yilning iyun oyida suiqasd xuruji oqibatida qattiq yaralangan edi.

Dastlabki chiqishlarni 22-yanvarda Sano Universiteti talabalari va yuzlab fuqarolar boshlab bergan, ular Tunisdagi qo’zg’olondan ruhlangan edi.

1-mart kuni namoyishda o’n minglab odam qatnashib, ayrim hokimlar Solihning siyosatini tanqid qilgani uchun ishdan olindi. Shundan so’ng prezident kuch qo’llashga o’tgan.

Natijada Yamanda shu paytgacha yuzlab odam o’lib, minglab nafari jarohatlangan. Janubdagi aksariyat shaharlar al-Qoida nazoratiga o’tgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG