Nyu-York: Jinoyatdan ijtimoiy foydali mehnatga

  • Amerika Ovozi

Bruklin ko'prigi, Nyu-York

Bruklin ko'prigi, Nyu-York

O’tgan yilning kuzida Atlantika okeani bo’yidagi shtatlar, jumladan Nyu-York va Nyu-Jersi “Sendi” to’fonidan milliardlab dollar zarar ko’rgan edi. Qudratli dovul minglab uy va imoratlarni vayron qilgan, bir necha kishini hayotdan olib ketgan. Jabrdiydalarga yordam hamon davom etmoqda. Hudud o’zini tiklamoqda. Ko’maklashayotganlar orasida jinoyatchilar ham bor. Sudlangan va jazosini o’tayotgan shaxslar.


Sohil yo’llari qayta ochilmoqda, yovvoyi tabiat yana jonlanishi uchun sharoit yaratilmoqda. Maxsus yordamchilar har yerda ko’zga tashlanadi.

Ular to’fondan jabr ko’rganlarga ovqat qiladi, mahallama-mahalla yurib tarqatadi.

Yordamchilar – Nyu-York shahrida turli jinoyatlar sodir etib, sudlangan va jazoga hukm qilingan o’smirlar.

Bu yoshlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish tashabbusini “YouthWrap” degan tashkilot tanishtirdi. Bezorilikka mukkasidan ketgan o’smirlar bilan ishlashadi.

Vinsent Shiraldi – Nyu-Yorkda shartli jazo idorasi rahbari.

“Nazarimizda bu yoshlar qanchalik ko’p yaxshi ish qilishga majburlansa, yomon yo’lga shuncha kam yuradi. Jamiyatga foyda keltirayotganini o’zi yaqqol ko’rsa, ko’zi ochiladi. To’fon jabrdiydalariga yordamlashish kerak hozir”,- deydi rasmiy.

Tabiiy ofat bu yerlarni xonavayron qilgan edi. Elektr tarmoqlari va aloqa tizimlari ishdan chiqqan edi. Yordamchi yoshlar jabrdiydalar chekayotgan azobni ko’rayapti.

“To’fon albatta ulkan fojia… Lekin men odamlarga yordamim tegayotganidan xursandman”, - deydi yoshlardan biri.

Bruklin tumanining boshqa bir qismida yana bir guruh mehnat qilmoqda. O’smirlarni tez-tez qimirlashga o’rgatish ba’zida qiyin. Uyi vayron bo’lgan odamlarga ko’maklashish lozim, har tomonlama.

Qizig’I, jazoni o’tayotganlarga haq ham to’lanadi. Ko’p emas, butun yoz bo’yi bir yarim ming dollar pul ishlashadi.

“Bu men uchun juda muhim. Odamlarga yordamlashish… Oldin buni hech o’ylamas edim. Aksincha, ularga azob bergim kelardi. Bu dastur, boshdan kechirganlarim meni o’zgartirdi. Foydali ishlar qilish odamga umid, o’zgacha baxt berar ekan”,- deydi yigitlardan biri.

“Hayotga va odamlarga yangicha qaray boshladim, katta o’zgarish…”.

Debbi Santiago, ruhoniy, bu guruhni boshqarmoqda. Uning o’zi bir paytlar narkoman va o’g’ri bo’lgan. Sudlangan, qamoqda o’tirib chiqqan. Hozir tamoman boshqa odam.

“Bu yoshlar oldingizga adashgan insonlar sifatida keladi. Astalik bilan to’g’ri yo’lga boshlaysiz va ular o’zgaradi. Bu narsa qayta-qayta isbotlangan. Yaxshilik qilishni o’rganadi ular, bundan o’zlari rohat ola boshlaydi”,- deydi Santiago.

Ayni damda Nyu-York shahrining o’zida 450 o’smir shunday dastur doirasida shartli jazo o’tamoqda. Hammasining yuzida tabassum.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG