Ob-havoni oldindan bashorat qilish osonlashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda hozir to’fonlar mavsumi. Okeandan keladigan tabiiy ofat har yili bir necha shtatni vayronaga aylantiradi. Okean va Atmosfera ma’muriyati (NOAA) kelasi olti oy davomida kutilayotgan ob-havo prognozini e’lon qildi. Bu bashoratlar nimaga asoslanadi?

Qisqacha NOAA deb ataluvchi agentlik ob-havoni kuniga 24 soat davomida kuzatib boradi.

Tom Boyd AQSh ustida joylashtirilgan sun’iy yo’ldosh uchun mas’ul.

“Uni yangi jadvalga binoan endigina ishga tushirdik. Kelasi 24 soat ichida yaxshilab o’rnashib olgunicha uning imkoniyatlari chegaralangan bo’ladi, xato ma’lumot beradi”.

Tom Boyd sun’iy yo’ldosh va boshqa sistemalar ishlab turishi uchun javobgar o’nlab aerokosmik muhandislardan biri.

Ayrimlari Yer atrofida aylanadi, boshqalari bir joyda turadi. Vazifamiz ob-havoni aniq bashorat qilish, deydi NOAA xodimi Mayk Kondrey.

“Harorat, shamol tezligi, namlik haqida ma’lumot olingach, tahlil uchun Milliy ob-havo xizmatining kompyuterlariga uzatiladi. Maxsus programmalar ana shu ma’lumot asosida 3 kun, 5 kun yoki bir haftalik ob-havoni aytib beradi bizga”.

Bashorat odamlar hayotini saqlab qolishi mumkin. Shuning uchun 2017-yilda yanada kuchliroq apparatlarni samoga uchirish rejada.

“Shunda shamol, harorat va namlikka oid raqamlarni juda katta ko’lamda, hozirgidan 10 marta kattaroq hajmda to’plash imkoni paydo bo’ladi,” - deydi Kondrey.

Prognoz qancha aniq bo’lsa shuncha yaxshi.

Mavsumiy prognozni tuzish uchun esa yanada ko’proq manba kerak. Suni’y yo’ldoshlardan tashqari okeanda kemalar kuzatuv olib boradi.

Yana bir muhim manba – oliygohlar. Dovullar kuchiga oid tadqiqotlar olib boriladi va xulosalar jamoatchilikka uzatiladi.

Tinch okeanida suv odatdagidan iliqroq bo’lsa, Atlantika okeanida bo’ronlar kamroq bo’ladi. Atlantikaning tropik qismidan olingan ma’lumotdan ham xulosa chiqarish mumkin, deydi Koloradi davlat universiteti olimi.

“Suv odatdagidan iliqroq bo’lsa, bo’ronlar uchun yo’qilg’i bo’lib xizmat qiladi. Atmosfera bosimi normadan pastroq bo’lishi atmosfera beqarorligidan darak. Ya’ni to’fonlar shakllanishi uchun barcha elementlar mavjud degani,” - deydi Filip Klotsbax.

Bu albatta aniq fan emas. O’tgan yili Atlantikadagi bo’ronlar bashorati xato chiqqan. Ammo keyingi prognozni tuzishda xatolar ham qo’l keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG