Breaking News

Ayrim davlatlar islomiy koalitsiyaga qo'shilganidan bexabar


Saudiya Arabistoni shu hafta 30 dan ziyod musulmon davlatlar bilan harbiy ittifoq tuzilayotganini e'lon qildi. Ayrim mamlakatlar ro'yxatga ularning roziligisiz kiritilganini aytsa, boshqalar taklifni olqishlamoqda.

Ayrim davlatlar islomiy koalitsiyaga qo'shilganidan bexabar - Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

Yangi alyans Yaqin Sharq mintaqasida terrorizmga qarshi kurashni bosh maqsadi deb biladi, deya ta'kidladi Saudiya Arabistoni mulozimlari, ammo reja tafsilotlari ma'lum emas.

Hatto AQSh va Rossiya ham bu haqda matbuot xabarlaridan bilib olgan.

"Bu tashabbus boshida turgan tomonlardan aniqroq ma'lumot olishga harakat qilayapmiz", - deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Ayrim davlatlar, xususan, Pokiston koalitsiya a'zosi deb e'lon qilinganidan taajjubda. Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Qozi Xalil Ullaning "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, Islomobod bu borada bir qarorga kelgani yo'q.

Pokiston, deydi u, xorijga qurolli kuchlarini safarbar etmaydi, faqatgina BMTning tinchlikparvarlik missiyalarida qatnashishi mumkin.

Eng ko'p musulmon aholiga ega Indoneziya ham Saudiya Aarabistoni qaroridan bexabar. Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, ekstremizm va terrorizmga qarshi markaz barpo etish qarorini Saudiya Arabistoni vaziri telefon muloqotda tilga olgan, ammo harbiy ittifoq tuzilishi hamda Indoneziya unga kirgani haqidagi xabarlar asossiz.

Afg'oniston va Misr musulmon davlatlar koalitsiyasi barpo etilishini qo'llab-quvvatlayotgani aytiladi. "Agar tuzilsa, terrorchilarga ruhiy zarba bo'ladi", - deydi Kobul universitetidan professor Nasrulla Stanikzay.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Tanju Bilgich so'zlariga ko'ra, yangi ittifoq doirasida terrorizmga qarshi kurashda ham harbiy jihatdan, ham razvedka bobida hamkorlik qilinadi.

"Terrordan aziyat chekkan davlatlar birgalashib chora ko'rishi muhim ahamiyatga ega", - deydi u. Iroqning Kurdiston mintaqasida esa bu tashabbusdan biror naf bo'lishiga ishonch past.

"Vaziyat yanada murakkab tus oladi", - deydi Irbil shahridan tahlilchi Jabbor Qodir. Uning fikricha, islomiy alyans tuzilishi ortida mazhabiy manfaatlar, xususan, Eron boshchiligidagi shia guruhlarning ta'sirini kamaytirishdek bir maqsad yotadi. Ittifoqqa faqatgina sunniy davlatlar taklif etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG