Saudiya Arabistonida ayollar rulga o'tirishga haqlimiz deydi

  • Amerika Ovozi

Xotin-qizlar foydasini ko’zlayapmiz, deydi qirollik mulozimlari. Bir shayxning yaqinda aytishicha, mashina haydash ayol organlariga ziyon qilar ekan.

Xotin-qizlar foydasini ko’zlayapmiz, deydi qirollik mulozimlari. Bir shayxning yaqinda aytishicha, mashina haydash ayol organlariga ziyon qilar ekan.

Saudiya Arabistonida ayol kishi avtomobil haydashi mumkin emas. Lekin shu shanba qirollik xotin-qizlari bu taqiqqa qarshi isyon ko’tarmoqchi.

Aziza al-Yusuf rulga o’tirib, haqqini talab qilayotgan ayollardan. U Fors ko’rfazidagi bir davlat va AQShda haydovchilik guvohnomasi olgan. Lekin vatani Saudiya Arabistonida rasmiylar ayollarga hujjat bermaydi.


Xotin-qizlar foydasini ko’zlayapmiz, deydi qirollik mulozimlari. Bir shayxning yaqinda aytishicha, mashina haydash ayol organlariga ziyon qilar ekan. Shu shanba al-Yusuf va boshqa qiz-juvonlar namoyishkorona ko’chaga chiqib, avtomobil haydamoqchi.

“Qonunchilar, rahbarlar e’tiborini jalb qilmoqchimiz. Toki ayollar avtomobil boshqarishga haqli ekanini jamiyat tushunsin. Ommaviy namoyish yoki g’alayon boshlamoqchi emasmiz. Xotin-qizlar rulga o’tirganiga odamlar o’rgansin, buning hech yomon yeri yo’q”, - deydi Aziza al-Yusuf.

Shanba kungi tashabbus haqida internetda duv-duv gap ko’tarilib, xalqaro jamoatchilik diqqatini jalb etdi. Saudiya Arabistoni erkaklari ham bahsga tortildi.

“Ayollar avtomobil haydashiga ruxsat berish kerak. Buning uchun qonunlar qabul qilinishi va ular ijro etilishi lozim”, - deydi Ibrohim al-Rashid.

“Xotin-qizlar rulga tegishiga qarshiman. G’ildirak teshilsa nima qiladi? Kimni chaqiradi? Shundoq ham ko’chalar tirband. Riyodga mashina sig’may ketgan”, - deydi Hammad Hisham.

Mansur al-Shamari bu fikrga qo’shilmaydi.

“Ayollarga shunday imkon berilishi shart. U ona, singiz, rafiqa, suyukli yor. Muallim, shifokor va bank xodimi bo’lib ishlaydi. Hamma sohada erkaklar bilan raqobat qiladi. Davlat idoralarida ishlashayapti. Xo’sh, nega yo’q?” – deya so’raydi u.

Aziza al-Yusuf kabi ayollar taqiq tez orada bekor qilinadi degan umidda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG