Saudiya Arabistonida o'limga hukm qilinganlar soni oshmoqda

  • Amerika Ovozi

Huquq faollarining aytishicha, Saudiya Arabistonida odamlarni qatl etish holatlari ko'paymoqda. Jamoat joylarida amalga oshiriladigan bunday jazo bilan mintaqada xavfsizlik yuzasidan xavotirlar oshgan bir paytda hukumat kuchini ko'rsatmoqchi, deya izohlanmoqda.

Chorshanba kuni Saudiya Arabistoni shu yilning 89-mahbusini qatl etdi. O'tgan yili ham, taxminan, shuncha odam o'ldirilgan. "Human Rights Watch" tashkiloti tadqiqotchisi Adam Kuglning aytishicha, qatl etilganlar sonining o'sganiga rasman izoh berilgani yo'q.

"Saudiya Arabistoni rasmiylari bunga izoh bermaydi. Shariat asosida ular jinoyatchilarni qatl etish huquqiga ega ekanini aytadi. O'tgan 8-9 oy ichida oliy jazoga tortilayotganlar soni nega oshganini bilmaymiz, chunki hukumat bunga aloqador ma'lumotlarni oshkor qilmaydi", - deydi u.

O'tgan yili avgustda "Islomiy davlat" jangarilari Iroq va Suriyadagi shaharlarga hujum boshlagandan beri Saudiya Arabistonida qatl etilayotganlar soni oshdi.

"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti tadqiqotchisi Sevag Kechichianning aytishicha, o'limga hukm etilayotganlar sonining ko'paygani hududda xavfsizlik izdan chiqayotgani bilan bog'liq.

"Saudiyaliklar nega buncha ko'p odamni qatl etayotganining bir sababi shuki, ular "IShID"ni va mintaqadagi boshqalarni ogohlantirib, mamlakatdagi hamma narsa nazorat ostida ekanini va jioyatchilarni shafqatsiz jazolashlarini ko'rsatmoqchi. Kuch-qudratni namoyish qilishning bir yo'li bu", - deydi u.

Shuningek, boshqa sabablar ham bo'lishi mumkin, deydi tahlilchi. Masalan, sud-huquq tizimida samaradorlikning oshgani.

Oliy jazo, ko'pincha, jamoat joylarida, jumladan, shahar maydonlarida amalga oshiriladi. Boshi kesilgan jasadlar, ba'zan, odamlar ko'rishi uchun bir muddat tomoshaga qo'yiladi.

"O'ldirish uslubi va bu qatl ortida turgan sababdan asosiy maqsad odamlarni qo'rqitish. Buni jamoat joyida amalga oshirishlarining asosiy sababi shunda. Odamlar ko'rsin deyishadi", - deydi Kechichian.

22 mamlakatda hanuz o'lim jazosi amal qiladi. Eng ko'p oliy jazo qo'llanadigan davlatlar beshligiga Saudiya Arabistoni, Xitoy, Eron, Iroq va AQSh kiradi.

Tahlilchi Kuglga ko'ra, Saudiya Arabistoni sudlarining xalqaro me'yorlarga javob bermasligi yana bir muammo.

"Ayrim odamlar aybni tan olishga majbur qilingani aytiladi. Boshqalar advokat yollashda qiynalgani ma'lum. Katta muammolardan yana biri ayblanuvchilarning boshida nima bilan ayblanayotgani haqida ma'lumotga ega bo'lmasligi. Sud oldiga keltirilguncha ular nima bo'layotganidan bexabar bo'lishadi", - deydi huquq tashkiloti vakili.

O'limga hukm qilinganlarning yarmi giyohvandlik bilan bog'liq ishlarda ayblangan. Nikohdan tashqari jinsiy aloqa qilish va sehr bilan shug'ullanish kabi jinoyatlar uchun ham oliy jazo belgilangan.

O'tgan yili taniqli shia ulamosi Nimr al-Nimr hokimiyatga bo'ysunmaslik va mazhablararo ziddiyatni qo'zg'ashda ayblanib, o'limga hukm qilindi. Bu ish dunyo bo'ylab norozilik namoyishlariga sabab bo'ldi.

Agar jazo ijro etilsa, Saudiya Arabistonida va mintaqada sunniy-shia ziddiyatlari yanada kuchayishi mumkin.

Quvaytlik tahlilchi Haydar G'adanfarining aytishicha, hukumat so'nggi paytlarda shia aholisining noroziligini pasaytirishga urinmoqda va shuning uchun al-Nimrga belgilangan oliy jazo bekor qilinishi mumkin.

Tahlilchi Kechichian ham siyosiy muhitning beqarorligi shia ulamosi o'limining kechiktirilishiga yoki bekor qilinishiga sabab bo'lishi mumkin, degan fikrda. Ammo, deydi u, al-Nimr ishi siyosiy masala sifatida ko'riladi va ayrim rasmiylar uni o'ldirish lozim, degan qarashdan qaytgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG