Pentagon rahbari Saudiya Arabistonida Eron haqida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Yamanda shia kuchlarga qarshi harbiy operatsiya olib borayotgan Saudiya Arabistoni AQShdan harbiy yordam kutmoqda

Yamanda shia kuchlarga qarshi harbiy operatsiya olib borayotgan Saudiya Arabistoni AQShdan harbiy yordam kutmoqda

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter kecha Saudiya Arabistonida bo'lib, qirollik rasmiylari bilan muloqot qildi. Saudiya Arabistoni Eronni dushman deb biladi va Amerika bu davlat bilan yadroviy kelishuvga erishgani Riyodda kuchli xavotir bilan qarshilangan.

Saudiya davlat televideniyesi Pentagon rahbari bilan muzokarani mintaqaviy vaziyat yuzasidan so'zlashuv deya izohladi. Yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvdan keyin matbuotga hech qanday ma'lumot berilmadi. Qirollik odatda jurnalistlarning savollariga javob bermaydi.

Eshton Karter u bilan safarga chiqqan muxbirlarga shuni aytdiki, Saudiya Arabistoni rahbariyati muzokarada Eron bilan kelishuvni tanqid qilmagan.

"Qirol ham, mudofaa vaziri ham Tehron bilan murosani yoqladi... Masalaning o'ziga xos jihatlari va "Islomiy davlat" haqida gaplashdik", - deydi Karter.

Amerika o'z hamkoriga Eron kelishuv shartlarini buzsa, qanday choralar ko'rilishi, islomiy respublika yadroviy inshootlari qanday nazorat qilinishini tushuntirgan.

Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk deydiki, AQSh va Saudiya Arabistoni uzoq yillik harbiy sheriklar va xavfsizlik bobida yaqindan ishlab o'rgangan. Eron yuzasidan xavotirlar to'g'ri qabul qilinadi va Vashington Riyod fikrini inobatga oladi.

Saudiya ekspertlari va sharhlovchilari Amerika Eron bilan til topishdi deya Tehron va dunyoning olti davlati orasidagi kelishuvni qoralamoqda. Qirollik Eronni Suriya, Iroq, Livan, Bahrayn va Yamanda shia kuchlarni quvvatlab, tinchlikni buzayotganlikda ayblaydi. Eron bu da'voni inkor etadi.

Saudiya Arabistoni boshliq koalitsiya mart oyidan beri Yamanda shia harakat bo'lmish hutiylarni nishonga olmoqda. Hutiylar poytaxt Sanoni egallab, hukumatni ag'dargan edi. Lekin prezident Abd Rabbu Mansur Hadi hamon o'zini davlat rahbari deb biladi va Adandan turib tuzumni boshqarishga urinmoqda. Sano hamon hutiylar nazoratida. Mojaro davom etarkan, yuzlab odamlar halok bo'ldi. Saudiya Arabistoni Hadiga harbiy yordamni oshirmoqda.

Siyosiy tahlilchi Teodor Karasik nazarida qirollik Erondan qanchalik norozi bo'lmasin, yadroviy kelushuvni tinimsiz qoralashdan foyda yo'qligini biladi.

“Saudiya Arabistoni Yamanda olib borayotgan harbiy harakatlarida AQShdan yordam kutmoqda. Ular uchun asosiy maqsad Yamanda hokimiyatni butkul Hadi qo'liga qaytarish",- deydi ekspert.

AQShning Riyoddagi sobiq elchisi Richard Merfi fikricha, qirollikni "sizga sodiqmiz" deya ishontirish strategik ahamiyat kasb etadi. Karter o'z safari davomida qurol yetkazish haqida emas, Eron qanchalik tahdid solayotgani xususida gaplashgan, deydi u.

Saudiya Arabistoni uchun Eron agressor, AQSh ta'biricha esa yadroviy kelushuv Tehron imkoniyatlarini cheklaydi va shartnoma uzoq muddatda mintaqa tinchligiga ko'proq hissa qo'shadi. Riyod, albatta, bunga ishonmaydi, deydi Merfi, biroq ayni damda ular Yaman yuzasidan Vashington ko'magiga ko'z tikib turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG