Saudiya Arabistoni-Eron mojarosining Suriya uchun oqibatlari

  • Amerika Ovozi

Shayx al-Nimrning qatl etilishidan nozori eronlik namoyishchilar. Tehron, 4-yanvar 2016-yil.

Shayx al-Nimrning qatl etilishidan nozori eronlik namoyishchilar. Tehron, 4-yanvar 2016-yil.

Eron va Saudia Arabistoni o’rtasida tobora chuqurlashayotgan ziddiyat Suriyada tinchlikka erishish umidini puchga chiqarishi mumkin.

Ziddiyatga esa Riyod taniqli shia ulamo, shayx Nimr al-Nimr va yana uch shia hamda 43 sunniy jihodchini terrorchilik aybi bilan qatl qilgani sabab bo’ldi.

G’arb diplomatlari rasmiy Riyodni shayx al-Nimrning jihodchilikda ayblanayotgan jiyanini o'ldirmaslikka undamoqda. Ikkovi hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgan.

Obama ma'muriyati ham Saudiya rahbariyatini ommaviy qatl etishlar asorati haqida ogohlantirmoqda.

"Xavotirimizni oldinroq ham yetkazgan edik", - deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.

Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbining aytishicha ham al-Nimrning o'limi mazhablar ixtilofini yanada alanga oldirishi mumkin.

Qatldan keyin Tehrondagi Saudiya Arabistoni elchixonasi oldida namoyishlar bo’lib o’tdi. Riyod va Tehron rishtalari Suriyadagi besh yillik urushni to’xtatishda katta ahamiyatga ega.

Holbuki, bundan keyin zo’ravonliklar avj olishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

“Xavf shundaki, saudiyaliklar ham, eronliklar ham qadamini o’ylamay bosishi va hatto harbiy choralar ko’rishi hech gap emas. Al-Nimr jiyani qatl etilsa, Tehron o’ch oladi va zo’ravonliklarni boshqarib bo’lmay qoladi”, - deydi Vashingtondagi Demokratiyalar himoyasi jamg’armasidan tahlilchi Devid Vaynberg.

Ayrim mutaxassislar fikricha, terrorchilikda ayblanayotgan shaxslarni ommaviy ravishda qatl etish o’tgan yili taxtga o’tirgan qirol Salmon masalaga qattiqqo’llik bilan yondashmoqchi ekanidan darak beradi. Vaynberg Riyod shia ulamoni o’limga hukm qilishning geosiyosiy oqibatlarini hisoblab chiqmagan, deydi.

“Saudiyaliklar shialarga nisbatan yondashuv salbiy oqibatlarga yetaklashini hech o’ylamaydi”, - deydi u.

Ayni vaqtda qirollikning Tehrondagi elchixonasi oldida kechgan namoyishlarni Fors ko’rfazining sunniy davlatlari qoraladi, ularda Eron rahbariyati qo’li borligi haqida shubhalar tug’ildi. Rasmiy Tehron buni inkor etmoqda.

Eronning konservativ shia ulamolari al-Nimrning qatl etilishi qirollikning qulashiga olib keladi, deb ogohlantirdi. Tahlilchilar Eron Saudiya Arabistoni sharqidagi shialarni saudlar sulolasiga qarshi undashidan xavotirda. Qo’shni Bahraynda esa bu mamlakatda yashovchi shialarning isyon ko’tarishidan tashvishlar kuchaydi. O’tgan yil iyulida Bahrayn rahbariyati Eronni mamlakatga yashirincha qurol olib kirishda va qirolni hokimiyatdan ag’darishga urinishda gumon qilib, Tehrondagi elchixonasini yopgan edi.

Riyod va Tehron munosabatlari mintaqadagi vaziyatni belgilab beradi.

Germaniya hukumati so’zlovchisi Shtefen Zaybert dushanba kuni “Suriya va Yamandagi mojarolarni hal qilishda Saudiya Arabistoni va Eron o’rtasidagi aloqalar fundamental ahamiyatga ega”, deb aytdi.

Suriyadagi hamda uning atrofidagi jarayonlar tinchlik o’rnatilishiga to’g’anoq bo’lyapti. Rossiya havo hujumlari va Damashqning tinch aholini bombardimon qilishi hollari isyonchilarni qat’iylashtirdi, diydasini qotirdi.

Riyod 100 dan ortiq suriyalik isyonchi va muxolifat guruhlari o’rtasida vositachilik qilgan va muzokaralar uchun poydevor yaratgan edi. Ammo Tehron bilan ixtilof kuchayar ekan, Suriya tinchlik so’zlashuvlari istiqboli mavhum.

Riyod bilan ziddiyat esa Eronda Prezident Hasan Ruhoniy islohotlariga qarshi chiqayotgan konservativ kuchlarga qo’l keladi. Kelasi oyda bo’lib o’tadigan parlament saylovlari yaqinlashgani sari bunday kuchlar tarafdorlari ko’payishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG