Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Sudan Eron bilan diplomatik aloqani uzdi

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasiga namoyishchilar bostirib, kirib binoga o't qo'ygan.

Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasiga namoyishchilar bostirib, kirib binoga o't qo'ygan.

Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bir kun oldin Tehronda namoyishchilar Saudiya elchixonasiga bostirib kirb, binoga o't qo'ygan va jihozlarni vayron qilgan edi. Qirollikda mashhur shia ulamosi Nimr al-Nimrning o'ldirilishi Eronda keskin noroziliklarga sabab bo'lgan.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr kecha Eron diplomatlariga mamlakatni 48 soat ichida tark etishni buyurdi. G'azablangan eronliklar Mashhaddagi Saudiya vakolatxonasiga ham hujum qilib, politsiya yetib kelgunicha imoratlarga o't qo'ygan.

"Diplomatik idoralarga qilingan bu hamlalar xalqaro bitimlarni qo'pol ravishda buzishdir", - deydi Jubayr. "Eron hukumatidan chiqqan tahdidli bayonotlar odamlarning qirollik vakolatxonalariga hujumlarini rag'batlantirgan", - deydi Saudiya mulozimi.

Saudiya Arabistoni shanba kuni shayx Nimr al-Nimrdan tashqari yana 46 odamni qatl etib, xalqaro hamjamiyatni junbushga keltirdi. Jahon ahli qirol oilasini buning oqibatlari ayanchli bo'lishi haqida ogohlantirmoqda.

Kecha, shuningdek, Tehronda yuzlab fuqaro bosh ko'tarib, "al-Saud oilasiga o'lim", degan hayqiriqlar yangragan. Amerika va Isroilga qarshi da'vatlar ham bo'lgan. Bu ikki yurt qirollikni qo'llaganlikda ayblanib tanqid qilingan.

Saudiya Arabistoni ortidan Bahrayn va Sudan ham Tehron bilan diplomatik aloqalarni uzib, Eronga o'z diplomatlarini olib chiqib ketish uchun 48 soat vaqt berdi. Bu o'lkaning shia aholi orasida ham norozilik namoyishlari boshlanib ketgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Nimrning qatl etilishidan g'oyat afsusda, biroq jamoatchilikni bu xabarni bosiqlik bilan qabul qilishga da'vat etayapti.

Qo'shma Shtatlarning ogohlantirishicha, bu xabar mintaqada diniy mazhablarning ziddiyatini avj oldirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG