Saudiya Arabistonida muhojir ishchilar bilan to'qnashuvlar

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistonida muhojir ishchilar bilan bog’liq vaziyat hanuz tarangligicha qolmoqda. O’tgan bir necha kun ichida davlat huquq-tartibot idoralari noqonuniy migrantlarni topish va ularni deportatsiya qilish maqsadida bir qator reydlar o’tkazdi.

Hafta boshida Riyodda politsiya bilan bo’lib o’tgan to’qnashuvda sudanlik bir kishi halok bo’lgan edi. Shundan beri poytaxtning, asosan, xorijliklar istiqomat qiluvchi Manfua nohiyasi notinch.

Shanba kungi zo’ravonlikda esa ikki odam halok bo’lgan, 68 kishi yaralangan.
Hukumat tomonidan xorijlik ishchilarga e’lon qilingan amnistiya muddatining 4-noyabr kuni tugashi ortidan politsiya reydlarni boshlagan edi. Bu shaharning ko’p ming sonli muhojir ishchilari noroziligiga sabab bo’ldi.

Hukumat talabiga bo’ysunib, o’z ixtiyori bilan mamlakatni tark etayotganlar ham ko’p ekani aytilmoqda. Masalan, 23 ming efiopiyalik ishchi o’zini huquq-tartibot organi vakillari ixtiyoriga topshirgan. 30 ming yamanlik esa o’tgan ikki hafta ichida allaqachon o'z yurtiga jo’nab ketgan.

Arab olamining eng katta iqtisodiyotiga ega bo’lgan Saudiya Arabistoni o’z fuqarolariga ko’proq ish o’rinlari yaratish maqsadida noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan haydashga qaror qilgan. 2011-yili boshlangan “Arab bahori” bir necha o’lkalarda hukumatlarning ag’darilishiga sabab bo’lgach, Saudiya Arabistoni rasmiylari aholi uchun ko’proq ish o’rinlari yaratishga eng muhim vazifa sifatida qaramoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG