Saudiya Arabistonida diniy politsiya vakolati kesildi

  • Amerika Ovozi

AQShning inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” (Xyuman Rayts Uotch) tashkiloti Saudiya Arabistonida diniy politsiya vakolatining qisqartirilganini olqishlamoqda.

Vazirlar mahkamasi o’tgan hafta qabul qilgan qarorga ko’ra, diniy politsiya bundan buyon odamlarni ko’chada to’xtatishi, hibsga olishi yoki ta’qib etishi mumkin emas.

“Mutavaa” deb nomlanuvchi komissiya xodimlari, shuningdek, ismi, lavozimi, ish soatlari hamda bo’limining nomi bitilgan rasmiy hujjatni yonida olib yurishga majbur.

“So’nggi yillarda diniy politsiya zulmi va kamsitishlariga uchragan fuqarolar va aholi uchun yaxshi xabar bu”, - deydi “Human Rights Watch”ning Yaqin Sharq bo’limi direktori Sara Li Vitson.

Yangi qoidaga ko’ra, hibsga olish vakolati bundan keyin faqat oddiy politsiya va giyohvand moddalarga qarshi kurashuvchi boshqarma xodimlarida bo’ladi.

“Hukumat endi yangi qoida ijrosini nazorat etishi zarur”, - deydi Vitson.

“Mutavaa” fuqarolar va aholining islom aqidalariga to’g’ri rioya qilayotganini tekshiruvchi boshqarma. Ayollarning islomiy qoidaga ko’ra kiyinishini, begona erkaklar bilan muloqot qilmasligini, besh mahal namoz paytlarida do’konlarning yopiqligini nazorat etadi.

Besh a’zodan iborat hukumat komissiyasi “Mutavaa” rahbariga lavozimini suiiste’mol qilgan, zo’ravonlik va zulmga qo’l urgan xodimlarini tartibga chaqirish kerakligi haqida tavsiyalar beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG