Haj mavsumidagi xavfsizlik yuzasidan xavotirlar oshmoqda

  • Amerika Ovozi

Madinadagi Payg'ambar masjidi

Madinadagi Payg'ambar masjidi

Saudiya Arabistonidagi muqaddas ziyoratgohda amalga oshirilgan xudkushlik hujumi butun dunyo bo'ylab musulmonlarni larzaga soldi. Ayni paytda haj mavsumi boshlanishi arafasida qirollik ziyoratchilar xavfsizligini ta'minlashga qanchalik qodirligi haqida xavotirlar ham oshgan.

Payg'ambar Muhammad dafn qilingan joyga yaqin yerda yuz bergan portlashda to'rt nafar xavfsizlik xodimi halok bo'ldi, besh kishi yaralandi. Bu 4-iyul kuni Saudiya Arabistonida yuz bergan uch xurujdan biri.

Hujum uchun mas'uliyatni hech kim o'z zimmasiga olgani yo'q. Ammo ko'pchilik unda "Islomiy davlat" terrorchilarini gumon qilmoqda. Guruh rahbari Abu Bakr al-Bag'dodiy 2014-yilgi audio murojaatida shialarga, g'arbliklarga hamda Saudiya Arabistoni hukmdorlariga qarshi kurashga da'vat qilgan edi.

Saudiya Arabistoni sunniy islomning o'ta radikal vahhobiylik oqimi tug'ilgan joy. "Islomiy davlat" mafkurasi ham shu mazhabga ergashishi aytiladi. Ayni paytda bu guruh qirollikni Islomning eng muqaddas maskanlari hisoblanuvchi Makka va Madina shaharlarini boshqarishga noloyiq deb hisoblaydi.

"IShID Saudiya Arabistonida beqarorlik va mavhumlikni yaratish uchun hech narsadan toymaydi, - deydi mamlakat xavfsizligi bo'yicha tahlilchi Fahid Nazir. - U bunga sunniylar va shialar o'rtasiga sovuqchilik solish, qo'rquv va noaniqlik muhitini yaratish orqali erishmoqchi. Ularga ko'ra, Saudiya hukumati noqonuniy bo'lib, Makka va Madinani boshqarishga faqat IShID haqli".

Ayrim kuzatuvchilar firkicha, bu hujumlar hukumatning terrorga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib bora olmayotganidan dalolat.

"Saudiyaliklar Payg'ambar masjidini qo'riqlashga mas'ul. Bu hodisa musulmon dunyosidagi qirollikning do'stlari va dushmanlari orasida diplomatik munozalarga sabab bo'ladi", - deyiladi "Stratfor" konsalting firmasi tahlilida.

Fahid Nazir bu qarashga qo'shilmaydi.

"Saudiya Arabistoni AQSh yoki IShID terroridan aziyat chekayotgan boshqa istalgan davlat yuzlashayotgan muammo bilan olishmoqda", - deydi u.

Qirol Salmon bin Abdulaziz yoshlarni zo'ravonlikka undovchi ekstremist guruhlarga "temir musht" bilan javob qaytarishga va'da berdi.

Shahzoda Muhammad bin Naif Jiddaga tashrif buyuruib, hozir xavfsizlik choralari har qachongidan ham kuchaytirilganini ta'kidladi. Uch xurujdan biri shu shaharda, AQSh konsulligi yaqinida yuz bergan edi.

Mart oyida qirollik rasmiylari haj davomida rioya qilinadigan xavfsizlik choralarini qayta ko'rib chiqdi. Ammo unda asosiy e'tibor o'tgan yili 200 dan ziyod odamning o'limiga sabab bo'lgan tiqilinch kabi fojealarning oldini olishga qaratilgani aytilmoqda.

May oyida e'lon qilingan hukumat qaroriga ko'ra esa, tez orada ziyoratchilardan suv o'tkazmaydigan maxsus elektron brasletlar taqish talab qilinadi. Unga shaxsning kimligini tasdiqlovchi ma'lumotlar va hatto kasalliklar tarixi kiritilgan bo'ladi. Shuningdek, u orqali odamlarni nazorat qilish imkoniyati ham yaratiladi.

Politsiya Makkada xavfsizlikni yanada kuchaytirgan. Shaharda 1600 dan ziyod xavfsizlik xodimi ishlaydigan milliy xavfsizlik markazi ochilgan. Markaz orqali 18 mingdan ziyod xavfsizlik kameralari kuzatiladi.

Xavfsizlikni ta'minlash Saudiya Arabistoni ichida IShIDga qarshi kurashning faqat bir yo'li, deydi tahlilchi Nazir. Unga ko'ra, yana bir muhim masala guruhning ta'limotini obro'sizlantirish va vahshiyliklarini fosh etish. Bu esa uzoq vaqt oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG