Breaking News

Saudiya Arabistonida 1996-yilgi xurujni uyushtirgan shaxs hibsga olingan


20 yil muqaddam Saudiya Arabistonining Dahran shahrida amerikalik harbiylar istiqomat qilgan turar joy binosi portlatilgan edi.
20 yil muqaddam Saudiya Arabistonining Dahran shahrida amerikalik harbiylar istiqomat qilgan turar joy binosi portlatilgan edi.

Saudiyaliklarga qarashli gazetaning xabar qilishicha, 20 yil oldin Saudiya Arabistonida 19 nafar amerikalik harbiyning o'limiga sabab bo'lgan portlash ortida turgan shaxs hibsga olingan.

AQSh xabarni rasman tasdiqlamagan, ammo 1996-yilgi hujumga aloqador shaxslarni topib jazolash ishlari davom etayotganini ma'lum qilgan.

"Ashraq al-Avsat" kundalik nashrining nomi oshkor qilinmagan Saudiya rasmiysiga tayanib xabar berishicha, 48 yoshli Ahmad al-Mug'assil Bayrutda qo'lga olinib, Saudiya Arabistoniga ekstraditsiya qilingan.

Gazetada yozilishicha, Mug'assil 1996-yil 25-iyun kuni Dahran shahridagi 8 qavatli turar joy binosining portlatilishi ortida turgan "Hizbulloh al-Hijoz" shia jangari guruhi yetakchisi bo'lgan. Bu shaxs AQSh Federal qidiruv byurosining qo'lga olinishi eng ko'p xohlangan terrorchilar ro'yxatida turgan va uning hibsga olinishiga yetaklovchi ma'lumot uchun 5 million dollar mukofot puli va'da qilingan.

AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbi Mug'assilning hibsga olinganini rasman tasdiqlamadi.

"Bu haqdagi xabarlarni ko'rdik. Qo'shimcha ma'lumot uchun Saudiya Arabistoni hukumatiga murojaat qilishingizni tavsiya qilaman", - dedi u.

Ayni paytda Kirbi 20 yil oldin yuz bergan xuruj tashkilotchilari va ijrochilarini qo'lga olib jazolash yo'lidagi harakat davom etayotganini bildirdi.

2006-yil AQSh sudi portlash ortida Eron turgani haqida hukm chiqargan edi. Sud Eronni qurbonlar oilalariga 254 million dollar tovon puli to'lashga buyurgan, ammo Tehron ayblovlarni inkor etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG