Saudiya Arabistonida ayollarning huquqlari asta-sekin kengaymoqda

  • Amerika Ovozi

O’tgan hafta Saudiya Arabistonida kechgan saylovda ilk bor ayollar qatnashdi va 21 nafari turli shaharlarda kengash a’zosi etib saylandi. G’arblik tahlilchilar buni tanqid qilsa, saudiyaliklar ayollar huquqlarida jiddiy siljish bu demoqda.

“Ayollar jamiyat hayotiga jalb qilinishi katta ahamiyatga ega”, - deydi qirollik vakili, malika Basma Bin Saud.

“Bu saylovlar 1990-yillar Fors ko’rfazi urushidan keyin boshlangan va hamon davom etayotgan islohotlar mevasidir”, - deydi siyosatshunos Fahad Nozir.

Uning kasbdoshi Tariq al-Mayna ham shunday fikrda.

“Men odatda mamlakatdagi siyosiy jarayonlarni tanqid qilaman. Biroq bu safar saylovlar qirol buyrug’i bilan o’tganiga ishonaman, - deydi u. "Islohotlarni qirol Abdulla boshlab bergan edi. Turli jabhalarda ayollar salohiyati oshmoqda. So'nggi saylovlar bunga misol”.

Marhum qirol Abdulla umrining so’nggi yillarida yigit-qizlarga xorijda o’qish imkonini beradigan dasturni qo’llab-quvvatlagan edi. Qizlar huquq, jurnalistika va muhandislik kabi odatda faqat o’g’il bolalar qabul qilinadigan sohalarda o’qish imkonini oldi. Qirol 30 ayolni mamlakat boshqaruvida salmoqli o'rin tutadigan Sho'ro Kengashi a’zosi etib tayinladi. Ta’lim vazirligida esa xotin-qizlar bo’limi ochildi va unga rahbar etib ayol tayinlandi.

Bu ayollarning ilk bor siyosatda qatnashishi emas. 10 yil avval ikki ayol Jidda tijorat palatasi kengashiga saylangan edi. Biri Lama al-Sulaymon o’tgan hafta Jidda shahar kengashiga saylandi.

O'lkada ovoz berish huquqiga ega 130 ming ayol ro’yxatga olingan. Biroq odatda ular ota, turmush o’rtog’i yoki o’g’il roziligisiz ko'chaga chiqolmaydi, pasport ololmaydi, bankda hisob raqami ocholmaydi, sayohat qilolmaydi, o’qishga kirish yoki turmushga chiqish huquqidan ham mahrum. Shu sababdan ularning atigi 3600 nafari ovoz berishda qatnashdi.

Nomzod 900 ayol esa ko’plab qiyinchiliklarga uchradi. Ular rasmini chop etish, erkak saylovchilar bilan uchrashish va majlis o’tkazishlardan mahrum qilindi.

Saylov komissiyasi vakili Judiya Al-Qahtaniyning ta’kidlashicha, kengashlarga saylangan ayollar faoliyatini bemalol amalga oshira oladi. Ammo ular erkaklar bilan birga majlislarda qatnasha olmaydi.

“Ular alohida xonalarda o’tirib, erkaklar bilan Skype orqali muloqot qila oladi”, - deb tushuntiradi malika Basma.

O’tgan saylov natijalari saudiyalik xotin-qizlar uchun katta yutuq. Biroq oldinda qilinadigan ishlar hali ko’p.

Al-Mayna fikricha, ularga avtomobil haydash huquqini berish kerak.

Yaqinda qonunga kirgan tuzatishga ko’ra, beva va ajrashgan ayollarga erkak ruxsatisiz haydovchi yollab ko’chaga chiqish osonlashadi. Bundan buyon ular farzandlarini erkak ruxsatisiz maktabga yoki doktor ko’rigiga olib bora oladi.

O’zgarishlar asta-sekin qilinadi. “Arab inqilobidan so’ng ko’plar “bizga revolyutsiya emas, evolyutsiya ma’qul” demoqda,” – deydi Nozir.

“Oldimizda turgan masalalar ko’p: oilaviy an’analar, milliy urf-odatlar va hatto ayollarning o’zi o’zgarishlarga qarshi bo’lishi mumkin. Hamma o’zgarishlarga ko’nikishi kerak. Birovga parashyut berib, sakra demaysizku. Avval o’rgatasiz”, - deydi malika Basma.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG