Saudiya Arabistonida valiahdning o'zgarishi nimadan dalolat beradi?

  • Amerika Ovozi

Ichki ishlar vaziri Muhammad bin Nayef (o'ngda) Saudiya Arabistonining yangi valiahdi etib tayinlandi.

Ichki ishlar vaziri Muhammad bin Nayef (o'ngda) Saudiya Arabistonining yangi valiahdi etib tayinlandi.

Yaqin Sharqda Eron va Saudiya Arabistoni asosiy raqiblar sanaladi. Har ikkisi mintaqada o'z ta'sirini kuchaytirish taraddudida. Mintaqaviy va global ittifoqchilik aloqalari o'zgarar ekan, Saudiya Arabistoni o'z yetakchilarini yangilash yo'lidan bormoqda. Yaqinda mamlakatning valiahdi etib ancha yosh shahzoda tayinlandi. Qirol 80 yoshga yaqinlashar ekan, Saudiya Arabistoninig muhim mintaqaviy kuchga aylanishida yosh va shijoatli rahbarlarning o'rni katta.

Riyod Fors ko'rfazi davlatlari ishtirokidagi anjumanga mezbonlik qilmoqda. Yig'indan murod shu oy AQShda bo'lib o'tadigan arab davlatlari sammitiga tayyorgarlik ko'rish. Barchaning e'tibori Saudiyaning qirollik oilasiga qaratilgan. Chunki keksa qirol o'ziga yosh valiahd tanlab, 75 yoshli tashqi ishlar vazirini yosh shahzodaga almashtirdi.

Mintaqani o'rganuvchi Teodor Karasikning aytishicha, saudiylarning tashqi va ishchi siyosatida yangi davr boshlanmoqda.

"Yangi rahbariyat taxtga o'tirib, siyosat yuritishni boshlasa, bu siyosat qat'iy, kuchli va harakatlarga boy bo'ladi. Saudiylar, odatda, xavfsizlik va tashqi siyosatlarini ovoz chiqarmasdan, uchinchi kanallar orqali amalga oshirib kelgan. Yosh yetakchilar bu borada ancha dadil bo'lishini taxmin qilamiz", - deydi u.

55 yoshli Ichki ishlar vaziri Muhammad bin Nayef qirollikning yangi valiahdi deb e'lon qilindi. U "Al-Qoida"ga qarshi keskin qarashlari bilan tanilgan. Valiahdning o'rinbosari etib esa amaldagi qirolning o'g'li, hali 40 ga ham kirmagan Mudofaa vaziri Muhammad bin Salman tayinlandi.

AQShda elchi bo'lgan Odil al-Jubayr esa tashqi ishlar vaziri lavozimiga loyiq ko'rildi. Ayni hodisa ham AQSh tashqi siyosatida yuz berayotgan o'zgarishlardan dalolat qiladi.

Yosh mudofaa vazirining ikkinchi voris etib tanlanishi uning Yamandagi harbiy amaliyotlarda ko'rsatgan jonbozligi uchun mukofot bo'ldi, deydi tahlilchi Karasik.

"Saudiya yetakchiligidagi koalitsiyaning Yamanda amalga oshirgan amaliyoti shu paytgacha misli ko'rilmagan bir ish bo'ldi. Saudiya Arabistoni boshqa bir davlatga qilinadigan hujumga yetakchilik qiladi, deb hech kim o'ylamagan edi", - deydi u.

Siyosatdagi o'zgarishlarga Eron bilan munosabatlarning taranglashayotgani ham sabab bo'lmoqda, deydi Karasik. G'arb bilan yadro dasturi yuzasidan kelishuvga erishish arafasida turgan Tehron mintaqada harbiy va iqtisodiy ta'sirini ham oshirishga urinmoqda. Saudiya Arabistoni va Eronning bir-biri bilan ochiq jangga kirishishi ehtimoli yo'q, ammo ular allaqachon Suriya va Yaman janggohlarida bir-biriga ro'baro' kelgan.

Eron qo'shnisi bilan munosabatlarda ziddiyat borligini rasman inkor qiladi. O'tgan hafta Nyu-Yorkda o'tgan anjumanda Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Saudiya Arabistoni bilan aloqalar iliq ekanini ta'kidladi.

"Mintaqadagi xavf va manfaatlarimiz faqat bizga bog'liq masala emas. Biz buni shunday tushunamiz. Saudiylar ham shunday tushunchaga ega deb umid qilaman. Chunki qars ikki qo'ldan chiqadi", - deydi Eron rasmiysi.

Misrning sobiq tashqi ishlar vaziri o'rinbosari va elchi Abdulloh al-Ashalning aytishicha, Saudiya Arabistonining agressiv siyosati kutilmagan xavflarni yaratishi mumkin. Eron bilan aloqalarning taranglashishi Saudiya Arabistonidagi ozchilik shia musulmonlari orasida norozilikni kuchaytiradi, deydi u.

"Saudiya Arabistonining Eronga e'tirozlari qanchalik kuchaysa, aholi orasidagi shialarga nisbatan xavf ham shunchalik oshadi. Chunki ular ko'p kamsitiladi", - deydi diplomat.

Agar qirollik oilasining boshqa a'zolari yangi rahbarlarni tan olmasa, vorislar yana o'zgarishi ehtimoli ham yo'q emas. Harbiylar Iroq va Yamandagi mojarolardan toliqsa, ortga chekinishi mumkin. Bu esa yetakchilarga nisbatan norozilikni kuchaytiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG