Saudiya elchisi: Yamanda havo hujumini boshlashga majbur bo'ldik

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi Odil al-Jubayr

Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi Odil al-Jubayr

Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi Odil al-Jubayr Yamanda hutiylarga qarshi havo hujumlari Eronga qarshi harakat emas, balki majburiy chora, demoqda. Arab Ligasi qo'shma armiya tuzishga qaror qilganiga qaramay, elchi Yamanga qo'shin kiritmaymiz, deydi.

Odil al-Jubayrning aytishicha, havo hujumlaridan asosiy maqsad Yaman xalqi va hukumatini hutiylardan himoya qilish. Saudiya diplomati shia guruhini Eron va Hizbullohga aloqador radikal tashkilot deb ataydi. Unga ko'ra, harbiy kampaniya Yaman qonuniy Prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadi iltimosiga binoan boshlangan.

"Qo'shni davlatda tinchlik va barqarorlikni tiklamoqchimiz", - deydi Jubayr.

AQSh Prezidenti Barak Obama juma kuni Saudiya qiroli Solmon bilan gaplashib, Riyod va hamkor davlatlarning bu tashabbusini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Amaliyotlarga 10 dan ziyod mamlakat jalb etilgan. Hutiylar taslim bo'lmaguncha, ularni bombardimon qilishda davom etamiz, deydi Jubayr.

"Bundan boshqa boshqa chora qolmadi. Urushning oldini olishga harakat qildik, hutiylar bilan 67 ta bitim tuzildi, ammo ular kelishuvlarni bajarmadi, hokimiyatini mamlakat bo'ylab yoyishda davom etishdi. Hutiylar Adanga ham yurish qildi. Prezident Hadi o'sha yerda edi. U bizdan madad so'ragach, chora ko'rishga majbur bo'ldik", - deydi Saudiya elchisi.

Unga ko'ra, Yamanga xorijiy qo'shinlar kiritilmaydi. Jubayr Eronni hutiylarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblaydi.

"Ularni bir mafkura bog'lab turibdi. Eron hutiylarga qurol uzatgan, maslahatchilar, pul bilan ta'minlagan", - deydi Jubayr.

Tehron hutiylarni qurollantirgani haqidagi da'volarni inkor etmoqda.

AQSh Senatining Razvedka bo'yicha qo'mitasi raisi Richard Bur ham Eron bu ishga aralashganini aytib, unga Yamanda o'z ta'sirini yoyishga yo'l qo'ymaslik kerak, deydi.

"Hutiylar jang qilayapti desak-da, aslida bu Eronning ishi. Pul, maslahatchilar, qurol Erondan kelgan. Fors ko'rfazi davlatlari bunga ko'z yumib, jim turmaydi", - deydi senator.

Burning aytishicha, AQSh yo'qligidan foydalanib, Yaqin Sharqda terrorizm kuchaydi, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoga ham tarqalmoqda.

O'tgan hafta Misrning Sharm-al-Shayx shahrida Arab Ligasi majlis qildi. Bosh kotib Nabil al-Arabiyning aytishicha, Yamanda hutiylar davlat to'ntarishi uyushtirdi.

"Bunga chek qo'yib, qonuniy hukumatni tiklash zarur", - dedi u.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Saudiya Arabistoni va Eron mintaqada liderlik uchun raqobatlashmoqda. Har ikkisi neftga boy mamlakat. Saudiya Arabistoni sunniy, Tehron esa shia davlat.

Qirollikning AQShdagi elchisi Odil Jubayr Eron bilan yadroviy bitim tuzishga qaratilgan xalqaro muzokaralarni qo'llab-quvvatlaymiz, deydi.

"Hujjat pishiq bo'lsa, Tehron yadro quroli yarata olmaydi", - deydi u.

Saudiya Arabistoni Eron atom qurolini qo'lga kiritishidan xavotirda. Agar Tehron buning oldini olishga qaratilgan bitimga rioya qilmasa, qirollik ham o'z yadro quroli ustida ish boshlashi mumkinligi haqida xabarlar bor. Elchi Jubayr bu haqda ochiq aytmadi, ammo unga ko'ra, har bir mamlakat o'z manfaatlari va xalqini himoya qilishga haqli.

"Tahdid darajasini o'rganib, shunga yarasha ish tutamiz", - deydi diplomat.

Eron yadro dasturi Isroilni ham tashvishga solmoqda. Shu sabab Yamandagi mojaroda yahudiylar arablar tomonida.

Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlik masalalari bo'yicha institut tahlilchisi Yoel Guzanskiyning aytishicha, arab mamlakatlari hutiylarga qarshi harbiy kampaniyaga AQSh yoki Yevropa davlatlari bosh bo'lishini istar edi, biroq bunday bo'lmagach, ular tashabbusni o'z qo'liga oldi.

"Yaman juda muhim mamlakat, chunki u yerda ham arablar eronliklar bilan, sunniylar shialar bilan olishmoqda. Yaman Yaqin Sharq shaxmat taxtasidagi yana bir piyodadir", - deydi yahudiy tahlilchi.

Arab mamlakatlari Tehron Suriya, Iroq, Livan, Yamanda shia guruhlarini qo'llab-quvvatlab, ularning kuchayishiga sabab bo'lmoqda degan fikrda.

Bu mamlakatlar chegaralari o'zgarmaydi, biroq ichki siyosiy tizimlar jiddiy o'zgarishlarni boshdan kechirmoqda, deydi Guzanskiy.

"Ko'plab mamlakatlarda boshqaruv tizimi barbod bo'layotganiga guvohmiz. Jarayonning eng yomoni Yamanda kechyapti", - deydi siyosatshunos.

Guzanskiy arab mamlakatlari koalitsiyasi hutiylarni harbiy yo'l bilan mag'lub etishiga ishonmaydi.

"Eron yoki uning ittifoqchilari javob zarba berishi mumkin, shu sabab Yamanda hokimiyat uchun kurashayotgan tomonlarni muzokaraga chorlab, mamlakatni birga boshqarishga kelishib olish eng yaxshi yo'l", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG