Uch millon chaqaloq hayotining birinchi oyida nobud bo’ladi

  • Amerika Ovozi

“Bolalarni asrang” nomli xalqaro gumanitar tashkilot o’zining an’anaviy yillik hisobotida onalar hayotiga diqqat qaratib, o’lim hollarini kamaytirish yo’lida jiddiy siljishlar bor deya xabar bermoqda.

Lekin har yili dunyo bo’ylab 3 million chaqaloq hayotining birinchi oyidayoq nobud bo’ladi. Ayrimlari bir kun ham yashamaydi. Vaholanki, aksariyat hollarda o’limning oldini olish oson va arzon.

“Bolalarni asrang” tashkiloti prezidenti Karolin Mayls deydiki, kambag’al mamlakatlarda bola hayotini saqlab qolishning deyarli iloji yo’q, degan noto’g’ri tasavvur mavjud. Natijada chaqaloqlar bevaqt nobud bo’lmoqda:

“Bu yilgi hisobotda e’tibor faqat yangi tug’ilgan chaqaloqlarga qaratildi. Ba’zida bola tug’ilgan kun eng mudhish kun ekani aniqlandi. Dunyoda bir milliondan ziyod chaqaloq tug’ilishidan 24 soat o’tmay hayotdan ko’z yumadi”.

Buning sabablari aniq, deydi Mayls:

“O’limga oldini olish mumkin bo’lgan omillar sabab bo’ladi. Masalan, infeksiya. Muddatdan erta tug’ilish asoratlari. Tug’ilganda nafas ololmay ham nobud bo’ladigan chaqaloqlar ko’p”.

Tashkilot odatdagidek dunyo mamlakatlari reytingini tuzib chiqdi. Afrika mamlakatlaridagi vaziyat eng yomon. Bu mintaqada yangi tug’ilgan chaqaloqlarning 40 foizi hayotining birinchi kunidayoq nobud bo’ladi. Kongo demokratik respublikasida vaziyat eng ayanchli. Reytingning eng pastgi pog’onalarida Afrika mamlakatlari. Yigirmalikka Pokiston va Afg’oniston ham kirgan.

Markaziy Osiyoni oladigan bo’lsak, eng tashvishlanarli vaziyat Tojikistonda. Bu yerda har 1000 yangi tug’ilgan chaqaloqning 9 nafari hayotining birinchi kunidayoq nobud bo’ladi.Turkmanistonda bu ko’rsatkich 8, Qirg’izisonda 7, O’zbekiston va Qozog’istonda 5 ga teng. Boshqa sobiq sovet respublikalariga nazar tashlasak, Gruziyada 4, Rossiya, Ukraina va Moldovada 2 chaqaloq 24 soatdan kamroq vaqt yashab, vafot etadi.

Ba’zida narxi 13 sentdan 6 dollargacha bo’lgan tibbiy preparatlar yangi tug’ilgan odam hayotini saqlab qolishi mumkin, deydi “Bolalarni asrang” tashkiloti rasmiysi.

Birinchi navbatda muddatdan ertaroq tug’ilgan chaqaloqning nafas ololmay nobud bo’lishining oldini olish uchun steroid preparatlardan foydalanish zarur. Chaqaloqning sun’iy nafas olishi uchun kerak jihozlar ham juda sodda va arzon, deydi Karolin Mayls. Sepsis va o’pka shamollashining oldini olish uchun esa chaqaloqqa antibiotiklar berish lozim.

Va nihoyat kesilgan kindikni dezinfeksiya qilib turish kerak:

“Chaqaloq tug’ilganida kindik kesilib, xloreksidin nomli tibbiy preparat bilan artib turilishi kerak. Bu juda sodda antibiotik. Vaholanki, Nigeriya kabi ayrim mamlakatlarda chaqaloq kindigi kesilganidan keyin unga sigir tezagini surish amaliyoti uchraydi. Buning chaqaloq salomatligi uchun naqadar xavfli ekanini aytmasa ham bo’ladi”.

Rivojlangan mamlakatlarga kelsak, ona va bola hayoti uchun eng xavfsiz joy Finlyandiya ekani aniqlangan. Shvetsiya, Norvegiya, Islandiya va g’arbiy Yevropaning boshqa mamlakatlari reytingning birinchi o’ntaligidan o’rin olgan. AQSh esa…

“Amerika bu yilgi reytingda 30-pog’onani egalladi. Buni yaxshi natija deyish qiyin. Aksariyat amerikalik onalar bunga ishonmasa ham kerak. Ammo gap shundaki, AQShda boy va kambag’allar orasidagi tavofut chuqur.

Kambag’al ona va bolalar tug’iladigan sharoitlar og’ir,” – deydi “Bolalarni asrang” tashkiloti prezidenti Karolin Mayls.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG