Borliqda bir o’zimizmi yoki boshqa mavjudotlar ham bormi?

  • Amerika Ovozi

Biz borliqda bir o’zimizmi yoki boshqa mavjudotlar ham bormi? Insoniyat azaldan bu savolga javob izlaydi. Bugun yangi fazoviy texnologiyalar o’zga sayyoralarda hayot alomatlarini izlash imkonini bermoqda.

AQShning NASA Fazoviy tadqiqotlar agentligi 2009-yilda Kepler teleskopini samoga uchirganida muhim bir kashfiyot qilindi, deydi Kosmik teleskop fanlar instituti direktori Mett Mauntan.

“Galaktikamizda kamida 100 milliard sayyora bor. Besh yil avval buni bilmasdik”, - deydi u.

Biroq Kepler va boshqa ilg’or teleskoplar bilan ham bu sayyoralarni ko’rishning iloji yo’q. Yulduzlar nuri bunga xalaqit beradi.

Shunga qaramay, planetalar yulduzlar oldidan uchib o’tganda kuchayadigan yorug’lik darajasini o’lchash imkoni bor. Bunday analiz orqali planetada nima borligini bilamiz, deydi astrofizik va sobiq fazogir Jon Gransfeld.

“Masalan, Yerni oladigan bo’lsak, moviy osmonni ko’ramiz, shuningdek, kislorod va karbonat angidrid, vulqonlardan chiqayotgan oltingugurt gazi hamda o’simliklar borligini bilsa bo’ladi. Aynan yorug’likni tarkibiy ranglarga ajratish orqali”.

Shu paytgacha kashf etilgan sayyoralar Yerga o’xshamaydi. Ular juda katta yo kichik, oftobga yaqin yoki uzoq. Demak, ularda hayot yo’q. Ammo astrofizik Sara Sigerga ko’ra, hajmi Yerdek keladigan sayyoralar anchagina.

“Biologik alomatlarni qidiramiz. Organizm bor joyda atmosferada gazlar ham bo’ladi”, -deydi u.

Borliqni chuqurroq o’rganish uchun Yevropa Fazo agentligi va boshqa mamlakatlar olimlari bilan hamkorlikda NASA muhandislari yanada kuchliroq teleskoplar yaratish ustida ish olib bormoqda.

2018-yilda Jeyms Veb teleskopi ishga tushadi. O’ta sezgir infraqizil videokameralar bilan jihozlangan bu uskuna olisdagi yulduz va sayyoralarning spektroskopik analizini mukammallashtiradi.

Yupiterning yo’ldoshi Yevropada ham hayot alomatlarini izlash rejalangan. U yerda muz ostida okean bo’lishi mumkin.

“O’z quyosh tizimimizda qayerda izlanishlar olib borishni, nimani o’lchash va qidirishni yaxshi bilamiz. Bizdan uzoqroqdagi jismlarni o’rganish uchun ham texnik salohiyatimiz yetarli. Juda ko’p kashfiyotlar qilish arafasidamiz”, - deydi NASA olimasi Ellen Stofan.

Yaqin yillarda Yerga o’xshash sayyora topilishining ehtimoli juda baland. Koinotda hayot paydo bo’lishi naqadar qiyin yoki oson degan savolga javob topgan bo’lamiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG