NASA apparati Pluton suratlarini Yerga uzatdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Fazo agentligi Pluton sayyorasining kosmik apparatdan olingan tasvirlarini taqdim etdi. Bundan 10 yil muqaddam samoga uchirilgan “New Horizons” apparati Quyosh tizimi doirasida 4,5 milliard kilometrdan ortiq yo’l bosib o’tib, tizimdagi eng olis sayyoraga yaqinlashdi.

Yerga uzatilgan yuqori sifatli suratlar katta ahamiyatga ega, chunki ular nafaqat Pluton sayyorasi, balki butun Quyosh tizimi haqida yangi ma’lumot beradi va hatto Yerda hayot qanday boshlanganini tushunishda yoram beradi. ​

Pluton suratlari “New Horizons” soatiga 50 ming kilometr tezlikda uchayotganida olingan. NASA olimlariga ko’ra, tasvirlar Quyosh tizimining chegarasi haqida ilgari insoniyatning xabari bo’lmagan ma’lumotlarni beradi.

“Plutonning ayrim qismlari juda yosh ekani bizga ayon bo’ldi. Odatda eski yuzada uchraydigan kraterlar u yerda yo’q. Demak, Pluton ichidan faol. U yerdagi landshaftni biz hali tushunib yetmagan jarayonlar shakllaydi,” - deydi "New Horizons" loyihasi rahbarlaridan biri Jon Spenser.

Apparat Yerga yuborgan tasvirlardan ilgari olimlar aniq ko’ra olmagan qismlar ayon bo’ldi. Bu hudud sayyoraning yuragi deb ataladi.

NASA olimlarining aytishicha, Plutonning tog’lar va suvlar topografiyasi kutilganidan farq qiladi.

Keti Olkins "New Horizons" missiyasi olimlaridan biri.

“Bu tog’lar tekis joyda qad ko’targan. Bu hayratlanarli, chunki biz ilgari u yerda kraterlar, ya’ni chuqurliklar ko’p deb o’ylagan edik. Tog’larning balandligi 3400 metrga teng ekanini inobatga olsak, bu, albatta, hayratlanarli hol,” - deydi u.

Olimlarning aytishicha, tasvirlar juda ko’p va ularni Yerga uzatishga bir yildan ko’p vaqt ketadi. Biroq bir necha soat ichida ko’rilgan suratlar Pluton haqidagi tasavvurlarni ostin-ustun qilib yubordi, deydi olimlar.

“New Horizons” apparatini samoga uchirgan jamoa uning Pluton yo’ldoshlari bilan to’qnashmaganidan va hech qanday shikast yemaganidan xursand. Sayyoraning “oy”laridan biri Xaronning tasvirlari ham ajabtovur.

“Xaronga qarab u yerda ham kraterlar juda kamligini payqadik. Demak, u ham faol. Yaqin-yaqingacha u yerda vulqonlar kuzatilgan. Texasdek keladigan joyda Katta kanyondan sal uzunroq daralar bor. Ular tektonik siljishlar natijasi,” - deydi "New Horizons" missiyasi olimi Alan Stern.

AQSh Plutonga yetib borgan birinchi mamlakat. Shu kungacha NASA Quyosh tizimidagi har bir sayyoraga missiya yuborib, o’rganib chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG