AQShda yangi raketa sinovi muvaffaqiyatli o'tdi

  • Amerika Ovozi

AQShning NASA Fazo tadqiqotlari agentligi yangi raketani sinovdan o’tkazdi. Insonni eng olis manzillarga eltishni ko’zlaydigan bu raketa Yerni aylanib chiqdi. NASA mutasaddilari bu missiyani astronavtlarni Marsga uchirishga qarata qo’yilgan muhim qadam deya ta’riflamoqda.

Klapandagi kichik muammo hamda kuchli shamol sababli bir kun kechga qoldirilgan parvoz ertasiga amalga oshirildi. “Delta IV Xevi” raketasi Floridadagi Kennedi markazidan samoga ko’tarildi. Ichida astronavtlar yo’q.

Parvoz 4 soatu 24 daqiqa davom etdi. Raketa Yer atrofida ikki marta aylanib, Tinch okeaniga shong’idi.

NASA Fazoviy tadqiqotlar agentligining Orion dasturi menejeri Mark Geyerning boshi osmonda. Sinov muvvaffaqiyatli yakunlandi.

“Bu juda qiyin missiya edi, puxta tayyorgarlik ko’rdik. Oldimizga qo’ygan maqsadlarimiz ham murakkab. Lekin Delta raketasi nuqsonzis uchdi. Hamkasblarimni a’lo ish bilan qutlasam bo’ladi”.

Geyer deydiki, 1972-yilda uchirilgan “Apollon”dan buyon bu insonni olis samoga xavfsiz elta oladigan birinchi sistema.

O’zining uzaytirilgan orbitasi tufayli Orion kapsulasi yuqori zaryadli zarralarga to’la Van-Allen xalqasidan bemalol uchib o’ta oldi. Raketaning kosmik radiatsiyaga chidab berishi muhim edi.

Missiya yakunlangach, kapsula tovush tezligidan qariyb 30 baravar tezroq uchib Yerga qaytdi. Bu jarayonda 2200 gradusli issiqlikka bardosh berishini ham muhandislar yaqindan kuzatdi.

Orion “Lokxid Martin” kompaniyasi tomonidan qurilgan. Loyiha rahbari Maykl Xos deydiki, parvoz natijasida olingan ma’lumotlar asosida yangi dizayn ustida ish allaqachon boshlab yuborilgan.

“Tadqiqotlar jadal sur’atda davom etyapti. Bugungi parvozdan o’rganadigan narsa ko’p. Ular asosida mukammal sistema yaratish – maqsadimiz,” - deydi Xos.

NASAga ko’ra, kelajakda Orion kapsulasi yanada qudratliroq “Space Launch System” raketasida fazoga uchiriladi. 2018-yilda kosmik kema Oyni aylanishi, 2021-yilda esa astronavtlar bilan samoga ko’tarilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG