Shanxay-6 internet va axborot oqimini yanada cheklash harakatida


Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2011-yilda Qozog'istonda o'tgan sammitidan

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2011-yilda Qozog'istonda o'tgan sammitidan

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilma kengashi Toshkentda o’tkazgan majlisida ekstremizm va separatizm xavfi haqida gap ketgan. Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyoning to'rt mamlakati a'zo tashkilot terrorizmga qarshi kurashda xavfsizlik organlarini kuchaytirish, internetni yanada cheklash va axborot oqimini yanada to’sishga kelishib olingan.

Erkinlik tarafdorlari Shanxay-6 doirasida ko’rilayotgan choralarni qoralab keladi.

Toshkentdagi yig’ilishda mintaqa hamon terrorchilar nishonida va xurujlarning oldini olish uchun keskin tadbirlar ko’rish kerak degan bayonotlar yangragan. Chegara xizmatlari vakillaridan iborat yangi ekspert komissiya tuzishga qaror qilingan.

Internetda ko'plab axborot saytlariga allaqachon to'siqlar qo'yilgan

Internetda ko'plab axborot saytlariga allaqachon to'siqlar qo'yilgan

Internetdan terrorizm, ekstremizm va separatizm maqsadida foydalanishning oldini olish, uning yo’liga to’siqlar qo’yish kabi choralar rejalashtirilgan.

Global tarmoq ustidan nazarotni kuchaytirish kerak deb bong urib kelayotgan davlat bu Xitoy. Uning yetakchiligida bir necha mamlakat axborot oqimini jilovlashga qaratilgan takliflar bilan avval ham chiqqan edi.

“Bu yerda ochiqdan ochiq to’siq qo’yish masalasi muhokama qilinayapti. Shundoq ham ko’plab saytlar O’zbekistonda to’sib qo’yilgan. Aylanma yo’llar orqali ochuvchi serverlar ham og’ir bir vaziyatda. Agar bular hamkorlikda bu masalada ishlaydigan bo’lsa, shaffof axborot ta’minoti uchun jiddiy to’siqlar vujudga kelishi mumkin”, - deydi internet texnologiyalari bilan yaqindan tanish jurnalist Qudrat Bobojon.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning hammasida internet ustidan nazorat kuchli, jumladan O’zbekiston xalqaro maydonda “internet dushmani” degan nom olgan.

Shanxay-6 nazarida axborot oqimini cheklash - terrorga qarshi kurashning bir yo'li

Shanxay-6 nazarida axborot oqimini cheklash - terrorga qarshi kurashning bir yo'li

Qudrat Bobojon fikricha internet odamlarni bir-biri bilan, eng muhimi xalqni tashqi dunyo bilan bog’lar ekan, avtoritar davlatlar unga xavf sifatida qaraydi. Shu bois ham internet ustidan nazoratni maksimal darajada kuchaytirish maqsad qilingan.

“Xitoy va Rossiyaning to’sqinlikka xizmat qiladigan texnologiyalari bor. Ular bu sohada rostdan ham katta o’zgarishlar qilishi mumkin... Taraqqiyotga qarshi o’zgarishlar… Bu davlatlarni rostdan ham yopiq jamiyatlarga aylantiradi”,- deydi jurnalist.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Turkmanistondan tashqari mintaqaning barcha davlatlari a’zo. Ammo tashkilotning asosiy yo’nalishi va maqsadlarini Xitoy va Rossiya belgilaydi. Boshida iqtisodiy intergratsiyani ko’zda tutugan bu tashkilot so’nggi yillarda xavfsizlikka ko’proq e’tibor qaratmoqda.

Mintaqa davlatlarini Xitoy yetakchiligidagi bu platformaga tortilishidan asosan Xitoy tasarrufida bo`lgan Sharqiy Turkiston uyg`urlari jabr chekdi.

Uyg’urlar, Xitoy zulmiga qarshi kurashib kelayotgan faollar, Shanxay Hamkorlik Tashkilotini Pekin uchun siyosiy qurol deb biladi.

“1996-yilda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tuzilganidan keyin Markaziy Osiyo davlatlarida uyg’ur tashkilotlarining faoliyatlari keskin cheklandi. Bungacha O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’izistonda ham uyg’urlar o’z namoyishlarini o’tkazib, norozilik bildirish, konferensiyalar o’tkazib, o’z muammolarini muhokama qilib turishi mumkin edi. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tuzilganidan keyin bu narsalar mumkin bo’lmay qoldi. Chunki, Xitoy hukumatining Shanxay Hamkorlik Tashkilotini tuzishdan ham asosiy maqsadlaridan biri shu edi. Uyg’ur milliy harakatiga qo’shni davlatlar qo’li bilan zarba berish”, - deydi Germaniyada joylashgan Jahon Uyg’urlari Kongressi Bosh kotibi To’lqin Isa.

Xitoy, Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekistondan iborat bu tashkilot o’z doirasini kengaytirish maqsadida. Hindiston, Pokiston, Eron va Mo’g’uliston kabi davlatlar hozircha kuzatuvchi maqomida ega.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG