Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xavfsizlik, iqtisodiyot va madaniyat bobida hamkorlikni oshiradi

  • Amerika Ovozi

“Qirg’izistonda ikki siyosiy voqea – mojaro va qo’zg’olonning guvohi bo’ldik, lekin bir ovozdan javob bermadik”, - dedi Nazarboyev.

“Qirg’izistonda ikki siyosiy voqea – mojaro va qo’zg’olonning guvohi bo’ldik, lekin bir ovozdan javob bermadik”, - dedi Nazarboyev.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar xavfsizlik, iqtisodiyot va madaniyat bobida hamkorlikni oshirishga kelishib oldi. Ostonadagi ikki kunlik sammitda prezident Islom Karimov ham qatnashmoqda.

2001-yilda NATOga bas keladigan bir guruh sifatida tuzilgan tashkilot 10 yilligini nishonlamoqda. Unga hozirda Qozog’iston, O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’iziston, Xitoy va Rossiya a’zo.

Ostonada tashkilotga yangi a’zolarni qo’shish masalasi tilga olindi. Hindiston, Pokiston va Eron Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga kirishdan umidvor.

Mo’g’uliston hozircha kuzatuvchilik bilan kifoyalanmoqchi xolos.

Sammit ishtirokchilari arab dunyosidagi qo’zg’olonlarni ham tilga olar ekan, tashkilot beqaror vaziyatdan tashvishda. Biroq a’zo davlatlar “tarixi va madaniyati har xil mintaqa xalqlarining demokratiya yo’lidagi kurashini qo’llab-quvvatlaydi”.

Anjuman mezboni va raisi Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev a’zo davlatlarni mintaqa xavfsizligi borasida faolroq hissa qo’shishga undadi.

Nazarboyev o’tgan yil yozida Qirg’iziston janubida ro’y bergan qirg’inni esladi.

“Fojea yuzasidan samarali chora ko’ra olmadik, demak, guruhni isloh qilish, qaltis vaziyatga yordam qo’lini cho’za oladigan tashkilotga aylanishimiz kerak”, - deydi Qozog’iston prezidenti.

“Qirg’izistonda ikki siyosiy voqea – mojaro va qo’zg’olonning guvohi bo’ldik, lekin bir ovozdan javob bermadik”, - deydi u.

Anjuman oldidan Xitoy prezidenti Xu Sintao tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega Eron rahbari Mahmud Ahmadinajod bilan yuzma-yuz gaplashib, yadro dasturi masalasida xalqaro muzokaraga qaytishga undadi.

Ahmadinajod BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari va Germaniya bilan muloqotga rozimiz, deya javob qilgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining keyingi sammiti 2012-yil Xitoyda o’tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG