Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zolikdan Tojikistonga nima foyda?


Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi harbiy mashqlar boshlanishi oldidan qozoq, xitoy, qirgiz va rus zobitlari davlat bayroqlari ostida, 2012-yil

Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi harbiy mashqlar boshlanishi oldidan qozoq, xitoy, qirgiz va rus zobitlari davlat bayroqlari ostida, 2012-yil

Ba’zilar nazarida ShXT tobora harbiylashmoqda, boshqalar fikricha esa bu tashkilot - strategik raqobat maydoni va kichik davlatlar undan foydalanib qolishi mumkin.

Toshkentda 23-24 iyun kunlari o’tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShXT) yig’iniga Tojikiston rahbariyati mamlakat muammolarini hal etishning navbatdagi imkoniyati sifatida qaramoqda. Biroq mintaqa mamlakatlari bu tashkiloti atrofida birlashishiga ayrim mutaxassislar foydasiz deb qaraydi.

Ba’zilar nazarida ShXT tobora harbiylashmoqda, boshqalar fikricha esa bu tashkilot o’z maqsadlarini ko’zlagan yirik mamlakatlar taklif qiladigan imkoniyatdan kichik davlatlar foydalanib qolishi mumkin.

Tojikiston va xorijdagi ayrim tahlilchilar ShXTning navbatdagi yillik yig’ini oldidan mulohazalarini bildirar ekanlar, uning tobora harbiylashib borayotganiga urg’u berishadi.

Tojikitonlik o’zbek olimi Ilhom Yusupov tashkilotda iqtisodiy hamkorlik istiqbollariga ham shubha bilan qararkan, Xitoy misolida uning Tojikitonga aks ta’sirini ta’kidlaydi.

“Bular bir necha yillardan beri birlashamiz deydi-yu, lekin hech qanday natija yo’q. Iqtisodiy hamkorlik yoki birlashish haqida gapiradigan bo’lsak, to’g’risini aytish kerakki, masalan, Xitoyning biz bilan iqtisodiy hamkorligi, aloqalarning cheklanmaslik hollari bizning kichik davlatimiz imkoniyatlarini yo’q qilib yuborishi ehtimoli bor”,-deydi Yusupov.

ShXTning harbiylashib borayotganligi borasidagi fikrlarga qo’shilmagan dushanbelik ekspert Abdulloh Muhaqqiq mintaqa davlatlarining harbiy hamkorligini zarur deb hisoblaydi.

“Chunki, bugungi kunda terrorizm xalqaro ko’lamga chiqib ketdi. Xalqaro terroristlarning maqsadi jumladan, Tojikiston, O’zbekiston, Qirg’iziston tinchligini buzish. Shuning uchun mintaqa xavfsizligini ta’minlashda tashkilot a’zolariga harbiy yo’nalish bo’yicha yordam berish zarurati bor. Bu, tashkilot a’zolari hamkorligining muhim kaliti bo’lib qolishi kerak”,-deydi Abdulloh Muhaqqiq.

Xo’jandlik ekspert Abdujabbor Yo’ldoshevning fikricha, ShXT bora-bora NATO singari harbiy blokka aylanishi mumkin. Tashkilotga Pokiston va Hindiston singari yadro quroliga ega davlatlarning qo’shilishida hech qanday xatar yo’q, deydi u.

“To’g’ri, ba’zilar bundan cho’chimoqda, ammo bu davr talabi, mintaqa davlatlarining manfaatlariga mos keladi”,-deydi Abdujabbor.

Ilhom Yusupov tashkilot harbiy rejalariga ehtiyotkorlik bilan qaraydi, uning fikricha, bu masalada O’zbekiston hukumati tutgan mavqe’ durust ko’rinadi.

“To’g’ri gapni aytadigan bo’lsak, ShXT harbiy birlik yo’nalishiga qaratilgan tashkilotga aylanib bormoqda. Masalan, aytaylik, Rossiya prezidenti, ShXT boshqa a’zolari Pokiston va Hindistonni to’liq a’zo sifatida qabul qilmoqchi. O’zbekiston prezidenti Islom Karimov yadroviy qurolga ega davlatlarni tashkilotga qo’shish bilan jahonni yana ikkiga bo’lib yubormayapmizmi, buni juda kuchli o’ylash kerak deb yaxshi fikrlar bayon etgandi, buni ma’qul ko’raman”.

Haqiqatdan, rus siyosatchilari rus imperiyasini saqlab qolish maqsadida, yoki aytaylik, Amerika va Yevropa Ittifoqiga qarama-qarshi o’zining gegemonligini ko’rsatish, o’zining oldingi imperiyasini saqlab qolish maqsadida ko’r-ko’rona juda qo’pol ishlar qilib turibti-ki, buning oqibati albatta yaxshi bo’lmaydi. Chunki, yadroviy qurolli davlatlar birlashib, ko’paygandan so’ng, albatta Yevropa Ittifoqi va Amerika bu harakatlarga o’zini qarama-qarshi fikr, g’oya va real ishlarini olib boradi. Bu yana oldingidek, qurollanish poygasiga aylanib boradi”,-deydi Yusupov.

Mahalliy ekspert Yo’ldoshev ShXT harbiy yo’nalishini kuchaytirsa, dunyoda yana 60 yilcha oldindagidek qurollanish poygasi avj olishi mumkin deb hisoblaydi, lekin oradagi raqobatdan Tojikistondek kichik davlatlar foydalanib qolishi mumkin.

“Buning oddiy misolini Janubiy va Shimoliy Koreyada ko’rishimiz mumkin. Sobiq SSSR, sho’rolar bilan bo’lgan Shimoliy Koreya orqada qolib ketdi. Janubiy Koreyani qarang, G’arb ko’magida iqtisodiy jihatdan qanchalik ilgarilab ketdi. O’rtada raqobat bo’lsin, mayli, ammo bu raqobat adolatli bo’lsin”, - deydi Abdujabbor.

Uning fikricha, Tojikistonning shimol va g’arb o’rtasidagi aro yo’ldan chiqishga jur’atli yetmaydi.

Tahlilchi Abdulloh ShXTning Toshkentda o’tadigan anjumani ikki qo’shni davlatlar aloqasiga ijobiy ta’sir etadi deb umid qiladi.

“Ishonamizki, Toshkentda, bizga hamzamin, hamdil va do’stu-birodar O’zbekistondagi ShXT davlatlari rahbarlari uchrashuvi mintaqa mamlakatlarining manfaatlariga xizmat qiladi. Bu uchrashuv bizdek ikki yaqin mamlakatlar munosabati, do’stligi va yaqinligini yanada kuchaytirishiga imkon yaratadi”, - deydi Abdulloh Muhaqqiq.

U, ShXT faoliyati yangi a’zolar hisobiga samaraliroq bo’ladi degan umidda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG