Breaking News

Dushanbe yirik sammit arafasida, hammaning og'zida Karimov kelayotgani


Islom Karimov Xitoyda, 19-avgust, 2014
Islom Karimov Xitoyda, 19-avgust, 2014

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) ning navbatdagi sammiti 11-12 sentabr kunlari Dushanbeda bo’lib o’tadi. Tojikiston o’tgan yildan buyon tashkilot raisi. Xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Sammitda tashkilotga yangi a’zolarni qabul qilishning huquqiy asoslari borasidagi hujjat yakunlanib, 2025-yilgacha bo’lgan strategik taraqqiyot dasturi ishlab chiqiladi. Kun tartibida, shuningdek, Afg’onistondagi vaziyat, xalqaro ekstremizm va terrorizm hamda narkotrafikga qarshi o’zaro hamkorlik kabi mavzular muhakama qilinadi.

Tojikistonning o’zida esa odamlarning ushbu sammitdan asosiy umidi O’zbekiston bilan munosabatlarning iliqlashuvidir. Mahalliy matbuot ham ko'proq e’tiborni shunga qaratmoqda.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning tashrifi bilan ikki mamlakat o’rtasida davom etayotgan sovuqlik bartaraf etilishi mumkin degan fikrlar bor.

Karimov va Rahmon til topisha oladimi? Ravshan Shams lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:57 0:00
Yuklab oling

Tojik jamiyatshunosi Shohin Nazarovning aytishicha, oddiy odamlar uchun ShHT nima va Xitoy nima qiladi farqi yo’q, aksariyatning og’zida Karimovning Dushanbega kelayotgani haqidagi gap.

“Tojikistonda xitoyliklar serob, odamlarni ShHT qiziqtirmaydi. Ular uchun eng yaqin qo’shnilari bilan aloqalarning yaxshilanishi muhim. Odamlar sammit oldidan yo’l chekkalarida yangi paydo bo’lgan ko’rsatuvchi belgilarga e’tibor qaratishmoqda. Ularda Qo’qon, Toshkent, Farg’ona degan yozuvlar paydo bo’ldi, vodiyga yo’l ochilar ekan, viza bekor bo’larmish, gaz yana kelarmish degan umidlar tu’gildi. Shoyad ShHT sammiti bahonasida liderlar o’rtadagi to’siqlarni olib tashlasalar”.

Mahalliy ekspert Abdujabbor Yo’ldoshevning fikricha, ShHT xalqaro terrorizmga qarshi kurash bahonasida harbiy mashqlar ko’lamini kengaytirmoqda, bu tashkilot orqali Xitoy Markaziy Osiyoda G’arbga qarshi alternativ kuch sifatida o’zini namoyon etmoqda.

“Xitoy Amerika manfaatlariga qarshi chiqish uchun mintaqada musulmon davlatlarini birlashtirmoqda. Maqsad- Amerikaga qarshi hamkorlik. Harbiy mashqlar yildan-yil ko’lamli bo’lmoqda, har turli yo’llar bilan mintaqaga kirib kelmoqda, ta’siri kengaymoqda. To’g’ri, ShHT liderlari Karimovga ta’sir qilishlari mumkin, bu haqda hozir ko’p yozishmoqda. Lekin qirg’iz-tojik otishib turganda, ahillik o’rniga ish chappa ketib tursayu, bu holatda O’zbekiston bilan munosabatlar yaxshi bo’larmidi, bu yerda juda ko’p manfaatlar bor, u gaplar chunchaki bir umid xolos”.

Muxollif sotsial demokratik partiya raisi o’rinbosari Shokirjon Hakimov aynan ShHT orqali Tojikiston diplomatik tarzda O’zbekiston bilan munosabatlarni mo’tadillashtirishga intilishi zarur deb hisoblaydi. Uning fikricha, o’zaro hamkorlikning samarali ekanligini isbotlash uchun ham Xitoy bu masala yechimiga ta’sir o’tkazishi mumkin.

Boshqa bir tojik eksperti, Nig'matullo Mirsaidov agar Xitoy haqiqatdan ham iqtisodiy vositalar bilan yanada ko’proq manfaatlarga erishishni istasa, Tojikiston uchun ayrim masalalarda O’zbekistonga bosim ko’rsatishi mumkin deb aytadi.

“Lekin Xitoyning puxta siyosatiga nazar soladigan bo’lsak, ular o’zbeklarning manfaatlariga zid yurishiga ishonish qiyin, negaki ular mintaqada O’zbekiston qanday mavqe’da ekanligini juda yaxshi idrok etishadi”.

Tojikiston islom uyg’onish partiyasi faoli, Xo'jand shahar bo’limi raisi Dadojon Yoqubovning fikricha, ShHT orqali Xitoyning Markaziy Osiyoga ta’siri kuchayib bormoqda, tashkilot tarkibida turli xil uyushmalar tashkil etishga jadal harakatlar sababi ham shu.

“Xitoyning mintaqaga ta’siri yildan-yilga kuchayib bormoqda. Ularning maqsadi butun jahonni, jumladan Tojikistonni ham iqtisodiy jihatdan o’z tasarruflariga kiritish bo’lib, bunda ShHTdan juda yaxshi foydalanishmoqda. Maqsad bitta – mintaqada iqtisodiy-moliyaviy hukmronlik va Amerika ta’sirini kamaytirish” .

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

  • 16x9 Image

    Ravshan Shams

    Tojikistondagi jamoatchi muxbir. Siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy mavzularni yoritadi.

XS
SM
MD
LG