Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Toshkentda nima haqda gaplashmoqda?


O’zbekiston poytaxtida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ikki kunlik sammiti ish boshlamoqda.

Xitoy, Rossiya, Qozog’iston, Tojikiston, Qirg’iziston va mezbon davlat rasmiylari Toshkentda bir davrada o'tirib, iqtisodiy muammolar, Koreya yarimoroli va Afg’onistondagi ahvolni muhokama qiladi. Afg’on rahbari Hamid Karzay ham tashrif buyurgan.

Xitoy prezidenti Xu Tsintao kecha O’zbekiston rahbari Islom Karimov bilan muzokara olib borgan. Energetika, texnologiya va xavfsizlik bobida hamkorlikni oshirish haqida gaplashilgan.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev va Xitoy rahbari ham alohida muloqot qilgan.

Eron, Pokiston, Mog’uliston va Hindiston tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega. Biroq Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod sammitda qatnashmayapti.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga 2001 yilda asos solingan va a’zo davlatlar xavfsizligini ta’minlash – ustuvor maqsad.

Mustaqil tahlilchilar nazarida hozir eng muhim vazifa Qirg’izistonda barqarorlikni ta’minlash va O’zbekiston-Tojikiston ziddiyatini hal qilish.

Ekspertlar sammitda diqqatni ikki tomonlama uchrashuvlarga qaratmoqda. Kim qachon kim bilan uchrashishi ma'lum qilinmagan.

O'zbekiston va Tojikiston rahbarlarining o`zaro muloqoti taranglikni bir oz yumshatishi mumkin degan umidlar bor.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 10 iyun kuni Toshkentga kelib, Xitoy rahbari Xu Tsintao bilan uchrashgan.

Sharhlovchilar fikricha, suv taqsimoti va GES qurilishlari bilan bog’liq ziddiyatlarni oliy darajada muhokama qilish fursati yetgan.

“Bu muammoni yechishning eng qulay yo`li”, - deydi tahlilchi Iskandar Xudoyberganov.

Imomali Rahmon Toshkentga kelishidan bir kun oldin Dushanbeda o`tgan suv bo`yicha xalqaro konferensiya tomonlar Ro’g’un gidroinshooti bo`yicha keskin pozitsiyada ekanini yana bir bor ko’rsatgan.

Tojikiston bu GES O`zbekiston uchun xavf tug’dirmaydi desa, O`zbekiston loyiha nafaqat o’zi balki butun mintaqaga tahdid soladi deb turib olgan.

“Har ikki tomon Jahon Banki tomonidan ekspertiza o`tkazilishiga rozi bo`ldimi, demak shu tekshiruv natijalarini kutish kerak. Jahon Banki xolis qaror chiqarishiga umid qilamiz. Tomonlar ekspertiza xulosalarini qabul qilishi shart”, - deydi sharhlovchi Farxod Tolipov.

Suvdan foydalanish bo`yicha ziddiyatlar ikki davlatning boshqa sohalardagi aloqalarini ham keskinlashtirgan.

Tojikiston O`zbekiston uning yuk vagonlarini o’tkazmay kelayotganidan norozi.

Jamoatchilik orasida ham bunga qarshilik sezilmoqda. O`zbekistonning Tojikiston va AQShdagi elchixonalari oldida namoyishlar bo’lib o’tgan. Faollar bu borada hatto O`zbekiston prezidentiga maktublar yo’llagan.

Rasmiy Toshkent bir muncha avval bu borada tarqatgan rasmiy bayonotida Tojikistonga qarashli yuk vagonlari ushlab qolinayotgani texnik sabablar bilan bog`liq deya ta`kidlagan edi.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, masala ikki davlat yetakchilari o`rtasida hal etilmas ekan, ziddiyatlar davom etaveradi.

“Shanxay Hamkorlik Tashkiloti deb nomlanganmi, demak bu tashkilot hamkorlikni kuchaytirish ustida ishlashi kerak. Mintaqa davlatlarida muammolar yetarli, jumladan, O`zbekiston va Tojikiston o’rtasida. Lekin hozirgacha Shanxay Hamkorlik Tashkiloti vositachilik qilib, muammolarni hal etishga jiddiy yondashgani kuzatilmagan”, - deydi sharhlovchi Fayzulla Is’hoqov.

Toshkent ko’chalari dabdabali bezatilgan, rasmiy axborot vositalari anjumanni tarixiy bir voqea sifatida yoritmoqda. Sammitning O’zbekistonda o’tayotgani bu davlatning xalqaro nufuzi yanada ortib borayotganidan dalolat deya qayd etilmoqda.

Mutaxasssislar esa tashkilotning bu yilgi raisligi O’zbekiston bo’ynida ekan, yig’inning Toshkentda o’tishi tabiiy bir hol deydi.

Oddiy odamlar orasida bu tadbirga nisbatan qiziqish deyarli sezilmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG