Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kengaymoqda - kimga nima foyda?


2015-yilgi sammitda, Ufa, Rossiya

2015-yilgi sammitda, Ufa, Rossiya

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammiti uchun O’zbekistonda tayyorgorliklar avjida, mamlakat bo'ylab xavfsizlik tadbirlari kuchaytirilgan, hatto chegaralar vaqtincha yopilgan.

Tashkilot kengayish arafasida, “terorrizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash” uning asosiy maqsadiga aylangan, vaholanki, bu organ tuzilganida iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot oliy masala edi. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti deganda bugun jamoatchilik xavfsizlik organini tasavvur qiladi. Toshkentda ShHT doirasidagi mintaqaviy aksilterror markazi ham faoliyat yuritadi.

O’zbekiston qo’shni davlatlar bilan chegaralarni 15-iyundan 25-iyunga qadar yopgan. Poytaxt Toshkent deyarli qamal holatiga keltirilgan, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan fuqarolar.

Poytaxtga kirib-chiqish qiyin, cheklovlar joriy etilgan. Ularni esa biror mutasaddi aniq tushuntirmaydi. Shaharga kirish umididagi odam ular bilan yuzlashganda biladi xolos.

Sammit 23-24 iyun kunlari o’tadi. Unda tashkilot a’zolari Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston, Rossiya va Xitoy prezidentlaridan tashqari, a’zolikka qabul qilinayotgan Pokiston va Hindiston, shunindek kuzatuvchi maqomidagi davlatlarning rahbarlari ham qatnashishi kutilmoqda.

Terrorizmga qarshi kurash yig’indagi ustuvor mavzu bo’lishi kutilmoqda.

Toshkentdan siyosatshunos Anvar Nazir:

“ShHTni xavfsizlik bo’yicha, mintaqaga harbiy ko’mak ko’rsatish yoki Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo’yicha biror aniq loyihasi yo’q, lekin quruq gap ko’p. Bilasiz, Andijon voqealaridan keyin bu tashkilot doirasida AQSh harbiy bazasini chiqarilishi zarurligi Afg’onistondagi xavf bartaraf etilgani bilan izohlangan edi. Ammo hozirga kelib, bu tashkilotning o’zi Afg’onistondagi vaziyatni tahdid sifatida baholaypti. Afg’oniston muammosi yechim topdi, deyishgani yoddan chiqqan. Shanxay tashkiloti mintaqa uchun nima qilib beradi? Bu mavhum, buning o’rniga mintaqa davlatlari o’z tashkilotlarini tuzishi lozim edi”.

ShHTda terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash shiori Xitoy tashabbusida ko’tarilgan. Bu shior avvalo aholisining 90 foizi musulmon bo’lgan Markaziy Osiyoni, shuningdek, Xitoydagi musulmon uyg’urlarni nishonga oladi, deydi kuzatuvchilar.

O’zbekistonlik diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutov “islomiy terrorizm” ga qarshi kurash niqobidan Xitoy va mintaqa davlatlari birdek manfaatdor, deydi.

“Islomiy ekstremizga qarshi kurash niqobi ostida Xitoy musulmon uyg’urlarga qarshi kurashmoqda. Uyg’urlar Xitoydagi tazyiqlardan qochib, O’zbekistonga o’tsa, O’zbekiston ularni darhol Xitoyga topshiradi. Qozog’iston ham shunday qilishga majbur. Xitoy uchun o’z ozodligi, huquqlari uchun kurashayotgan uyg’urlar ekstremistlar. Rossiya ham xuddi shunday, asosan Kavkazdagi vaziyat uchun foydalanmoqda. O’zbekiston esa Rossiyadan qancha odamni ushlab kelayapti. Aslida esa bu ittifoqdagi diktatorlar o’z xalqlaridagi norozilikni islomiy ekstremizmga qarshi kurash bahonoasida bosib turishibdi xolos”, - deydi Abutov.

ShHT doirasidagi hamkorlik Markaziy Osiyodagi minglab uyg’ur fuqarolar faoliyatiga ham jiddiy tasir o’tkazgan. O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’istondagi uyg’ur tashkilotlari ustidan nazorat kuchaytirilgan. Madaniy markazlar o’z tarixiy vatanlaridagi vaziyat yuzasidan xolis fikr bildirish, bayonotlar qilish huquqidan mahrum.

Jahon Uyg’urlari Konggessining diniy ishlar bo’yicha mudiri Turg’unjon Oloviddin nazarida, ShHT uning xalqi uchun tahdid manbai.

“Bu qarindoshlarimiz (mintaqa davlatlari) bizga yordam qila olishmayapti. Bir tomondan ular Xitoyga chegaradosh, ikkinchi tomondan esa Xitoy bilan diplomatik munosabatlarni buzishdan cho’chishadi. Ammo xalq biz bilan. Ko’plab qarindoshlarimiz mintaqada yashashadi, buni eshitayapmiz, bilayapmiz. Afsuski, hukumatlar Xitoyga yaxshi ko’rinish uchun u yerdagi uyg’ur faollarini tutub ham berishayapti, lekin xalq biz bilan, bizni qo’llaydi, bunga bizning ishonchimiz komil”, - deydi Turg’injon Oloviddin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG