Breaking News

AQSh Oliy sudi noqonuniy muhojirlar masalasini ko'rib chiqmoqda


Oliy sud oldida muhojirlarni himoya qilib, namoyishchilar to'plandi. 18-aprel, 2016-yil.
Oliy sud oldida muhojirlarni himoya qilib, namoyishchilar to'plandi. 18-aprel, 2016-yil.

AQSh Oliy sudi mamlakatdagi noqonuniy muhojirlar masalasini ko'rib chiqmoqda. Unda Prezident Barak Obamaning to'rt million hujjatsiz immigrantga mamlakatda qolish ruxsatini beruvchi qarori qanchalik qonuniy bo'lgani yuzasidan qaror chiqariladi.

Sud qarori bo'lajak prezidentlar uchun ham muhim. Chunki u mamlakat rahbari vakolatlari chegarasini aniqlab berishga xizmat qiladi. Ayni paytda bu mavzu prezidentlik uchun davom etayotgan saylov kampaniyasining eng bahsli masalalaridan.

Sudga shikoyat Texas shtatidan tushgan. Bu masala bo'yicha Oliy sud qarori prezident ko'rgan choraga norozilik bildirgan boshqa shtatlar da'volariga ham ta'sir qiladi.

Hukumat huquqshunoslarining da'vo qilishicha, federal hukumat immigratsiya siyosatini boshqarishga va hujjatsiz muhojirlarni deportatsiya qilish masalasida eng muhim vazifalarni belgilashga haqli.

Prezident Obamaning 2014-yil noyabrdagi qaroriga ko'ra, AQShda qonuniy maqomga ega farzandlarning noqonuniy ota-onalarini hamda mamlakatga bolaligida kelgan hujjatsiz muhojirlarni deporatsiya qilish vaqtincha to'xtatilgan edi.

Bu turdagi muhojirlarga qonuniy ishlash uchun ruxsat berildi, ammo ular doimiy rezident yoki fuqaro bo'la olmaydi.

Qarorga muxolif tomonlarning aytishicha, Obama ma'muriyati bu choralarning qonuniyligini asoslash uchun yetarli konstitutsiyaviy dalillarni ko'rsata olmagan.

Prezident Obamaning aytishicha, Kongress immigratsiya islohotini amalga oshirishning uddasidan chiqa olmagach, bir o'zi chora ko'rishga qaror qilgan.

Ayrim tahlilchilar fikricha, agar Oliy Sud hukumat qarorini qonuniy deb topsa, bu Kongressni norozi qilishi mumkin.

Avvalroq Kongressdagi respublikachilar Oq uyga qarshi qo'zg'atilgan da'voni yoqlab, Oliy sudga murojaat yo'llagan edi.

Mavzu bo'yicha Oliy sud qarori iyunda e'lon qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG