Breaking News

Osiyolik muhojir AQSh Oliy sudiga tavsiya qilinishi mumkin


Muhojirdan Oliy sudyaga?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

Muhojirdan Oliy sudyaga?

AQSh Oliy sudi a'zosi Antonin Skaliya bir necha kun oldin olamdan o'tdi. Uning o'rniga kim kelishi mumkin? Ehtimoliy nomzodlardan biri vyetnamlik muhojir Jaklin Juan.

Los-Anjelesdan 50 kilometr janubda Kichik Saygon nomli shaharcha bor. Uni vyetnamlik muhojirlar poytaxti deb ham atashadi. Vatandosh ayolning Oliy sudga tayinlanishi mumkinligi haqidagi xabardan bu yerda hamma xursand.

"Bu yerda kimningdir muvaffaqiyatga erishishi, odamlarimiz namoyandasi bo'lishi muhim. Shunda Vyetnamdagi kommunistlarga qarata, mana, senlardan qochib kelib muvaffaqiyat qozondik, deb ayta olamiz. Odamlarda kayfiyat shunaqa hozir", - deydi Jung Do.

Vyetnam tilida xorijda chiqadigan eng katta gazeta muharriri Jung Do yaqinda Jaklin Juandan intervyu oldi. Uning aytishicha, Juan ko'plab muhojir vyetnamliklarga o'xshaydi.

Oila kommunistlar Janubiy Vyetnamni egallab olgandan so'ng, vatanini tashlab chiqqan. Los-Anjelesga kelib joylashishidan oldin qochoqlar lagerida yashagan.

Sud chiqargan videoda Juan o'z hayoti haqida hikoya qiladi.

"Ota-onam juda qiynaldi. Chunki ular nafaqat vatanlarini boy berdi, balki butun hayotini qayta boshlashga to'g'ri keldi. Chet elda uy-joy topib, oltita bolani boqib, voyaga yetkazishning o'zi bo'lmaydi. Onam qanaqa ish uchrasa, hammasini qilardi", - deydi u.

Huquqshunos Mia Yamamoto nazarida, Jaklin Juan o'zini xalq xizmatiga baxshida etgan shaxs.

"U boshqa daromadliroq va qiziqarliroq ishlardan ko'ra xalq xizmatini afzal ko'rdi", - deydi u.

Jaklin Juan ayni paytda federal sudya, apellyatsiya tizimida ishlaydi.

"Nihoyat Oliy sudda ishlashga layoqatli, asli osiyolik fuqarolarga egamiz. Bir necha yil oldin ham bunday emas edi. Bu juda quvonchli holat", - deydi Karin Vang ismli huquqshunos.

"Bu haqda gaplashayotganimizning o'zi g'alaba. Har bir qochoq, har bir muhojir unga qarab, men ham shunday bo'la olaman, deyishi kerak. Farzandlarim ham shunday orzu-umidlar bilan ulg'ayishi kerak. Haqiqiy Amerika orzusi bu", - deydi Yamamoto.

Osiyolik muhojirlarning aytishicha, Oliy sudga kim tayinlanishidan qat'i nazar, Jaklin Juanning mashaqqatlarni yengib o'tib, federal sudyaga aylanishining o'zi dunyo bo'ylab ko'plab muhojirlar uchun ilhom manbaidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG