Sietl Toshkent va butun O'zbekiston bilan hamkorlikka tayyor


Vashington shtati biznes markazi bo'lmish Sietl Toshkent bilan birodar. Bu ikki azim shahar qariyb 40 yildirki, madaniy-iqtisodiy rishtalar ega.

Sietl siyosiy va iqtisodiy boshqaruv bobida Amerikaning yetakchi shaharlaridan. Shaharda eng ko'zga tanilgan shaxslardan biri bu Ues Ulman (Wes Uhlman), Sietlning sobiq meri. Toshkent bilan birodarlik aloqalari o'rnatishda aynan shu kishi asosiy rol o'ynagan. Buning tarixi 1970-yillarga borib taqaladi.

Bugun, deydi Ues Ulman, hamkorlik uchun imkoniyat talay. Istak va harakat bo'lsa bas.

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyoga katta qiziqish bilan qaraydigan yana bir arbob bu Salli Klark ( Sally Clark), Sietl shahar kengashi a'zolaridan biri, bo'lajak hokim sifatida qaralayotgan siyosatchilardan.

Sietlga borganimda ularning har ikkisi bilan muloqot qilishga muvaffaq bo’ldim.

Ues Ulman 1969-yilda Sietl meri etib saylanganida 34 yoshda edi. Amerikadagi eng yosh hokimlardan biri bo’lgan. 1976-yilda Vashington shtati gubernatori bo’lish uchun harakat qilgan, lekin boy bergan.

Siyosatga kirgan odam uni hech qachon tark etmaydi deyishadi. Ues Ulman - buning yaqqol isboti. Amaldan ketganidan beri u Sietl va butun Amerika xalqini qiynab kelayotgan muammolarga yechim qidirish, o’z g’oya va takliflarini hokimiyatda o’tirganlar orasida targ’ib qilish bilan ovora. Shuningdek, o’z advokatlik firmasiga ega. 76 yoshli otaxon omma bilan doimiy muloqotda. Oddiy kiyinib, oddiy xonadonda kun kechiradigan sobiq hokim piyoda yuradi.

Sietl (Seattle)

Sietl (Seattle)

1970-yillarda, Sovet Ittifoqi va Amerika orasida raqobat qizigan bir davrda, Ues Ulman xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish kampaniyasini boshlagan. Toshkentga borib, o’sha davrdagi rahbariyat bilan yuzma-yuz gaplashgan, birodarlik aloqalarini yo’lga qo’ygan.

Buning uchun ko’p tanqidga uchragan, lekin bu arzigulik ish edi, deydi u, odamlarni siyosat emas, iqtisod va madaniy rishtalar bog’laydi.

“Oddiy odamlar orasidagi munosabatlarga hech narsa yetmaydi. Men individual diplomatiya tarafdoriman. Shaxsiy aloqalar - eng samarali hamkorlik, chunki bir-birimizni yaqindan taniymiz va xohish-istagimizni tushunamiz”.

Hukumatlar o’zgaradi, lekin shaxsiy tanishlar va hamkorlarni siyosat emas, ishonch birlashtirib turadi, deydi sobiq mer.

“Davlat departamentiga aytgan bo’lardimki, qog’ozbozlik va rasmiyatchilikni kamaytirib, konkret ishlarga o’ting. Uchrashuv va muzokaralar bilan ish bitmaydi. Odamlar ikki tomonlama bemalol ishlay olishi uchun sharoit va imkoniyatlar yarating”.

Ues Ulman (Wes Uhlman) - Sietlni Toshkent bilan bog'lagan inson, Sietlning sobiq meri

Ues Ulman (Wes Uhlman) - Sietlni Toshkent bilan bog'lagan inson, Sietlning sobiq meri

Ues Ulman fikricha O’zbekiston-Amerika harbiy hamkorligi muhim, ammo u xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirmaydi. Iqtisod, ta’lim va ijtimoiy sohalarga e’tibor bering, deydi u.

“Hamyurtlarim ko’proq chet elga chiqsin deyman. Amerikaliklar dunyoni ko’rishi, masalan O’zbekistondek o’lkalarga borib, bu xalq tarixi va buguni haqida o’rganishi kerak. O’zbekiston meni azaldan o’ziga rom etib kelgan”.

Qo’shma Shtatlar bu jamiyatdan ko’p sohalarda saboq olsa bo’ladi, deydi Ues Ulman. Qo’li gul, mehnatkash, mehr-oqibatli, sabr-toqatli, kamtarin, bir burda nonini ham barcha bilan baham ko’rib, boriga shukur qilib yashaydigan xalqsiz, deydi arbob.

“O’zbekiston Respublikasi yosh davlatdir, ammo uning xalqi qadim tarixga ega. Nimalarni boshdan kechirmagansiz axir. Men bugunni qadrlash va anglash uchun o’tmishni izchil o’rganish kerak deb o’ylayman”,- deydi Ues Ulman.

Sietl dunyoning 21 shahri bilan birodarlik aloqalariga ega. Ko’chalarni kezar ekansiz, kichik-kichik parklarga ko’zingiz tushadi. Toshkent tinchlik bog’i deb nomlangan mana bu xilvatni qarang.

1989-yilda bu yerga O’zbekistondan olib kelingan yodgorlik o’rnatilgan. U - Semurg’, baxt qushi. Toshkentlik haykaltarosh Yakov Shapiro ishlagan ekan uni.

Sietldagi Toshkent parki... "Semurg'" yodgorligi, 1989-yilda o'rnatilgan.

Sietldagi Toshkent parki... "Semurg'" yodgorligi, 1989-yilda o'rnatilgan.

Sietlning so’lim bir mahallasidagi bu mitti parkdan har kuni yuzlab insonlar o’tadi. Bu joyni ko’raverib, Toshkent ham qadrdon bo’lib ketgan, deydi ular.

Muddao ham shu, deydi Sietlning bo’lajak meri deya ta’riflanadigan mana bu arbob – Salli Klark (Sally Clark). Sietl shahar kengashi to’qqiz a’zodan iborat. Klark xonim ulardan biri, 2006-yildan beri.

Amerikaning eng ko’rkam, liberal va global shahri degan nomni saqlash – oson ish emas, deydi u. Bizneslarni quvvatlash, ekologiya muhofazasi va maishiy xizmatlarni yaxshilash – asosiy vazifalar.

Salli Klark (Sally Clark), Sietl shahar kengashi a'zosi

Salli Klark (Sally Clark), Sietl shahar kengashi a'zosi

“Sietl shahar kengashida to’qqiz a’zo bo’lsa, har birimiz birodar shaharlar bilan aloqalarni mustahkamlash mas’uliyatini bo’ynimizga olganmiz. Buni uddalash uchun esa biz nodavlat tashkilotlar bilan ishlaymiz. Men masalan Sietl-Toshkent birodarlik uyushmasi bilan yaqinman. O’zbekiston bilan hamkorlikni oshirish uchun nima qilmoq zarurligini ular orqali bilaman”,- deydi siyosatchi.

Salli Klark hali O’zbekistonga bormagan, lekin yaqin kelajakda safar qilish umidida. Boshqaruv, infratuzilma, maishiy xizmatlar va biznes muhit bilan tanishishni istaydi.

“Sietl – global biznes va sanoat markazi. Masalan, “Boeing” samolyotsozlik kompaniyasi shu yerda asoslangan. “Microsoft” kompyuter korporatsiyasi ham shu yerda”.

Sarmoya va biznes hamkorlik bobida Toshkent va butun O’zbekistondan taklif va tashabbuslar bo’lsa, Salli Klark singari siyosatchilar ularni ko’rib chiqishga tayyor.

Toshkent

Toshkent

“Toshkentda Sietl bilan azaldan ishlab kelayotgan odamlar, tadbirkor va mutaxassislar bor. Ular bu yerda ishonchli sheriklarga ega. Mana shunday hamkorlikka tayangan holda, men yanada olg’a qadam tashlaylik degan bo’lardim. G’oya va takliflar oddiy odamlardan - ziyoli, san’atkor, hunarmand, talaba, yoshu qari – hammadan kelishi mumkin, biz ularni tinglashga shaymiz. Ilm-fan, tibbiyot, texnologiya, tarix va madaniyat sohalarida… Sietl shahar kengashi qo’ldan kelgan yordamni beradi”.

Salli Klark deydiki, inson dunyoning qayerida bo’lmasin, tinch, farovon va to’q yashashni istaydi. Bolalari sog’lom bo’lsin, yaxshi ta’lim olsin, baland cho’qqilarni egallasin. Ota-onalar ularning rohatini ko’rsin. Sietl va Toshkentni ham mana shu istak-xohish bog’lab turadi, deydi arbob.

Sietlda Toshkent bilan birodarlik rishtalari va O'zbekiston bilan hamkorlik sharafiga o'rnatilgan yodgorlik. Baxt qushi bo'lmish Semurg' ustida nay chalib o'tirgan o'zbek bolasi.

Sietlda Toshkent bilan birodarlik rishtalari va O'zbekiston bilan hamkorlik sharafiga o'rnatilgan yodgorlik. Baxt qushi bo'lmish Semurg' ustida nay chalib o'tirgan o'zbek bolasi.

“Sietl fuqarolari oilam yaxshi va xavfsiz joyda yashasin deydi. Ichayotgan suvimiz toza bo’lsin, axlat vaqtida olib ketilsin, kasalxonalar va boshqa muassasalar talabga javob bersin. O’zi xohlagan kasbni tanlab, yaxshi joylarda ishlab, yaxshi maosh olish… Sietl – Amerikada jinoyat kamligi jihatidan oldingi o’rinlarni egallaydi. Shahrimiz ozoda va xavfsiz deya olaman. Lekin Amerikaning boshqa joylari singari bu yerda ham moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayapmiz”,- deydi Salli Klark.

Shaharlarni boshqarish – murakkab vazifa, deydi Salli Klark. Har bir qaror uchun xalq oldida javobgarsiz. Axborot vositalari sizni tinimsiz savolga tutadi, xalqqa hisobot bering, deydi. Har bir dollar qayoqqa ketayapti, nima samara berayapti? Lekin xalqqa xizmat qilishdek sharafli ish bo’lmasa kerak, deydi Salli Klark.

“Sietl ahli nafaqat o’z shahri balki butun dunyoga mehr-muhabbat bilan qaraydi. O’zbekiston va uning poytaxtini o’zimizga juda yaqin tutamiz. Umid qilamizki, bundan har ikki tomon birdek foyda ko’radi”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG