Amerikada ba'zilar Qo'shma Shtatlardan ajralishni istaydi

  • Amerika Ovozi

Yaqinda bir necha shtat aholisi Oq uyning internetdagi sahifasida AQSh tarkibidan chiqish uchun ariza to’ldirgan. Eng ko’p imzolar Texas shtatidan olinib, prezident Barak Obamaning qayta saylanganidan uch kun o’tib, saytda e’lon qilindi.

Texas milliy harakati deb nomlanuvchi tashkilot bu tashabbus bilan chiqmagan bo’lsa-da, aholini ariza to’ldirishga chorlamoqda. Guruh rahbari Kary Yayzning aytishicha, xalq davlat qarzi oshib borayotganidan xavotirda.

"Federal hukumat qarzni ortiq uza olmas ekan, buning og’iri nafaqat Texas balki boshqa shtatlarga ham tusha boshlaydi", - deydi u.

Ayrimlar federal xarajatlar oshayotganidan, hukumat xususiy biznes ishiga ko’p aralashayotganidan norozi. Biroq aksariyat texasliklar mustaqillik g’oyasidan yiroq.

“Men imzo chekmayman. Bu axir ahmoqlik! Mustaqil hayot kechirish uchun shtatda yetarlicha resurslar yo’q”, - deydi ular.

Oq uyning onlayn sahifasida boshqa shtatlardan ham fuqarolar mustaqillik talab qilgan. Aksariyati prezident saylovlarida respublikachilardan nomzod Mitt Romniga ovoz bergan shtatlar. Tarixda ular Texas kabi ittifoqdan ilk bor chiqqanida Amerikada fuqarolik urushi boshlangan edi.

Onlayn arizalarda Obamaning qayta saylangani sabab qilib ko’rsatilmagan. Biroq texaslik arizachilar federal hukumatni vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda ayblamoqda. Shu paytga qadar petitsiyani 115 mingdan ziyod odam imzolagan.

Xyustondagi Rays universitetida siyosiy fanlar professori Mark Jounsning aytishicha, Texas hech qachon AQSh tarkibidan chiqmaydi.

"Bu ko’proq shoudir, siyosiy shou, haqiqiy bo’lginchilik harakatidan yiroq. Tashabbus ortida jiddiy liderni ham ko’rmaysiz", - deydi Jouns.

Olim imzo chekkanlar soni shtatda yashovchi 25 milliondan ziyod aholining o’ta kichik bir qismi ekaniga diqqatni qaratadi.

"Dallas tomonda bir talabaning hazil sifatida qilingan ishi edi. O’z imzosini qo’yganlarning ko’pi, hatto Texasdan emas", - deydi Mark Jouns.

Oq uy saytiga kirgan har bir odam ro’yxatdan o’tib, petitsiyaga qo’shilishi mumkin.

Texas milliy harakati Xyustondagi restoranda o’tirish uyushtirib, mustaqillik tarafdorlarini to'plagan. 20 tacha odam kelgan, xolos.

Ulardan biri Jina ismli ayolning aytishicha, Qo’shma Shtatlardan ajralish mumkin emas.

"Bunday bo’ladi deb tasavvur ham qilolmayman. Ammo shunday bo’lgan taqdirda aynan Texasdan buni kutsa bo’ladi", - deydi u.

Bu fikrga hamma qo’shilmasa-da, texaslik professorning aytishicha, onlayn petitsiya Vashingtondagi hukumatga nisbatan norozilikni ifoda etishning oson yo’li.



  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG