Breaking News

Maxfiy xizmat uchun prezident va uning oilasini himoya qilish asosiy vazifa


Prezident va uning oilasining xavfsizligini ta’minlash – maxfiy xizmat bo’yniga yuklangan eng asosiy vazifa. Amerikada bir necha prezident hayotiga suiqasd qilingan, ular jamoat joylarida nishonga olingan. Har bir fojia ketidan maxfiy xizmatda olamshumul o’zgarishlar yuz bergan.

1963-yilning 22-noyabri… Prezident Jon Kennedi Dallas shahrida. Yosh tan soqchi Klint Xill prezidentga otilgan o’qqa qalqon bo’lishga tayyor edi, lekin..

"O’sha kuni biz prezident Kennedini qutqara olmadik, ishimizni eplay olmadik",- deydi Xill.

Yana bir agent Jerald Bleyn ham Texas shtatida edi, lekin Dallasda emas.
Soqchilar yetishmayotgan edi, deydi u.

"1963-yilda jami 330 agent bor edi maxfiy xizmatda, 34 nafari Oq uyga safarbar etilgan edi",- deydi u.

Agentlar har yoqda edi. Ularning bir-biri bilan aloqa qilishi juda qiyin bo’lgan. Postlarda turganida imo-ishora bilan gaplashar edi xolos.

"Radio texnologiya degan narsani bilmas edik. Yo’q edi bunday asboblar. Qo’limiz asosiy aloqa vositasi edi. Xavfli shaxslarning suratlari bor edi, ularni bilar edik. Xotiramizga tayanar edi. Hamma bir-biriga suyanar edi",- deydi keksa agent.

Liza Makkabin va Jerald Bleyn birgalikda prezident Jon Kennedi tan soqchilari haqida kitob yozgan. Kennedi o’ldirilishi ketidan maxfiy xizmatda ulkan o’zgarishlar ro’y bergan, islohot boshlangan.

“Ularning roli va xizmati naqadar muhim ekani ochiq tan olinib, Kongress bu agentlikka ko’proq mablag’ ajratib, trening va ta’limga e’tiborni oshirgan. Oldinlari maxfiy xizmat qonunchilardan bir dollar ham ortiqcha pul ololmas edi. Prezidentni himoya qilish uchun juda oz mablag’ berilardi”,- deydi Makkabin.

Klint Xill prezident o’limi ketidan ishdan ketmadi, aksincha malakasini oshirdi. Mafxiy xizmat rahbarining o’rinbosari lavozimigacha ko’tarildi. Yana uch prezident xavfsizligini ta’minladi. Agentlik o’z shart va qoidalarini yangilar ekan, bu jarayonda u ham faol qatnashdi. Bugun prezidentlar hech qachon tepasi ochiq mashinada yurmaydi.

Klint Xill 1975 yilda iste’foga chiqadi. Xavfsizlik choralari qanchalik kuchli bo’lmasin, o’sha paytdagi prezident Jerald Fordga ikki bor hujum qilishadi. Har ikki xuruj Kaliforniya shtatida sodir etilgan.

1981-yilda esa yangi prezident nishonga olinadi.

Ronald Reygan poytaxt Vashingtonda mehmonxonaga kirib ketayotganida o’qqa tutiladi.

Reygan tezlikda kasalxonaga yetkaziladi va operatsiya qilinadi.

Uning tan soqchisi Tim Makkarti qornidan o’q yeb qattiq jarohatlanadi. Matbuot kotibi Jeyms Breydi esa boshidan yaralanib, nogiron bo’lib qoladi. Lekin hech kim o’lmagan. Tim Makkarti deydiki, bu voqea ham ko’p narsani o’zgartirgan.

"Metal detektorlardan o’tmagan odam prezidentga yaqinlashmaydi. Keskin choralar ko’riladi. Shundan beri, shukurki, biror prezidentimizga hujum qilinmadi. Juda ehtiyotkormiz. Tartib juda qattiq. Texnologiya ishni ancha osonlashtirgan",- deydi Makkarti.

Zamonaviy texnologiya orqali aloqa qilish, xavfni payqash va vaqtida chora ko’rish imkoniyatlari kengaygan albatta. Lekin, deydi bu keksa agentlar, tan soqchilik hamon eng mushkul vazifalardan biri. Bu ishga qo’lga urgan odam o’zini qalqon qilishga tayyor turishi kerak. Asosiy shart shu va u o’zgarmas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG