Musulmon dunyosi bo'linishga yuz tutdimi?


Iroqdagi shia jangchilari Yamanda amalga oshirilayotgan harbiy amaliyotga qarshi namoyish o'tkazmoqda, 4-aprel, 2015-yil.

Iroqdagi shia jangchilari Yamanda amalga oshirilayotgan harbiy amaliyotga qarshi namoyish o'tkazmoqda, 4-aprel, 2015-yil.

Bir kunlik rasmiy tashrif bilan Eronga borgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an musulmon dunyosi mazhabparastlik oqibatida parchalanishga yuz tutishi mumkinligidan ogohlantirdi. Yamanda davom etayotgan qonli ixtilofda shialar himoyachisi sifatida ko’riladigan Eron va sunniy musulmon dunyosi manfaatlari to’qnashayotgani aytiladi. Ammo AQShlik musulmon faoli muammoni faqat diniy ziddiyatlar bilan bog’lamaslik kerak, degan fikrda.

Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya Yamanda hokimiyatni egallagan hutiy isyonchilariga havodan zarba bermoqda. Zarurat tug’ilsa, Riyod piyoda qo’shin kiritishga ham tayyor.

Ayni paytda Tehron mashg'ulot o'tkazish uchun Yaman yaqinidagi dengizga o'z harbiy kemalarini jo'natgan.

AQShdagi Dyuk universiteti imomi Abdulloh Anteplining aytishicha, musulmonlar orasida bo’linish kuchayayotgani haqidagi gaplar bo’rttirilgan.

“Dunyoda yagona va bir xil fikrlaydigan musulmonlar bloki bor deb aytish noto’g’ri aslida. Aholisining aksariyatini islom dini vakillari tashkil etuvchi jamiyatlar bor. Lekin dunyoning 1,7 milliardlik musulmonini yagona blok va guruhga mansub deyish men uchun eng noto’g’ri qarashlardan biri”, - deydi u.

Shunday ekan, deydi musulmon faoli, mazhablar o’rtasida yuz berayotgan so’nggi nizolar oqibatida musulmon dunyosi parokandalikka yuz tutyapti, deb aytish mutlaqo asossiz.

“Mazhablar o’rtasida yuz berayotgan so’nggi zo’ravonliklarni bir guruhning bo’linib ketishi sifatida tushunmasligimiz kerak. Dunyo musulmonlarining faqat 20 foizi yashaydigan Yaqin Sharqda bunday ixtiloflarning kuchayishi bu mamlakatlarda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyatning izdan chiqqani, jumladan, gegemon global kuchlarning, xususan, G’arb va AQSh tashqi siyosatining muvaffaqiyatsizlikka uchragani bilan bog’liq”, - deydi Abdulloh Antepli.

Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda 2010-yilda “Arab bahori” deb atalgan qo’zg’olonlar boshlangandan beri mintaqaning ko’plab musulmon mamlakatlari zo’ravonlik va beqarorlik o’chog’iga aylandi. Bu yerlarda tinchlik o’rnatish va fuqarolar urushiga barham berish yo’lida olib borilayotgan xalqaro sa’y-harakatlar ham foyda berayotgani yo’q. Abdulloh Antepli beqarorlikning boshqa hududlarga ham yoyilishi mumkinligidan xavotirda.

“Zo’ravonlik saraton xastaligiga o’xshaydi. Agar dunyoning bir qismida yo’li to’silmasa, uning boshqa hududlarga ham tarqalishi shubhasiz. Mazhablar zo’ravonligi deya atalayotgan bu g’oyaviy kurash o’ta buzg’unchi va xavfli bo’lib, Yaqin Sharqdan tashqaridagi musulmon jamiyatlariga ham kirib borishi ehtimoli bor”, - deydi u.

Ammo muammoni faqat mazhablar o’rtasidagi dushmanlikka yoki diniy sabablarga bog’lash to’g’ri emas, deydi Dyuk universiteti imomi. Unga ko’ra, mojaro asosida ma’lum guruh va shaxslarning hokimiyat uchun olib borayotgan kurashi yotibdi.

“Odamlar bir-birini faqat mazhabi boshqa bo’lgani uchun o’ldiryapti, deb o’ylamayman. Ular bir-birini hokimiyat talashib qatl etayapti. Zo’ravonlikni yanada kuchaytirayotgan geosiyosiy masalalar bu yerda uzoq yillardan beri mavjud. Agar ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy muammolarni hamda tashqi kuchlar aralashuvini hisobga olmasak, masalaga juda yuzaki yondashgan bo’lamiz”, - deydi imom.

Yamanning xalqaro hamjamiyat tan olgan prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadi Saudiya Arabistoniga qochib borib, Riyoddan ko’mak so’ragach, saudiylar ittifoqchilari yordamida Yamanda markaziy hokimiyatni qo’lga olgan shialarga qarshi harbiy amaliyot boshladi. Eronning qo’llab-quvvatloviga ega ekani aytiladigan hutiylar arab koalitsiyasi hujumlariga osonlikcha taslim bo’lmoqchi emas. Bu esa mintaqada zo’ravonlikning yanada kuchayib, tinch aholi orasida qurbonlar sonining oshishiga sabab bo’lmoqda.

“Bir necha o’n yillardan beri mavjud muammolarga oson va tez yechim topishning iloji yo’q. Bu jamiyatlar uzoq yillar mahalliy mustabid tuzum zulmi va tashqi hujumlardan, xususan, Iroqda kuzatilganidek, aqlsizlik bilan amalga oshirilgan bosqindan ko’p aziyat chekkan. Shuning uchun ularni global muammolar deb atagan bo’lardim. Chunki ular turli xil kuchlar tomonidan yaratilgan. Shuning uchun yechim topishni xalqaro jamiyat o’z zimmasiga olishi kerak. Muammoning asl sabablari bartaraf qilinmaguncha, ixtiloflarga yakun yasab bo’lmaydi”, - deydi imom.

Abdulloh Antepli kabi musulmon yetakchilar mojarolarni hal qilishda AQShning to’g’ri va oqilona siyosat olib borishidan umid qiladi. Ularga ko’ra, xalqaro vositachilar ziddiyatlarning g’oyaviy asoslariga ko’p e’tibor bermasdan, asl sabablarni, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bataraf etishga urinishi kerak.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG