Mutaxassislar nazarida saylov natijalari AQShning xavfsizlik borasidagi siyosatiga ta'sir qilmaydi

  • Amerika Ovozi

Mutaxassislar nazarida saylov natijalari AQShning xavfsizlik borasidagi siyosatiga ta'sir qilmaydi

Mutaxassislar nazarida saylov natijalari AQShning xavfsizlik borasidagi siyosatiga ta'sir qilmaydi

Kongressda respublikachilar soni ko'payib, o'zgarishlar bo'lishi tabiiy, ammo ular sezilarli darajada bo'lmasligi aytilmoqda.

AQShda Kongressga o'tgan saylovlarda fuqarolar ovoz berishda asosan iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan. Ammo saylov natijalari davlat xavfsizligi bobida ham ma'lum o'zgarishlarga sabab bo'lishi aytilmoqda. Tahlilchilarning aytishicha, o'zgarishlar, jumladan, Afg'oniston va boshqa mudofaa masalalarida katta bo'lmaydi.

2-noyabrgi saylovlarda iqtisod va davlat xarajatlari omma fikriga ta'sir qilgan asosiy omillar bo'ldi. Respublikachilar Vakillar Palatasida ko'pchilik o'rinlarni qo'lga kiritib, demokratlar Senatda mavqeini saqlab qolishga muvaffaq bo'ldi. Milliy xavfsizlik bobida siyosat qanday bo'lishini bashorat qilish qiyinlashdi, deydi xavfsizlik masalalari bilan shug'ullanuvchi Xezer Xarlburt.

"Hukumatga bunga doir qonunlarni Kongressdan o'tkazish yanada og'irlashadi", - deydi mutaxassis.

Kongress o'tmishda mudofaa byudjetidan urushga doir siyosatga ta'sir qilishda ko'p foydalangan. Bu idora tasdig'isiz hukumat mudofaa xarajatlariga bir tiyin ham sarflay olmaydi.

Leksington instituti tahlilchisi Loren Tompson Kongressdagi o'zgarishlar siyosatga ta'sir qilmaydi, deydi.

"G'aznada pul cheklangan bo'lgani uchun, respublikachilar, istasa ham, urushga ko'proq pul sarflay olmaydi. Mudofaa masalalari bo'yicha tortishuvlar asosan ramziy bo'ladi, deb o'ylayman".

Tompson nazarida prezident Obamaning Afg'onistonda qo'shinlar sonini oshirib, kelasi iyuldan askarlarni u yerdan chiqarishni boshlash qarori siyosiy jihatdan har ikki partiyada aksariyat qonunchilarga ma'qul bo'lishi ehtimoldan xoli emas.

Urushga kelganda, deydi u, prezident Obama siyosatiga qarshilik katta bo'lmasligi mumkin.

"Prezident urushni davom ettirib, jamoatchilik tanqidlarini qabul qilishga tayyor bo'lsa, respublikachilar uning yo'liga to'g'anoq bo'lmaydi. Biroq fikri o'zgarib, siyosati ham o'zgarsa, Kongress hech narsa qilolmaydi", - deydi Loren Tompson.

Tahlilchi Iroq masalasida katta muammolar bo'lishiga ishonmaydi. Qo'shinlarni Iroqdan yil oxirigacha qaytarish rejasiga Kongressda qarshilar ko'p emas, deydi u.

Ammo Eron, deydi xavfsizlik bobida izlanuvchi Xezer Xarlburt, boshqa masala.

"Kongressda Oq uyga qaraganda Eronga qarshi radikal kayfiyatdagi odamlar ko'proq".

Biroq bu bilan Eronga urush ochiladi, deb o'ylamaslik kerak, deydi Xarlburt.

"Gap-so'z, shovqin-suron ko'p bo'ladi-yu, real harakatgacha bormaydi, deb o'ylayman", - deydi u.

Tahlilchilarga ko'ra, yangi Kongress prezident Obamaning Guantanamodagi qamoqxonani yopish qaroriga to'sqinlik qilishi mumkin.

"Xavfsizlikka doir boshqa masalalarda katta o'zgarishlar bo'lmaydi", - deydi Xarlburt.

Uning aytishicha, ayni damda butun diqqatni iqtisodiyotni kuchaytirishga qaratish lozim. Busiz mudofaa ham, harbiy qudrat ham bo'lmaydi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG