AQSh davlat xavfsizlik arxiviga yaqindan nazar

  • Amerika Ovozi

National Security Archive in Washington, DC

National Security Archive in Washington, DC

Ba'zi ma'lumotlarni olish uchun 10-15 yil kutishga to'g'ri keldi, chunki hukumat ularni oshkor qilishga qarshi.

AQSh hukumatiga aloqador hujjatlar bilan tanishishni istasangiz, Vashingtondagi Milliy xavfsizlik arxivi xususiy tadqiqot guruhiga murojaat etishingiz mumkin. Oq uyda xorijiy davlat rahbarlari bilan suhbat mazmuni, vazirlarning elektron maktublari, AQSh razvedkasining sun'iy yo'ldosh yordamida tushirgan suratlari - bularning barchasini Axborot olish erkinligi haqidagi qonun tufayli ko'zdan kechirish mumkin. Milliy xavfsizlik arxivida ortiq maxfiy hisoblanmaydigan millionlab hujjatlar bor.

Arxivga ilmiy izlanishlar maqsadida 25 yil burun bir guruh jurnalist va tarixchilar asos soladi. Ular buning uchun Axborot olish erkinligi haqidagi qonunga tayanadi. Kongress bu qonunni 1966-yilda qabul qilgan, toki davlat idoralarining ishi jamoatchilik nazoratida bo'lsin. Ammo ba'zi maxfiy hujjatlar bundan istisno - mudofaa va tashqi siyosatga doir materiallar, savdoga oid sirlar.

Arxivda turli mavzudagi materiallar to'planib, ba'zilari tahlil qilinadi va kitob ko'rinishida chop etiladi. Tashkilot direktori Tom Blantonning aytishicha, iste'foga chiqqan razvedka xodimlaridan biri o'z memuarlarini yozishda arxivdagi ma'lumotlardan foydalangan.

"Bu resurs markazi bir necha vazifani bajaradi. Axborot olish erkinligi haqidagi qonun tufayli Amerika hukumati va milliy xavfsizlikdek yopiq jabhalar to'g'risida ma'lumot olish mumkin", - deydi arxiv rahbari.

Blantonning aytishicha, maxfiylik muddati o'tsa ham, materiallarni razvedka idoralaridan olish oson emas.

"Ba'zi ma'lumotlarni olish uchun 10-15 yil kutishga to'g'ri keldi, chunki hukumat ularni oshkor qilishga qarshi", - deydi u.

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasining shubhali faoliyatiga doir hujjatlar ana shular jumlasidan.

Blanton deydiki, boshqarma 1970-yillarda AQSh qonuniga zid faoliyat bilan shug'ullangani oshkor bo'ldi.

"Siyosiy qotilliklar, jinoiy guruhlar bilan aloqalar, narkotiklar yordamida tafakkurni nazorat etishga qaratilgan eksperimentlar…"

Arxivda Oq uy telegrammalari va xatlari, Kongress hujjatlari, suddagi guvohliklarga doir millionlab sahifali turli mavzudagi qo'lyozmalarni topish mumkin. Masalan, AQSh prezidentlarining chet el davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvlari, 1989-yilda Germaniyada Berlin devori qulashi yoki Kubaning Guantanamo qamoqxonasida terrorchilik gumoni bilan saqlanayotgan mahbuslarga oid hujjatlar…

Arxiv rahbari Tom Blantonning aytishicha, ayrimlari juda ham qiziqarli.

"Iroq urushi rejasini oladigan bo'lsak, atigi ikki yilga mo'ljallangan bo'lib, undan keyin mamlakatda 5000 askarni qoldirish ko'zda tutilgan edi. Uzoq muddatga qolish rejada umuman bo'lmagan", - deydi u.

Blanton deydiki, arxivdagi suratlar o'tmish haqida qiziqarli voqealarni hikoya qiladi. Masalan, rok-n-roll qiroli Elvis Preslining 1970-yilda Oq uyda prezident Richard Nikson bilan tushgan rasmi. Yoki 1960-yillar boshida olingan suratlar AQShda Sovet Ittifoqiga qarshi ehtimoliy urushga tayyorgarlikni tasvirlaydi.

Blanton o'tmishda jurnalist bo'lgan. Uning aytishicha, hukumat haddan tashqari ko'p hujjatlarni maxfiylashtirgan.

"Biz bunga qarshimiz. Haqiqiy davlat sirlari bo'ladi, albatta. Masalan, yadro quroli loyihasi. Terrorchilar bunday ma'lumotdan foydalanib, bizga qarshi qurol yaratishi mumkin. Ammo haqiqiy sir maxfiylashtirilayotgan hujjatlarning juda kichik qismini tashkil qiladi xolos", - deydi u.

Blantonning aytishicha, Milliy xavfsizlik arxivi hukumatdan maxfiy saqlangan hujjatlarni oshkor etishni so'rashda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG