Saif al-Islom qo'lga tushdi

  • Amerika Ovozi

Saif al-Islom Tripolida tarafdorlari orasida, 23-avgust 2011

Saif al-Islom Tripolida tarafdorlari orasida, 23-avgust 2011

Bugun Liviyaning Niger bilan chegaradosh Obari shahrida sobiq rahbar Muammar Qaddafiyning to'ng'ich o’g’li Saif al-Islom qo’lga olingan.

Saif al-Islom qidiruvda edi. Yaqinda Niger uning ukasi Saadiy Qaddafiyga siyosiy boshpana bergan edi. Onasi Sofiya, opasi Oysha va yana ikki ukasi Muhammad va Gannibal Jazoirda.

Yetti o'g'ildan uch nafari - Mutaassim, Xamis, Saif al-Arab - inqilobiy kuchlar va NATO hujumlarida o'lgan.

Liviya rasmiylarining aytishicha, Saif al-Islom kichik bir to’da bilan ushlanganida ortiqcha qarshilik ko’rsatmagan.

Tripoli, 10-mart, 2011

Tripoli, 10-mart, 2011

Insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanayotgan Saif al-Islom Xalqaro Jinoiy Sudga tortiladi. Otasi hukmdorlik paytida fuqarolarga qarshi shafqatsiz siyosat va ayniqsa, qozg’olonlarni qonli bostirish, namoyishchilarga nisbatan vahshiyliklarda Saif al-Islom muhim rol o’ynagan.

Xalqaro Jinoiy Sud prokurori Luis Moreno-Okampo deydiki, Saif al-Islom Qaddafiy bilan bir oycha oldin aloqa o’rnatilgan va u murosaga tayyorligini aytgan.

Liviya bo’ylab Qaddafiy davri yakun topgani bayram qilinmoqda. Bugungi xabar, deydi odamlar, buning yana bir isboti.

Saif al-Islom otasining o’rniga keladi degan ishonch baland edi.

G’arbda ta’lim olgan, liberal qarashlari bilan tanilgan, islohot va o’zgarishlarni targ’ib qilib, yangi avlod vakili sifatida olqishlangan bu yigit qozg’olonlar boshlangach, to’nini taskari kiydi.

Namoyishlar tinmas ekan, Said al-Islom, ular ayovsiz bostiriladi deya ogohlantira boshladi.

Otasi, Qaddafiy olasi va ularning tarafdorlari qonga qon bilan javob beradi, degan edi u.

Shu yilning iyun oyida Saif al-Islom norasmiy bosh vazir deya atala boshlagan edi. Avgust oyidan beri esa uning qayerda ekani mavhum edi.

Bing'ozi va boshqa yirik shaharlarda tantana... Qaddafiy davri o'tdi, deya odamlar.

Bing'ozi va boshqa yirik shaharlarda tantana... Qaddafiy davri o'tdi, deya odamlar.

39 yoshli Saif al-Islom namoyishlar urush tusini olgan paytda G’arbni jangarilar oldini olayotgani uchun qoralab, xalqdan ham norozi ekanini yashirmagan edi.

Chiqishlaridan birida “Hokimiyatda o’tirganingizda hamma sizning oyog’ingizni yalaydi, uni boy berganingizdan keyin esa hamma yuzingizga tupuradi”, - dega nolalar qilgan edi.

G’arb, xususan Qo’shma Shtatlar unga yaqingacha ham usta vositachi deb qarab keldi. Liviya ommaviy qirg’in qurollaridanvoz kechib, Amerika va Yevropa Ittifoqi bilan til topisha boshlaganida, Saif al-Islom qahramon sifatida ko’rilgan.

U boshchilik qilgan insonparvarlik tashkilotlari Afrika va boshqa davlatlarda ocharchilik va qashshoqlikka qarshi kurashda yordam bergan.

Saif al-Islom mahalliy va mintaqaviy mojarolarni yechishda ham jonbozlik ko’rsatgan.

Ammo, deydi bugun Liviya bo’ylab uning hibsga olinganini tantana qilayotgan omma vakillari, Saif al-Islom baribir otasining o’g’li edi – qonxo’r, zolim, vijdonsiz va ko’zboyamachi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG