Selma, Alabama shtati: Irqchilikka qarshi kurash davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Barak Obama irqchilikka qarshi kurashga sanha bo'lgan ko'prik oldida so'zlamoqda, Selma shahri, Alabama shtati, 7-mart, 2015

Barak Obama irqchilikka qarshi kurashga sanha bo'lgan ko'prik oldida so'zlamoqda, Selma shahri, Alabama shtati, 7-mart, 2015

Barak Obama, AQShning birinchi afro-amerikalik prezidenti, oilasi bilan Alabama shtatiga borib, yurtdoshlarini irqiy tenglik uchun kurashni davom ettirishga undamoqda.

Amerika o'z tarixining qora sahifalarini yodga olmoqda. Alabama shtatining Selma shahrida bundan yarim asr oldin keng miqyosli norozilik namoyishlari o'tib, afro-amerikaliklar adolat talab qilib chiqqan. 1965-yilda qora tanlilarga ovoz berish huquqini kafolatlovchi qonun qabul qilingan.

Barak Obama, AQShning birinchi afro-amerikalik prezidenti, oilasi bilan Alabama shtatiga borib, o'sha namoyishlarning asosiy sahnasi bo'lgan ko'prik va bugun istirohat bog'iga aylangan maydonda so'zlab, yurtdoshlarini irqiy tenglik uchun kurashni davom ettirishga undamoqda.

Bugungacha ulkan yutuqlarga erishildi, deydi Obama, biroq irqiy tenglik yo'lida to'siqlar hamon ko'p.

Alabama shtatidagi tadbirlarda sobiq prezident Jorj Bush va uning rafiqasi Lora ham ishtirok etmoqda.

Fuqaro huquqlari harakati deya nom olgan bu tarixiy kurashda faol rol o'ynagan avlod bugun 70-80 yoshlar orasida va ularning bir necha nafari Kongress a'zosi, taniqli arboblar va qahramonlar. Ular ham bugungi yig'inlarda ommaga murojaat qilib, yoshlar oldidagi vazifalarni eslatmoqda.

O'tgan bir yil ichida Missuri shtatining Ferguson shahrida irqchilik hollari kuzatilib, qonli voqealar yuz berdi.

Yaqinda chiqqan hisobotga ko'ra, u yerda politsiya odamlarni rangiga qarab nishonga oladi, qora tanlilarga haddan tashqari ko'p qo'pollik qilinadi, ularga nisbatan kuch ishlatish hollari keng tarqalgan.

Obama fikricha Amerikada bugun irqiy tenglik to'liq ta'minlangan deyish xato bo'ladi, biroq hech narsaga erishilmadi deyish - vijdonsizlik.

Mamlakatning ayrim burchaklarida huquq-tartibot organlari qoralarga tazyiq o'tkazayotganiga qarab, bu juda keng tarqalgan holat deya olmaymiz, deydi Obama.

Adolat oldida hamma teng ekani qonunda belgilab qo'yilgan, u buzilsa, demak, javobgar odam jazolanishi kerak, deydi prezident.

Obama ikki qizi va rafiqasi bilan 1965-yildagi namoyishlar paytida minglab odamlar o'tgan ko'prik yurib, tarixni esladi. O'sha damlarda politsiya namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatgan, qora tanlilar halok bo'lgan va bu kun "qonli yakshanba" nomini olgan.

O'sha mudhish sanadan ikki hafta o'tib, irqchilikka qarshi kurash yetakchisi Martin Lyuter King boshchiligida Selma shahridan Montgomerigacha piyoda yuriladi. Bu chiqishlar natijasida yuqorida qayd etilgan qonun qabul qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG