Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi Suriyada harbiy amaliyotga ruxsat berdi

  • Amerika Ovozi

Davlat kotibi Jon Kerri, Pentagon rahbari Chak Xeygl va general Martin Dempsi senatorlar savollariga javob berar ekan, qo'mitaning 10 vakili harbiy amaliyotni yoqladi. Yetti a'zo esa rad javobi berdi.

Davlat kotibi Jon Kerri, Pentagon rahbari Chak Xeygl va general Martin Dempsi senatorlar savollariga javob berar ekan, qo'mitaning 10 vakili harbiy amaliyotni yoqladi. Yetti a'zo esa rad javobi berdi.

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasi Suriyada harbiy amaliyotga oq fotiha berdi. Shunday ekan, masala kelasi hafta Senat va Vakillar palatasining umumiy majlisida ovozga qo'yiladi. Respublikachilar hukmron quyi palatada shiddatli bahslar kutilayapti.

Qo'mita a'zolari aynan qancha kuch qo'llash va amaliyot qancha vaqt davom etishi ustida uzoq tortishdi. Davlat kotibi Jon Kerri, Pentagon rahbari Chak Xeygl va general Martin Dempsi qatorasiga ikkinchi kun senatorlar savollariga javob berdi. Qo'mitaning 10 vakili harbiy amaliyotni yoqladi, yetti a'zo esa rad javobi berdi.

Rezolyutsiya 60 kunlik havo hujumlariga ruxsat beradi. Zarurat tug'ilsa, operatsiya yana bir oyga cho'zilishi mumkin. Loyiha askar jo'natishni nazarda tutmaydi va Suriyada kimyoviy va biologik qurollar qo'llanishining oldini olishga qaratiladi.

Obama ma'muriyatining ta'kidlashicha, Bashar al-Assad hukumati 21-avgust kuni aholiga qarshi zaharli gaz qo'llagan. Natijada 1400 dan ziyod odam jon bergani aytiladi.

Kongressdagi yetakchi qonunchilar nazarida Suriyani musht bilan jilovlash zarur. Biroq Amerika jamoatchiligi urushga aralashmaylik, deya fig'oni falak.

Obamaning izohi shuki, jahon sukut saqlasa, xalqaro hamjamiyatga ishonch yo’qoladi.

"O’z obro’miz, sha’nimiz bir pul bo’ladi", - deydi Obama.

AQSh prezidenti o’tgan yilning bahorida Suriya rahbariyatiga jiddiy ogohlantirish berib, ommaviy qirg’in qurolini qo’llash oxirgi tomchi (“qizil chiziq”) bo’ladi, degan edi.

Shvetsiyada bosh vazir Fredrik Raynfelt bilan gaplashgan Obama o’sha bayonotiga izoh berib, “qizil chiziq”ni men emas, xalqaro hamjamiyat tortgan edi, dedi.

"Jahon ahli kimyoviy qurolni taqiqlash orqali o’z pozitsiyasini bildirgan", - deydi Obama.

Ikki davlat rahbarining fikri shuki, xalqaro jamiyat Suriyadagi vahshiylikka tinch qarab tura olmaydi va har qanday sukunat bo’lg’usi hujumlarga yo’l ochib beradi.

Obama Stokgolmda bir kun to’xtab, ertaga Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga yo’l oladi va Katta Yigirmalik yig’ilishida qatnashadi. Tadbir kun tartibidagi asosiy mavzu Suriya bo’lishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG