Senat qurol nazoratiga doir bir necha taklifni rad etdi

  • Amerika Ovozi

Demokrat senator Kris Merfi qurol nazorati zarurati haqida baralla gapirib kelayotgan davlat arboblaridan.

Demokrat senator Kris Merfi qurol nazorati zarurati haqida baralla gapirib kelayotgan davlat arboblaridan.

AQSh tarixidagi eng qonli ommaviy otishmadan sakkiz kun o’tgach Amerika Senati qurol savdosini nazorat qilishga qaratilgan bir necha taklifni rad etdi. Demokrat qonunchilar kiritgan ikki loyihaga respublikachilar qarshi chiqdi.

Demokrat senator Kris Merfi yangi qonunlarsiz qurol zo’ravonligiga chek qo’yib bo’lmaydi, dedi.

"Terrorchilar amerikaliklarni o’ldirish uchun samolyot yoki qo’lbola bombalarni emas, avtomatik qurollarni ishga solmoqda. 11-sentabr xurujlaridan so’ng terrorchilarni samolyotga yaqinlashtirmay qo’ydik. Shundan keyin ular qo’lga qurol ola boshladi. Terror guruhlari yolg’iz odamlarni o’z tomoniga og’dirib, qurolni do’kondan sotib olishga majburlamoqda. Ammo respublikachilar hozir to’g’ri ish qilmayapti. Ular saylovchining fikrini inobatga olmayapti", - dedi qonunchi.

Demokratlar taklif etayotgan choralardan biri mamlakat miqyosida ehtimoliy terrorchilar ro’yxatini tuzib, bunday odamlarga havoda uchishni, qurol sotib olishni taqiqlashga qaratilgan. Yana biri esa qurol sotib olgan odamlarni tekshirishni ko’zda tutadi.

Respublikachilarning e’tirozi shuki, bu qonun loyihalarida ehtimoliy terrorchilar ro’yxatiga adashib kiritilgan odamlarga hukumatning bu qaroriga nisbatan apellyatsiya berish mexanizmi yo’q.

Kongressda qurol nazoratiga doir munozaralar yillar davomida natija bermas ekan, mamlakatda ommaviy otishmalar davom etmoqda. 2012-yilda Konnektikut shtatidagi maktabda 20 o’quvchi va olti o’qituvchi, o’tgan yili esa Kaliforniyada 14 odam o’ldirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG