Senator Braun: Gonkongda demokratiya yo'q

  • Amerika Ovozi

AQSh senatori Sherrod Braun

AQSh senatori Sherrod Braun

AQSh senatori Sherrod Braunning aytishicha, Obama ma’muriyati Gonkong hukumatidan namoyishchilar huquqlarini e’zozlashni talab qilishi kerak. Gonkonglik talabalar chiqishlarini bas qilmasligini aytmoqda.

Politsiya do’q-po’pisasi va ogohlantirishlariga qaramay, talaba namoyishchilar bo’sh kelmayapti. Demokrat qonunchi Sherrod Braun ularga nisbatan kuch ishlatilishidan xavotirda. Obama ma’muriyati bu masalada qat’iyatliroq bo’lishi kerak, deydi u.

Braun Kongressning Xitoy bo’yicha komissiyasini boshqaradi. Gonkong Xitoy boshqaruviga o’tganidan beri u yerda Erondagi kabi demokratiya o’rnatilgan, ya’ni ovoz berish mumkin, ammo kimga ovoz berishni rahbariyat belgilaydi, deydi senator.

“Bu demokratiya emas. Gonkong xalqi bunga ortiq chidab o’tirmasligi kerak. Biz ham”, - deydi u.

Davlat departamenti Gonkong hukumatini bosiqlik va muloqotga chaqirdi. Braunning aytishicha, AQSh Xitoy qudratining oshishini nazorat qila olmadi, uni qoidalarga qarab ish tutadi deya xato umid qildi.

“Xitoy internetda Amerikaga qarashli veb-sahifalarga to’siqlar qo’yib, ularni senzura qilayotgan bir paytda uning texnologik kompaniyalari bozorimizda milliardlab dollar pul ishlamoqda. Bu to’g’ri emas. Siyosiy mahbuslarni ozod etmay turib, mehnat lagerlarini yopmay turib, ishchilar, ozchilikdagi elatlar huquqlarini himoya qilmay turib, inson huquqlariga doir muloqot haqida gapirish to’g’ri emas”, - deydi Braun.

AQSh senatori nazarida Tayvanda shanba kuni o’tgan saylovlarga Gonkongdagi namoyishlar ta’sir qilgan. Natijada Xitoyga moyil partiya mavqeini yo’qotdi.

“Saylov natijalaridan Tayvan xalqi va hukumati Xitoydan uzoq turishni istashi ma’lum bo’ldi”, - deydi Braun.

Gonkongdagi namoyish yetakchilari zo’ravonliklarning oldini olish uchun tarafdorlaridan uylariga tarqalishni so’radi.

"To’qmoqlar bilan o’z hukmini o’rnatayotgan hukumat bilan gaplashishdan foyda yo’q. Namoyishchilar xavfsizligini o’ylab, tinchlik va muhabbat yo’lida taslim bo’lishga qaror qildik va talabalardan chekinishni so’radik”, - deydi yetakchilardan biri Benni Tay.

Biroq talabalar nazarida ish chala qoldirilsa, asosiy maqsad zarar ko’rishi mumkin.

"Agar hozir ketsak, hech bir natijaga, kelajakda haqiqiy saylovlarga erisha olmaymiz", - deydi ulardan biri Patrisiya Lau.

Senator Braun nazarida Vashington bu talabalarning intilishlarini qo’llab-quvvatlashi va Pekin bilan muomalaga tuzatish kiritishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG