Breaking News

Sanjar Umarov Amerikaga: O'zbekiston xalqi manfaatlarini unutmang


Sanjar Umarov yaqinda Kongress huzurida bo'lib, siyosiy mahbuslar masalasini ko'targan edi
Sanjar Umarov yaqinda Kongress huzurida bo'lib, siyosiy mahbuslar masalasini ko'targan edi

Sobiq siyosiy mahbus AQShni huquq va erkinlik targ’ibotini birinchi o’ringa qo’yishga undamoqda. "Los Anjeles Times" gazetasida maqola yozdi.

Ayni damda Toshkentda AQSh va O’zbekiston rasmiylari orasida yillik maslahatlashuv kengashi avjida. Tomonlar xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik, qoradori savdosiga qarshi kurash, huquq va demokratiya, madaniy aloqalar hamda savdo va sarmoya bobida fikr almashmoqda.

Maqsad aniq, deydi AQSh diplomatlari, bu sohalarda hamkorlikni oshirish. Vashington Islom Karimov va uning ma’muriyati bilan bugungi aloqa faqat Afg’onistonga bog’liq emas deya qanchalik ishontirishga urinmasin, amalda buni ko’rmayapmiz, deydi kuzatuvchilar.

Kuni-kecha Amerikaning nufuzli gazetalaridan biri, Kaliforniya shtatida chiqadigan “Los Anjeles Times” muxolifatdagi Serquyosh O’zbekistonim koalitsiyasi rahbari, sobiq siyosiy mahbus, bugungi kunda Tennessi shtatida yashayotgan Sanjar Umarovning sharhini chop etdi. Unda Umarov 2005-2009 yillar orasida qamoqda boshdan kechirganlari, qiynoqlar va repressiya haqida yozadi. U Obama ma’muriyatini huquq va erkinlik targ’ibotini birinchi o’ringa qo’yishga undaydi.

Muallifni suhbatga tortdik:



AMERIKA OVOZI: “Los Anjeles Times” dagi maqolangiz “Uzbekistan deserves better” - O’zbekiston yaxshiroq munosabat, ko’proq e’tiborga loyiq deb nomlangan. Bunday sharhlarning kuchi, ahamiyati nimada deb o’ylaysiz?

UMAROV: Birinchidan, Amerikada O’zbekiston deganda, ayniqsa gazetalarda, Afg’oniston va shimoliy tarmoq (xalqaro koalitsiyaga yuk tashiladigan yo’nalish) nuqtai-nazaridan eslashadi. Mening maqsadim - O’zbekiston va o’zbekistonliklar to’g’risida amerikaliklar va ularning hukumatiga tushuntirish. Qay yo’ldan borish borish kerak, nimalarga e’tibor qaratish kerak, ayniqsa inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatga kelganda. Kaliforniya endi o’zingiz bilasiz katta shtat… Shuning uchun juda xursandman bu yerdagi gazetada maqolam chiqqanidan.

AMERIKA OVOZI: Maqolangiz mazmuni shundan iboratki, Obama ma’muriyati Afg’onistondagi maqsadlarni deb O’zbekistondagi vaziyatga ko’z yummasligi kerak. Sizningcha, Vashington Toshkentdagi avtoritar va zolim hukumat bilan hamkorlik qilar ekan, keskin shartlar qo’yishi, huquq bilan bog’liq ahvolni tuzatish uchun konkret o’zgarishlar qilishga undashi kerak. Masalan, qanday o’zgarishlar?

UMAROV: Endi hozir shunday bir holat bo’lib qoldi. Tasavvur qiling, katta bir buqa. Uni arqonlab xohlagan tomoniga tortish mumkin, aylantirib o’ynatish mumkin… Amerika shunday bir katta buqadek, O’zbekiston rahbari uning burniga shunday bir arqonni kiydirib, o’ynatayapti bu katta davlatni. Axir super derjava deyishadi bu davlatni, dunyodagi eng kuchli davlat. Amerika fikr-g’oyaga asoslangan. Bu fikr – inson huquqlari, demokratiya, insonni hurmat qilish… Biz tushunamiz, o’sha tarmoq kerak. Lekin u tizim ishlayveradi, yopib qo’yolmaydi uni hech kim. Yopsa, jarimasi bor, birinchidan. Ikkinchidan, kerak bo’lsa boshqa tomonlardan ham o’tsa bo’ladi. Pokiston ham qayta ochildi hozir. Turkmaniston va Tojikiston orqali o’tsa bo’ladi. Shuning uchun bu tarmoqni deb O’zbekistonda zulm ostida yashayotgan 30 million aholini pisand qilmaslik noto’g’ri bo’ladi, mening nazarimda.

AMERIKA OVOZI: Maqolangizda konkret qadamlarga misol sifatida siyosiy mahbuslar, muxolifatchilar, huquq himoyachilari va jurnalistlarni ozodlikka chiqarish talabi qo’yilsin degansiz…

UMAROV: Albatta. Bu eng asosiysi. Biz yetti yil oldin ham shunday talabni olg’a surganmiz. Barcha vijdon tutqinlarini, siyosiy mahkumlarni ozod qilish. Shuning uchun hozir ham o’sha talab – talab. Agar talab qilsa, chiqaradi. Mana meni va boshqalarni chiqarishdi-ku. Talab katta bo’lgani uchun chiqarishdi, bo’lmasa hech kim bizni qo’yib yubormas edi. Lekin AQSh talab qilmayapti…

AMERIKA OVOZI: Amerika rasmiylari, yetakchi diplomatlar bizga shuni aytib keladiki, muzokaralarda huquq va erkinlik masalasi chetga surilmagan va Karimov rahbariyati AQSh vaziyatdan norozi ekanini biladi. Sizningcha, aytishning o’zi yetmaydi, shundaymi?

UMAROV: Gap amalda aksini topmasa, noto’g’ri bo’ladi. Gapirayapmiz deyishadi, lekin shu yilning yanvarida Kongress harbiy yordam berish uchun mavjud cheklovlarni olib tashladi. Bu cheklov o’zi inson huquqlari buzilayapti deb 2004-yilda qo’yilgan edi. Nima, hozir yaxshilandimi? Aksincha, 2005-yildan beri nimalar bo’lmadi. Andijon bo’ldi, qancha odam qamaldi, qanchasi nobud bo’ldi.

AMERIKA OVOZI: Ko’plab tahlilchilar sizning bu fikringizga qo’shiladi, lekin shuni ham aytishadiki, Amerika O’zbekiston xalqi bilan emas, hukumati bilan hamkorlik qilayapti… Jamiyatlarni bir-biriga yaqinlashtirish kerak deyishadi.

UMAROV: To’ppa-to’g’ri.

AMERIKA OVOZI: Amerika O’zbekistondagi oddiy odamlar, xalq bilan bog’lanib, uning dardiga quloq solishi uchun nima qilmog’i lozim? Hozirgi sharoitda buning iloji bormi?

UMAROV: Amerika ko’p narsa qilishi mumkin, juda ko’p narsa. Masalan, aktivistlar bor… Asosan chet elda, chunki ko’plab faollar chiqib ketgan mamlakatdan. Ular bilan muloqot qilsa bo’ladi Amerika, ularni bir joyga to’plab, fikrini eshitib, ma’lumot olib, informatsiya almashib. Unday qilmayapti, nima uchun? Chunki qo’rqadi. O’zbekiston rahbariyatining g’azabi keladi deb qo’rqishadi. Masalan, eslasak, Mo’tabar Tojiboyevaga mukofot berganida (2009-yilda) AQSh elchisini chaqirtirishgan Toshkentda. Shundan beri qo’rqib qolishdi. Termizda Hayratondagi shlagbaumni yopib qo’yar ekan deb qo’rqib qolishdi. Qo’rqish kerak emas. 2006-yilda qamoqda edim. O’sha paytda Iroqda Saddam Husayn ustida sud ishi bo’lgan. Bu jarayon O’zbekiston rahbariyatini ancha cho’chitgan. O’sha paytda ular hamma narsaga tayyor edi. Amerika talab qilsa, o’zgarish qilardi o’sha paytda, lekin qilmadi. Aksincha, teskari siyosat olib borishdi.

AMERIKA OVOZI: Amerika siyosatdonlaridan nima uchun muxolifatchilar bilan muloqot yo’q deb so’raganimizda, ular juda tarqoq guruh deb javob qilishadi. Yevropa va Amerikada yashayotgan faollar ko’p, ammo kuchli bir muxolifat mavjud emas, kim bilan gaplashishga hayronmiz, deyishadi. Bunga nima deysiz?

UMAROV: O’zbekistonda muxolifat yo’q, chunki Milliy Xavfsizlik Xizmati bunga yo’l qo’ymaydi. U yerda muxolifatga qarshi ishlaydigan maxsus kontr-razvedka bo’limi bor. Ular qancha muxolifatchini yo’q qilsa, shuncha ko’p yulduzcha oladi, mukofot oladi.

AMERIKA OVOZI: Lekin chet eldagi muxolifat ham birlashmagan degan fikr keng tarqalgan, to’g’rimi?

UMAROV: Gap unda emas. Ular bilan alohida gaplashsa bo’ladi. Mana yaqinda men Kongressda ma’ruza qildim (video). Kongressdagilar meni yaxshi biladi. Xelsinki Komissiyasi, kongressmenlar va senatorlar yaxshi bilishadi. Yevropaga taklif qilishdi… Biladi hammasi, biladigani. Ko’zini yumib, muxolifat yo’q, deydi. Bor muxolifat, nega yo’q ekan?

AMERIKA OVOZI: Aytmoqchisizki, siyosiy iroda, xohish bo’lsa, gaplashish, muloqot qilish mumkin.

UMAROV: Albatta siyosiy xohish-iroda bo’lishi kerak. Bo’lmasa, bor narsani ham ko’rmasligi mumkin. Biz (Serquyosh O’zbekistonim koalitsiyasi) 2005-yilning yozida harbiylar, zobitlar bilan gaplashganmiz. Tushuntirish ishlari olib borganmiz. Xalq yana chiqsa ko’chaga, ularni otmang deb. Ot deb tepadan buyruq berishsa ham… O’sha ofitserlar tushungan, aytishgan bizga. Bilasizmi, ular bizga aytishgan, tepadan shunday buyruq kelsa ham otmaymiz, deb. Andijonda otishma bo’lganidan odamlar, ofitserlar ham norozi edi. Bilasiz, O’zbekistonda qanaqa sharoit… Mana shu zobitlar qaraydi-da, qani Amerika kimni qo’llab-quvvatlayapti deb. Ha, mana Amerika shu rahbariyatni quvvatlayapti deb xulosa qiladi hozir.

UMAROV: Siz 2004-yilda asos solgan Serquyosh O’zbekistonim koalitsiyasi bugun qanchalik faol?

UMAROV: O’zbekistonda bizni qo’llagan odamlar bor. Har xil tashkilotlarda bor. Guruhlar bor. Men ular to’g’risida gapirmayman, chunki ular mamlakatning ichida. Mana shu odamlarning xafsalasi pir bo’lishi kerak emas. Biz ko’p narsa qilsak bo’ladi. Masalan meni yo’q qilishmoqchi edi. Qamalganimda, o’shanda, o’ldirishmoqchi edi. Lekin meni qo’llab-quvvatlaydigan odamlar shunga yo’l qo’ymadi. Shundan xulosa qilish mumkin Serquyosh O’zbekiston qanday kuchga ega. Shu bois ular bu yerda ham boshqacha qarashi kerak O’zbekiston va uning xalqiga. Chunki keyinchalik baribir o’zgarish bo’ladi. O’shanda xalqni G’arb bilan hamkorlik qilishga ko’ndirish qiyin bo’ladi, agar G’arb hozir choponni teskari kiyayotgan bo’lsa. Odamlar aytadi, ha bu Amerika Karimovni quvvatlagan deb. Xalq ko’rib turibdi hammasini, nima qora, nima oq. Amerika buni tushunishi kerak. Men shuni tushuntirmoqchiman. Oddiy xalq bu yerda O’zbekiston haqida uncha bilmaydi, lekin bilganlar juda yaxshi munosabatda. Mana bizning shtatimizda... O’zbeklar qayerda yashayotgan bo’lsa, o’sha yerda xalqimizga juda yaxshi qarashadi”.



Sanjar Umarov yaqinda Kongressda siyosiy mahbuslar masalasini ko'targan edi:


  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG