Breaking News

Britaniya elchixonasi sobiq soqchisi: Toshkentda qiynoqqa solindim, elchixona beparvo


"Independent" - G'arbda keng miqyosda o'qiladigan gazetalardan biri
"Independent" - G'arbda keng miqyosda o'qiladigan gazetalardan biri
Toshkentda Britaniya elchixonasida soqchi bo’lib ishlagan Qayum Ortiqov O’zbekiston huquq-tartibot organlari qo'lida qiynoqqa solinganini aytmoqda.

Ingliz mutasaddilari buni bilsa-da, beparvolik qilishdi, deydi odam savdosi ayblovi bilan qamoqqa olingan 44 yoshli Ortiqov.

Uning taqdiri ilk bor Britaniyaning “Independent” gazetasida keng yoritildi.

Maqolada yozilishicha, O’zbekiston milliy xavfsizlik xizmati undan axborot uzatib turishni so’raganida Ortiqov rad javobini bergan va shuning uchun qiynoqqa solingan, xususan, oyog’ini osmondan qilib osib qo’yilgan, yalang’och qilib kaltaklangan.

2008-yilda qamalib, ikki yil o’tirgan Ortiqov Britaniya rasmiylari meni biror marta ko’rishga kelmadi, deydi.

2011-yilda "Independent" nashri uning rafiqasi Mohira Ortiqovadan intervyu olgan.

Bir necha hafta o’tib, O’zbekiston rasmiylari Ortiqovni qo’yib yuborgan va oila o’tgan yili Ukrainaga chiqib ketishga muvaffaq bo’lgan.

Ularning ishi BMT Qochqinlar idorasi tomonidan ko’rib chiqilmoqda. O’zining va oilasining xavfsizligidan hayiqqan Ortiqov shu paytgacha bu haqda jamoatchilikka xabar bermay yurgan.

Ortiqov Britaniya elchixonasini befarqlikda, o'z xodimidan yuz o’girganlikda ayblaydi.

Vaholanki, deyiladi ingliz matbuotida chiqqan maqolada, bu shaxs Britaniya Tashqi ishlar vazirligi xizmatidagi odam bo'lgan.

Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” tashkiloti bu ishni o’rganib chiqib, barcha da’volar asosli ekanini bildiradi.

G’arb elchixonalari bilan aloqador shaxslar vatanda josus, xoin deya tamg’alanadi, deydi tashkilot rasmiysi Stiv Sverdlov.

Sverdlov Toshkentda Mohira Ortiqova bilan, xavfsizlik xodimlari nazorati ostida bo'lsa-da, gaplashgani va bu ayol erining taqdiri haqida qo'rqmay gapirib bergani, adolat talab qilib eshikma-eshik yurgani haqida aytib bergan.

Mohira Ortiqova hech kimdan yordam ololmasa ham umidni boy bermadi, mardona harakat qildi. O'zbekiston bilan apoq-chapoq Yevropa Ittifoqi, xususan Britaniya hukumati, qolaversa Amerika Islom Karimovning repressiv siyosatiga nisbatan qattiq gapira olmaydi, ularda Mohira Ortiqovadagi jasorat yetishmaydi, deya mulohaza yuritadi Sverdlov bugun "Independent" gazetasida chop etilgan sharhida.

Mohira Ortiqovaning o'zi Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronga maktub yo'llab, ko'mak so'ramoqda.

"Bizga o'z mamlakatingizdan boshpana bering, boshqa joyda xavfsizroq yashay olmaymiz", - deya iltijo qiladi Ortiqova, eri va oila boshidan o'tgan qiyinchiliklarni tasvirlab berar ekan.

Britaniya rasmiylari deydiki, ular Qayum Ortiqov ishiga befarq bo'lmagan va yordam ko'rsatishga harakat qilgan. Sobiq mahbus va uning oilasi bu yolg'on deydi.

O'zbekistonning Londondagi elchixonasi "Independent" gazetasi murojaatiga, Ortiqov jinoyatda aybdor deb topilgan shaxs, deya javob qilgan. Ya'ni, respublika rahbariyati nazarida, u qonunlarni buzgan va buning uchun jazolangan.

Britaniya hukumati endi qanday yo'l tutadi, hozircha noma'lum. Lekin Qayum Ortiqovning taqdiri bugun ingliz va butun G'arb matbuotida keng muhokamada.

Britaniya va Amerika Afg'onistondagi qo'shinlari va vositalarini O'zbekiston orqali chiqarar ekan, Karimovning jig'iga tegishni istamayotgani aniq, deydi kuzatuvchilar, ammo ular yuqoridagi adolatsizliklarga ham ko'z yummasligi lozim.
"Independent" gazetasida chiqqan maqolaning internetdagi ko'rinishi
"Independent" gazetasida chiqqan maqolaning internetdagi ko'rinishi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG