"Banderachi" o'zbek Ukrainada O'zbekistonni Rossiya agressiyasidan himoya qilmoqda


Shavkat Muhammad, Ukraina

Shavkat Muhammad, Ukraina

Ukrainada rossiyaparast kuchlarga qarshi kurashayotgan ukrain ko’ngillilar batalyoni “Aydar” safida boshqa millat vakillarini ham ko’rasiz. O’zbeklar ham bor.

Ulardan biri Shavkat Muhammad Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi Markaziy Osiyoda ham ko’chishi mumkin deya xavotirda. Rossiya Ukrainada to’xtatilmas ekan, ertaga mintaqa ham xavf ostida qoladi deya ishonadi u.

Shavkat Muhammad Ukrainada Viktor Yanukovichni prezidentlikdan ag’dargan inqilobda faol ishtirok etgan.

Maydonda g’alaba qilinib, ziddiyatlar Ukraina sharqiga ko’char ekan, u ham maydonchilardan tashkil topgan “Aydar” batalyoniga qo’shildi.

Ayirmachilar bilan janglar davom etayotgan Lugansk viloyatidan yaqinda Kiyevga qaytgan Shavkat Muhammad deydiki, uni harbiy amaliyotlarga ishtirok etishga undagan omil - maydonchi do’stlari bilan bir safda turish, Rossiya agressiyasiga javob qaytarish.

Shavkat Muhammad, Ukrainada rossiyaparast kuchlarga qarshi jang qilayotgan o'zbekistonlik

Shavkat Muhammad, Ukrainada rossiyaparast kuchlarga qarshi jang qilayotgan o'zbekistonlik

“Luganskdagi muhim bir obyektni mudofasida ishtirok etayapmiz. “Aydar” tarkibidagi “Viking” deb nomlangan maxsus bo’limdamiz. Bu bo’lim asosan Maydondagi faollardan tashkil topgan. O’zim ikki yildan buyon Ukrainada yashayman. Maydondagi inqilobda boshidan faol qatnashdim. Ukraina sharqida janglar boshlanar ekan, avvaligi gumanitar yuklarni yetkazish bilan shug’ullandik. Xavfli zonada o’q otar quroldan foydalanish zaruriyati kuchli. Umuman, ko’ngilli batalyonlarda Maydondagi do’stlarim ko’p. Men ham qolishga qaror qildim. Rossiya agressiyasi kengayib bormoqda, avvaliga Qorabog’, keyin Gruziya va mana hozir Ukraina”, - deydi yigit.

Shavkat Muhammad fikricha Vladimir Putin rahbarligidagi Rossiya ertaga Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston tinchligiga ham raxna solmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi.

Shavkat Muhammad, Kiyev

Shavkat Muhammad, Kiyev

“Men Kreml agressiyasiga keskin qarshiman. Men ko’plab o’zbekistonliklar, qirg’izistonlik, qozog’istonliklar bilan gaplashaman, ular ham shu fikrda. Rossiyaga ishonch yo’q, doim har qanday provokatsiyaga tayyor turish kerak. Ukraina hozir kuchsiz. Rossiyani to’xtatish qiyin, ammo biz Rossiyaga ko’rsatib qo’yishimiz kerak - u nafaqat Ukrainada, balki O’rta Osiyoda ham qarshilikka uchraydi, o’z harakatlariga javob oladi. Rossiyaning siyosati hozir shu yo’lda, mintaqa bu xavfga tayyor turishi kerak”.

Shavkat Muhammad internetda O’zbekistondagi vaziyat haqida e’lon qilingan tanqidiy maqolalari bilan tanilgan, Ukraina inqiloblaridan ruhlangan faollardan biri. Ammo uningcha yaqin kelajakda Maydondagi singari inqiloblarni O’zbekistonda kutish qiyin.

Shavkat Muhammad sherigi bilan, Ukraina

Shavkat Muhammad sherigi bilan, Ukraina

“Men uchun bu kurash Kreml quvvatlayotgan Karimov, Nazarboyevlar diktaturasiga qarshi turishdir. O’zbekiston allaqachon politsiya davlatiga aylanib bo’ldi, inson huquqlari himoya qilinmaydi. O’zbekistonda biron ommaviy norozilikni kutish mumkin emas, chunki odamlar qo’rqadi. Hamma tirikchilik bilan band, hayot kechirish juda og’ir. Bundan tashqari xalqni o’z orqasidan ergashtiradigan muxolifat ham yo’q. Ehtimol inqilobni Qozog’istonda kutish mumkindir, har holda ularda matbuot nisbatan erkin, mamlakat ichkarisida muxolifat ham bor”, - deya mulohaza yuritadi Shavkat Muhammad.

O’zbekistonda aholi orasida Ukraina voqealariga nisbatan munosabat turlicha. Ayrimlar Rossiya Qrimni tortib olganini yoqlaydi, Ukrainada millatchilik kuchaygan, ruslar keskin tazyiq ostida deb biladi. Jamoatchilik Ukrainadagi voqealar yuzasidan axborotni asosan Rossiya telekanallaridan oladi.

Shavkat Muhammad sheriklari bilan, Ukraina sharqi

Shavkat Muhammad sheriklari bilan, Ukraina sharqi

Shavkat Muhammad nazarida Rossiya ommaviy axborot vositalari O’zbekiston va qo’shni xalqlarning ongini zaharlamoqda. Odamlar Ukrainadagi haqiqatni bilmaydi. O’z milliy ozodligi uchun azaldan kurashib kelgan ukrainlar Moskva da’vo qilayotganidek millatchilar emas, deydi u. Aksariyat aholi Ukraina o’z taqdirini erkin belgilay olsin, deydi.

“Bizda ham avval yurt va xalq ozodligi uchun kurashgan ota-bobolarimiz bosmachilarga chiqarilgan edi. Ukrainada ham mamlakat ozodligi uchun avvaldan kurashib kelgan isyonchilar harakati (UPA), Banderachilar ham xuddi shunday taqdim etilgan”.

Ukraina inqilobi hukumatni yangiladi, Rosssiya Qrimni tortib oldi, mamlakat sharqida esa rossiyaparast ayirmachilar bilan qurolli to’qnashuv boshlandi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG