Nyu-Yorkda vatandoshlar ochgan pochta xizmatlari


Muhojir odamga tanish holat: uyga, vatanga sovg’a-salom jo’natib, vaqtida yetib borganini eshitib odam xursand bo’ladi. Kimdir yaqinlardan yuborsa, boshqalar pochta xizmatini tanlaydi. Nyu-Yorkda o’zbekistonlik muhojirlar ochgan mana shunday pochta xizmatlari ishlab turibdi.

Nyu-Yorkning Bruklin tumanida o’zbekistonlik muhojirlarning qadami uzilmaydigan bir idora bor. Xushmuomala pochtachi vatandosh qiz-yigitlar ishlaydi bu yerda. Xaridorning ko’ngli to’q.

“2011-yildan beri shu xizmatdan foydalanaman. Yangi yil kunlari pochta ushlanib qolgan paytlar bo’lgan, lekin kam bo’ladi bu holatlar.Har hafta pochta yuboraman. Uzoq paytdan beri shu kompaniya xizmatidan foydalanib kelganim uchun chegirmalar taklif qilishadi va chegirmalar yig’ilib borib, hatto mahsulotni bepul olib borib berishgan paytlar ham bo’lgan”, - deydi Jahongir Komilov.

“Besh yildan beri shu kompaniya xizmatlaridan foydalanamiz. Posilka vaqtida yetib boradi. Oldinlari bir kilogram yukni ham qanday jo’natish haqida bosh qotirar edik”, - deydi Svetlana Mejlumova.

2008-yilda ish boshlagan "Atlantic Export" kompaniyasini Roben Minosyan boshqaradi.

“Qo’shma Shtatlarga kelib vatandagi yaqinlarga posilka yuborish masalasida qiynaldik. U paytlarda bu sohada ishlovchi bir-ikki kompaniya bor edi, lekin ularning narxi qimmat, posilka manzilga juda uzoq payt, hatto uch oygacha borar, mahsulot aniq yetkazilishiga kafolat yo’q edi”, - deydi u.

Shu bois Ruben va do’sti Nyu-Yorkda o’zining kichik transport-pochta xizmatini yo’lga qo’ydi. Kichik biznes sifatida ro’yxatdan o’tishdi. Avvaliga oz-ozdan mahsulot jo’natishdi.

Vaqt o’tgani sari xizmatlar ko’lami oshdi. Odamlar internetdan tovar xarid qilib, so’ng uni Nyu-Yorkdagi idoraga yuborar, "Atlantic Export" esa uni O’zbekistonga yetkazadigan bo’ldi.

Xo’sh, odamlar ko’pincha nimalarni jo’natadi?

“Ko’pincha kiyim-bosh, poyafzal, shirinlik, o’quv qurollari va hatto isitgich ham yuborishgan hollar bo’lgan”, - deydi u.

Mahsulot yuborayotganda odamlar qanday xatolar qiladi?

“Xato demagan bo’lar edim. Mijozlar kelganida biz aviatsiya-xavfsizlik qoidalariga mos holda nima mumkin, nima mumkin emasligini tushuntiramiz. Yonadigan mahsulot, masalan, parfyumeriya shunga kiradi”, - deydi Ruben.

Pochta xizmatida band qiz-yigitlar o’zbekistonlik. O’zbek, ingliz va rus tillarini bilish xodimlarga qo’yiladigan muhim shartlardan.

“Chet davlatda yurgan o’zbekistonlik bizning ofisimizga kelib ona tilida gaplasha olsa, baribir bahri dili ochiladi”, - deydi Minosyan.

Atlantic Export pochtani eltishda bir necha aviakompaniya, asosan, O’zbekiston Havo Yo’llari bilan ishlaydi.

“Ishni endi boshlaganimida faqat shu hamkor bilan ishlar edik. Biznes kattalashgach, boshqa davlatlarga ham mahsulot eltish kerak bo’lib Yevropa, Rossiya, Amerika aviakompaniyalari bilan hamkorlikni yo’lga qo’ydik”, - deydi u.

Muammosiz ish bormi? Yo’q, albatta. Ayniqsa, kilolab yukni bir davlatdan ikkinchi davlatga yetkazishdek mas’uliyatli yumushda.

“Bugun aviatsiya xavfsizlik qoidalariga amal qilish nihoyatda muhim. Xodimlarimiz ham Amerika, ham O’zbekistonda qabul qilinayotgan yangi choralardan muntazam xabardor, ular doim mashqdan o’tib boradi. Bundan tashqari, bugun pochta sohasida band, bizga o’xshash 5-7 kompaniya bor. Ular bizning raqiblarimiz, yaxshi ishlashayapti. Oramizda qandaydir farqlar bor, albatta. Kimdir ustunroq, kimdadir arzonroq”, - deydi u.

Raqobat kuchli ekan, xo’sh, "Atlantic Export" yetishib yurish uchun nimalar qilayapti?

“Yaqindan beri kompaniyamiz mana bunday oddiy konvert-g’ilofga sig’adigan hujjatlarni O’zbekistonga, barcha viloyatlarga bepul yetkaza boshladi. Bu ham kliyentlarni jalb qilish uchun qilingan bir ish”, - deydi Ruben.

Pochta xizmatidan foydalanayotganlar, asosan, vatandosh muhojirlar. Amerikadagi hayotga ko’nikib ketgan, hayotdan o’z o’rnini topgan odamlar. Talabalar, politsiyachi, oshpaz, advokat bo’lib ishlayotgan yurtdoshlar bor.

Nima uchun boshqa shaharlarda, masalan, poytaxt Vashingtonda bo’limizngiz yo’q, deya so’raymiz.

“Faqat Nyu-Yorkda idoramiz bor. Avvaliga o’zbekistonlik muhojirlar ko’p har bir shtatda ofis ochish niyatimiz bor edi. Lekin keyin o’ylab qarasak, mijoz mahsulot jo’natish uchun albatta ofisimizga kelishi shart emas. Kliyent oddiy pochta orqali Nyu-Yorkdagi idoramizga mahsulotini yuboradi, internet yoki telefon orqali biz bilan gaplashib, deklaratsiyani to’ldiradi va biz bu yerda O’zbekistonga eltib beramiz”, - deydi u.

Yurtdoshlar boshlagan bizneslar ildamlayapti. O’zaro raqobat qilayapti. Tanlash esa mijozdan.

XS
SM
MD
LG