Breaking News

Hukumat yopilishi AQSh iqtisodiyotiga milliardlab dollarga tushdi


AQShda hukumat 16 kun ishdan to’xtab qolgani mamlakat iqtisodiyotiga milliardlab dollar ziyon yetkazdi. Byudjet qabul qilingani vaqtinchalik chora, tortishuvlar davom etmoqda.
Hukumat yopilishi AQSh iqtisodiyotiga milliardlab dollarga tushdi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00
Yuklab oling

Siyosiy krizisning iqtisodiyotga yetkazgan zarari endi-endi hisob-kitob qilinyapti. Taxminlar turlicha. “Standard & Poors” kredit agentligi xulosasiga ko’ra, hukumat yopilishi iqtisodni 24 milliard dollar daromaddan ayirdi va o’sishning beliga tepdi. Boshqa hisoblarga ko’ra esa ziyon miqdori 12 milliard dollar.

Prezident Obamaning ta’kidlashicha, byudjet, qarz va xarajatlar ustida janjallashib, iqtisod zarba ostiga qo’yilgani kechirib bo’lmas holat. Qaysi ekspertdan so’ramang, sizga shu gapni aytadi, deydi u.

Majburiy ta’tilda bo’lgan 800 ming federal xizmatchilarga har holda maoshlar to’lanadi. Lekin bizneslarchi? Kongressning aybi bilan ular quruq qolgan daromadni kim qaytaradi?

Mamlakat byudjetsiz qolgani tufayli parklar va muzeylar ikki haftadan beri yopiq edi. Natijada turistik kompaniyalar mijozsiz qoldi. Bizneslar va fermerlar hukumatdan kredit ololmay, yuqori foizli va qisqa muddatli zayomlar olishga majbur bo’ldi.

“JPMorgan Chase” sarmoya firmasi iqtisodchisi Jeyms Glassman fikricha, bizneslar zarar ko’rgani rost, ammo federal xizmatchilar uchun bu ta’tildan qaytgandek gap.

“Hukumat bilan yaqindan ishlaydigan kontraktor kompaniyalarning ishi to’xtab qoldi. Ammo mana ikki hafta o’tib, hammasi joy-joyiga tushayapti”, - deya izohlaydi u.

Kongressda ma’qullanib, prezident imzo chekkan qonun mamlakatni 15-yanvargacha moliya bilan ta’minlaydi. Shuningdek, AQSh 7-fevralga qadar qarz olishi mumkin. Xullas, kelishuv qisqa muddatli bo’lib, salkam uch oydan so’ng mashmasha qayta boshlanishi mumkin. Odamlar hamyonini ochishga qo’rqib qolgan.

Ekonomist Joel Prakkenning aytishicha, moliyaviy bo’hronlar Amerika boshqaruv tizimining ajralmas qismiga aylangani va natijada o’sish oqsayotgani haqiqat. Soliqlar va boshqa manbalardan tushadigan daromad hukumat xarajatlarini qoplay olmayotgani sabab AQSh qarz shiftini muntazam ravishda ko’tarib borishga majbur.

“Dolzarblashib borayotgan bu muammo qachon va qanday hal etiladi, bilmaymiz. 2009-yildan buyon shu mavhumlik…”, - deydi ekspert.

Byudjet ustidagi keskin tortishuvlar negizida yotgan bosh masala esa hukumatning jamiyatdagi roli, deydi Prakken. Respublikachi va demokratlar bu mavzuga tamoman boshqa-boshqa nuqtai nazardan qaraydi.
XS
SM
MD
LG