Sozanda Yo-Yo Ma: Eng bebaho ne'mat - madaniyat, murosa

  • Amerika Ovozi

Violonchel ustasi, BMTning tinchlik elchisi Yo-Yo Ma nazarida Ipak yo’lining eng qimmatli mahsuloti, aslida, madaniyat va o’zaro murosa edi.

Violonchel ustasi, BMTning tinchlik elchisi Yo-Yo Ma nazarida Ipak yo’lining eng qimmatli mahsuloti, aslida, madaniyat va o’zaro murosa edi.

Taniqli sozandalarni o’z ichiga olgan Ipak yo’li ansamli, 15 yildirki, sara kuylari bilan tomoshabinni mast qiladi. 31 nafar ustomon bu mashshoqlarga mashhur violonchelchi Yo-Yo Ma rahbar.

Ipak yo’li ansamblining ijodida ham mumtoz musiqa, ham zamonaviy kuylar bor. Bu qadim yo’lning o’tmishi va buguniga o’xshaydi.

Xitoydan Markaziy Osiyo orqali Yevropaga yetaklagan bu yo’ldan nimalar olib o’tilmagan! Ziravor, atir-upa, javohirot, shoyi-ipak matolar…

Violonchel ustasi, BMTning tinchlik elchisi Yo-Yo Ma nazarida Ipak yo’lining eng qimmatli mahsuloti, aslida, madaniyat va o’zaro murosa edi.

Yo-Yo Ma 20 davlatdan sozanda to’plab, ansambl tuzdi. Shu tariqa madaniyatlarni bog’lamoqchi.

“Kuy, san’at yordamida biz ellarni tutashtirmoqchi bo’ldik”, - deydi u.

Kristina Pato bolaligida volinkani qo’liga olganida, bu soz bilan butun dunyoni kezib chiqishini xayoliga keltirmagan edi.

“Hindistonlik Sandip Das, yaponiyalik Koji, eronlik Kehan bilan bir davrada kuy chalib, qanchalik o’xshash ekanimizni bilish maza. O’rtadagi farqlarni o’ylab ko’p boshimiz qotadi, vaqtimizni behuda sarflaymiz. O’xshash tomonlarimizni kashf qilganimda dunyoqarashim tubdan o’zgardi”, - deydi u.

Har bir mashshoq alohida mohir usta. Yo-Yo Ma ansambl a’zolari avval boshdan bir-biriga ishonishi uchun sharoit yaratdi. Ular kelishib ishlay oladi, ijodi sermahsul.

“Bir kishi o’rtaga fikr tashlaydi, hammamiz birgalashib ishlaymiz ustida. Kelasi safar boshqa madaniyat vakili qandaydir tashabbus bilan chiqadi, uni ham qo’llaymiz”, - deydi u.

Hindcha do’mbirani qiyadigan Sandip Das hamkasblaridan xursand.

“Musiqaga ixlosimiz baland, bir-birimizga hurmatimiz cheksiz. Ko’rinishimiz har xil bo’lgani bilan, mana shu ichki hislar har qanaqa zanjirdan mahkam”, - deydi Das.

Ipak yo’li sozandalari kichik davralarda ham, Xitoydagi paralimpik o’yinlarda ham xuddi shu o’y bilan qo’shiq chaladi.

“Har qanday madaniyat va xalq eng g’arib fuqaroga qilgan munosabati orqali o’zining haqiqiy yuzini namoyish etadi”, - deydi mashshoq.

Massachusets shtatida o’tadigan yozgi Tenglvud musiqa festivalida ansambl mezbon rolida chiqadi.

Yo-Yo Ma ansamblning bosh vazifalaridan biri – odamlarga bilim ulashish deb biladi. Sozandalar qaysi davlatda bo’lmasin, har bir chiqishdan keyin, mahalliy ustalar uchun mashqlar o’tkazishni hech kanda qilmaydi.

Amerikaning o’zida Ipak yo’li mashshoqlari konservatoriya va maktablarda darslar beradi.

Yo-Yo Maning aytishicha, san’at odamni o’z qobig’idan chiqishga, ochilishga yordam beradi.

“Mana shu xohishni qizdirib turadigan kuch bo’lishini istardik. Odam har yerda o’z uyiday his qilishi mumkin o’zini. Musiqa bor joy sizga uy, panoh bo’lishi mumkin”, - deydi taniqli sozanda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG